Maktabdagi sinfda necha nafar o‘quvchi bo‘lishi kerak?
Xalq ta'limi, moliya va sog‘liqni saqlash vazirliklarining qarori bilan Umumta'lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizom Prezidentning 30.12.2019 yildagi «O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4555-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
Norma’ning yozishicha, umumta'lim muassasalarining sinflari o‘quvchilar sonidan kelib chiqib, quyidagi me'yorlar asosida komplektlanadi:
shahar hududi va tuman markazlarida – 25–35 nafargacha;
qishloq hududlarida – 20–35 nafargacha (olis (tog‘li, cho‘lli) hududlarda joylashgan umumta'lim muassasalari bundan mustasno).
O‘quvchilar soni mazkur me'yorlardan kam bo‘lgan hollarda umumta'lim muassasasi tuman (shahar) xalq ta'limi va moliya bo‘limlari bilan kelishgan holda sinflarni komplektlaydi.
Nizomda ixtisoslashtirilgan umumta'lim muassasalaridagi sinflarni komplektlashga asos bo‘ladigan normativ hujjatlar ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Kam komplektli umumta'lim muassasalarida (filiallarda) boshlang‘ich sinf o‘quvchilari quyidagi hollarda bitta sinfga birlashtirilishi mumkin:
o‘quvchilar soni 8 nafargacha bo‘lgan I–IV sinflar;
o‘quvchilar soni 12 nafargacha bo‘lgan uchta boshlang‘ich sinf;
o‘quvchilar soni 24 nafargacha bo‘lgan ikkita boshlang‘ich sinf (I va III, II va IV sinflar).
Umumta'lim muassasalari har yili 30 avgustga qadar ta'lim olayotgan hamda birinchi sinfga qabul qilinayotgan o‘quvchilarning noma-nom ro‘yxatini shakllantiradi. Ular elektron dastur orqali ma'lumotlarni tegishliligi bo‘yicha hududiy xalq ta'limi bo‘linmalari va moliya organlariga ko‘rib chiqish uchun yuboradi. Nizomda hududiy xalq ta'limi bo‘linmalari va moliya organlari taqdim etilgan ma'lumotlarni ko‘rib chiqishiga asos bo‘ladigan mezonlar sanab o‘tilgan, shuningdek sinflar komplektini tasdiqlash tartibi belgilangan. Tegishli moliya yili uchun tuzilgan xarajatlar smetasida ko‘zda tutilgan sinflar sonidan ortiq yangi sinflar hududiy xalq ta'limi bo‘linmalari va moliya organlari bilan kelishilgan holda tashkil etiladi.
Xalq ta'limi vazirligi tomonidan tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish uchun umumiy o‘rta ta'limning tayanch o‘quv rejasi ishlab chiqiladi. Umumta'lim muassasalari umumiy o‘rta ta'limning tayanch o‘quv rejasi asosida har yili 10 sentyabrga qadar o‘z muassasasining dars soatlari setkasini shakllantiradi.
Dars soatlari setkasi umumta'lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida ko‘rib chiqilib, 15 sentyabrga qadar Nizomda keltirilgan ko‘rsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida o‘qituvchilarga taqsimlanadi. Umumta'lim muassasalarining o‘qituvchilariga yillik bir yarim stavkadan (yillik 2 322 soat) ortiq dars soatlari belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nizomda umumta'lim muassasalari o‘qituvchilarining tarifikatsiya ro‘yxatini shakllantirish uchun zarur bo‘lgan boshqa qoida va talablar ham qayd etilgan.
Hujjat 30.06.2020 yildan kuchga kirgan.
Mavzuga oid
12:10 / 24.10.2024
O‘quvchilar ota-onalari qaysi mahsulot iste’moliga ruxsat bermasligi aytildi
12:58 / 17.10.2024
Sirdaryoda 1-sinf o‘quvchisi igna sanchish bilan jazolanayotgani aytilmoqda
12:10 / 10.10.2024
200 ming so‘mlik ijara va uch o‘lim: Namangandagi maktab o‘quvchisi sodir etgan ayanchli avtohalokat tafsilotlari
16:52 / 02.10.2024