Jahon | 00:35 / 06.08.2020
7038
2 daqiqa o‘qiladi

Tayvan aviakompaniyalari yo‘lovchilarga ularni hech qayerga yetkazmaydigan reyslarni taklif qilmoqda

Tayvan aviakompaniyalari sayohatlar va parvozlarni sog‘inganlarga ularni hech qayerga yetkazmaydigan, biroq qo‘nishni amalga oshirmagan holda qo‘shni davlatlar ustidan “sayr qildiruvchi” reyslarga chipta taklif qilmoqda. Bunday taklif juda talabgir bo‘lmoqda.

Foto: STARLUX-AIRLINES.COM

Shunday reyslardan birini amalga oshirayotgan StarLux Airlines kompaniyasida ma'lum qilinishicha, 4 avgustda “bemanzil” reysga chiptalar sotuvga chiqarilishi bilanoq kompaniyaning A-321neo samolyoti bortidagi barcha 188 o‘rin 5 daqiqa ichida sotib bo‘lingan.

Samolyot 7 avgustda havoga ko‘tarilib, Tayvanning sharqiy sohillari ustidan uchib o‘tadi. So‘ngra u Filippin tomon yo‘nalib, bajargan yo‘nalishi bilan yana ortga qaytadi. Parvoz vaqtida yo‘lovchilarga Mishlen yulduziga ega restoranning bosh oshpazi tomonidan tayyorlangan taomlar taklif qilinadi.

Soat 11dan 14gacha davom etadigan parvoz narxi ekonom-sinfdagi joy uchun 4688 Tayvan dollari (160 dollar) turadi. Biznes-sinfdagi joy esa Westin Tashee Resort mehmonxonasida 2 kun turish bilan 2 kishiga 20888 Tayvan dollariga (711 dollar) tushadi.

Aviakompaniya talab yuqori bo‘layotgani sababli yaqin orada shunday turdan yana bittasini amalga oshirmoqchi. 

Bundan tashqari, Tayvanning yana bir aviakompaniyasi EVA Air Tayvanda 8 avgustda nishonlanadigan otalar kuniga bag‘ishlangan maxsus reysga barcha 309 ta chiptani sotib bo‘ldi. Reysni amalga oshiruvchi samolyot Tayvanning shimoli-sharqiy qismidan uchib o‘tib, Ryukyu yapon oroliga yaqinlashadi va so‘ngra ortga qaytadi. 

Mavzuga oid