Ehtiyojmand fuqaro qayerda doimiy ro‘yxatga olinganidan qat'i nazar, hozir yashab turgan manzilida yordam olishi mumkin - vazirlik
Homiylik yordamlari unga muhtoj fuqaroning ayni vaqtda yashab turgan manziliga yetkazib beriladi, ya'ni bunda fuqaro qayerda doimiy ro‘yxatda turishi muhim emas.
10 avgust kuni AOKA binosida o‘tkazilgan brifingda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva shu haqda eslatib o‘tdi.
«Men Samarqand viloyatida doimiy ro‘yxatda turaman. Hozirda Toshkent shahrida ijarada yashab kelyapman. Karantin munosabati bilan hozir hech qayerda ishlamayapman. Men ham Toshkent shahridagi Homiylik markazidan oziq-ovqat yordami olsam bo‘ladimi? Pul mablag‘lari-chi?» – deya aholidan kelib tushgan savolga vazirlik rasmiysi quyidagicha javob berdi.
«Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi Homiylik xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlari faoliyatida bu kabi holatlar juda ko‘p uchraydi.
Mavjud amaliyotga ko‘ra, homiylik yordamlari fuqaroning ayni vaqtda yashab turgan manziliga yetkazib beriladi. Ya'ni siz ma'lum bir joyda doimiy ro‘yxatda turishingiz yoki turmasligingizdan qat'i nazar, yordamlar hozirda yashab turgan uy manzilingizga yuboriladi», – dedi Saodat Boymirzayeva 10 avgust kungi brifingda.
Vazirlik vakili fuqarolar homiylik mahsulotlarini olishi uchun nima qilishi kerakligi borasida ham ma'lumot berib o‘tdi.
«Buning uchun avvalo yashab turgan hududingizdagi fuqarolar yig‘iniga murojaat qilish tavsiya etiladi. Shuningdek, mamlakatimiz miqyosida yagona hisoblanuvchi 1197 qisqa raqamlari hamda har bir hududdagi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining koll-markazlariga telefon orqali murojaat qilasiz.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligida ham aholiga yanada qulaylik yaratish, homiylik mahsulotlarini aholiga yetkazish, bu borada aholi murojaatlarini qabul qilish maqsadida ishonch telefonlari faoliyat yuritmoqda. +(99871) 203-01-21 raqamli mazkur telefon raqamlariga har kuni 9:00 dan 17:00 ga qadar qo‘ng‘iroq qilib murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin.
Keltirib o‘tilgan yo‘nalishlar bo‘yicha sizning har bir murojaatingiz qat'iy nazoratga olinadi hamda uy manzilingizga zarur xayriya mahsulotlari yetkazib beriladi.
Homiylik pul mablag‘larini aholiga yetkazish O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi, fondning hududiy bo‘linmalari huzurida tashkil etilgan «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi», – deya Saodat Boymirzayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
20:26 / 26.07.2024
Mehnat migrantlari oilalariga moddiy yordam ajratiladi - asosiy savollarga javoblar
09:50 / 13.06.2024
Bolalar nafaqasi va moddiy yordamni olish uchun onlayn ariza berish mumkin bo‘ldi
11:10 / 15.11.2023
“Kartoshka puli”: u kimlarga va qanday asos bo‘yicha beriladi?
17:49 / 03.11.2023