Jahon | 23:17 / 07.06.2026
455
2 daqiqa o‘qiladi

Aviakompaniyalar Erondagi urush sababli 100 mlrd dollar yo‘qotadi - hisobot

O‘tgan yili aviakompaniyalar yonilg‘i uchun 252 mlrd dollar sarflagan bo‘lsa, assotsiatsiya prognozlariga ko‘ra, joriy yilda bu xarajatlar 40 foizga oshib, 350 mlrd dollarga yetadi.

Foto: Charly TRIBALLEAU / AFP

Erondagi urush sababli jahon aviakompaniyalarining yonilg‘i narxlari oshishi bilan bog‘liq qo‘shimcha xarajatlari qariyb 100 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) tomonidan e’lon qilingan hisobotda ma’lum qilindi.

O‘tgan yili aviakompaniyalar yonilg‘i uchun 252 mlrd dollar sarflagan bo‘lsa, assotsiatsiya prognozlariga ko‘ra, joriy yilda bu xarajatlar 40 foizga oshib, 350 mlrd dollarga yetadi.

Yonilg‘i xarajatlarining oshishi aviakompaniyalar foydasining sezilarli darajada kamayishiga olib keladi. IATA 2026 yilda ularning umumiy foydasi 23 mlrd dollar atrofida bo‘lishini taxmin qilmoqda. Bu 2025 yildagi ko‘rsatkichdan (41 mlrd dollar) hamda joriy yil uchun avval qilingan prognozlardan (45 mlrd dollar) qariyb ikki barobarga kamdir. Umumiy tushum 9,4 foizga oshib, 1,17 trln dollarga yetishi kutilmoqda, ammo bu yonilg‘i narxlarining qimmatlashishini qoplay olmaydi.

«Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq aviaqatnovlardagi uzilishlar va yonilg‘i narxlarining oshishi aviakompaniyalar uchun prognozlarni yomonlashtirdi», — dedi IATA rahbari Uilli Uolsh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur vaziyat bozorning barcha ishtirokchilariga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, ammo eng ko‘p zararni Yaqin Sharq mamlakatlari tashuvchilari va kichik aviakompaniyalar ko‘rmoqda.

 

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid