O‘zbekiston | 11:48 / 11.08.2020
6034
10 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasining asosiy vazifalari ochiqlandi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshqaruv va ishlab chiqarish xodimlarining cheklangan soni 215 nafar etib belgilanadi, bunda:

  • 178 nafari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi tizimi hisobidan;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi obektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hisobidagi boshqaruv xodimlarining 24 nafari va ishlab chiqarish xodimlarining 13 nafari hisobidan to‘ldiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘iga quyidagi huquqlar beriladi:

  • zarur hollarda, Inspeksiya markaziy apparati, shuningdek, hududiy bo‘linmalar tuzilmalariga xodimlarning belgilangan cheklangan soni hamda mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirish kiritish;
  • Inspeksiyaga yuklangan vazifalar ijrosini ta'minlash doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy-ta'lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini ekspert sifatida jalb qilish.

Quyidagilar Inspeksiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • suv omborlari va sel-suv omborlari, shuningdek, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan obektlar jumlasiga kiruvchi gidrotexnika inshootlari texnik holatining ishonchliligi hamda ularning bexatar ishlashini nazorat qilish;
  • suv omborlari va sel-suv omborlari, shuningdek, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan obektlar jumlasiga kiruvchi gidrotexnika inshootlarining loyihalashtirilishi, qurilishi, foydalanishga qabul qilinishi, ishlatilishi, rekonstruksiya qilinishi, ta'mirlanishi, konservatsiyalanishi va tugatilishida ishtirok etish;
  • suv omborlari va sel-suv omborlari, shuningdek, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan obektlar jumlasiga kiruvchi gidrotexnika inshootlarining ishonchli qo‘riqlanishining tashkil etilishini nazorat qilish;
  • sun'iy suv obektlarida suvning oqilona boshqarilishi, suvdan foydalanish va suv iste'moli qoidalari (tartibi)ga rioya etilishi ustidan nazorat qilish;
  • suv xo‘jaligi sohasidagi huquqbuzarliklarni aniqlash, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish choralarini ko‘rish borasida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish.

Belgilanishicha:

a) Inspeksiya:

  • qayta tashkil etilayotgan Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi obektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining sun'iy suv obektlarida nazoratni ta'minlashga oid huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boshqarmasi hamda uning hududiy tizimlari, shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Katta va alohida muhim suv xo‘jaligi obektlarining texnik holatini hamda bexatar ishlashini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mavjud shtat birligi va moddiy-texnik bazasi bilan to‘liq, mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish tartibi bilan o‘tkaziladi;

b) Inspeksiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod etiladigan boshliq boshqaradi;

v) Inspeksiya boshlig‘i mehnatga haq to‘lash, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha vazirga, Inspeksiya boshlig‘i o‘rinbosarlari – vazir o‘rinbosariga tenglashtiriladi;

g) Inspeksiya bevosita O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobdordir;

d) Inspeksiya O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hamda qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.

Inspeksiya O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Energetika vazirligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda tasarrufida suv omborlar va sel-suv omborlari, gidrouzellar, nasos stansiyalar va boshqa suv xo‘jaligi obektlari bo‘lgan tashkilotlar bilan birgalikda ikki oy muddatda:

  • idoraviy bo‘ysunuvidan qat'iy nazar barcha suv omborlar va sel-suv omborlari, gidrouzellar, nasos stansiyalar va boshqa suv xo‘jaligi obektlarini xatlovdan o‘tkazadi;
  • suv omborlar va sel-suv omborlari, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan gidrouzellar, nasos stansiyalar va boshqa suv xo‘jaligi obektlari ro‘yxatini shakllantiradi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi, “O‘zbekgidroenergo” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari hamda tasarrufida suv omborlar va sel-suv omborlari, gidrouzellar, nasos stansiyalar va boshqa suv xo‘jaligi obektlari bo‘lgan tashkilotlar:

  • obektlarda favqulodda vaziyatlarga yo‘l qo‘ymaslik borasida muntazam ravishda profilaktik tadbirlarning o‘tkazilishini, tahdidlar va ularning kelib chiqish omillarining oldindan aniqlanishi va bartaraf etish choralari ko‘rilishini, tahdidlar va xavfdan aholini ogohlantirish, xabar berish mahalliy tizimlari yaratilishini ta'minlaydilar;
  • suv xo‘jaligi obektlarini loyihalash, qurish, foydalanishga topshirish, foydalanish, rekonstruksiya qilish, ta'mirlash-tiklash, konservatsiyalash, foydalanishdan chiqarish va tugatish davrida ularning xavfsizlik me'yor va qoidalariga qat'iy rioya etilishini ta'minlaydilar;
  • har bir suv xo‘jaligi obektini loyiha-smeta hujjatlari, foydalanish qoidalari va yo‘riqnomalari, xavfsizlik deklaratsiyalari, pasportlari va kadastr hujjatlari bilan ta'minlash, shuningdek, texnik xavfsizligi va bexatar ishlashi yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqib, ijrosini nazoratga oladilar;
  • suv xo‘jaligi obektlarida zarur bo‘lgan avariya moddiy-texnika zaxiralarini yaratadilar;
  • suv xo‘jaligi obektlarining texnik holati hamda ularga tabiiy va texnogen omillar ta'siri ustidan nazorat (monitoring)ni kuchaytiradilar.

Inspeksiya huzurida suv xo‘jaligi obektlarining xavfsizligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Suv xo‘jaligi vazirligi va boshqa vakolatli idoralarning rahbarlari yoki mas'ul o‘rinbosarlaridan iborat yangilangan tarkibda Ekspert kengashi tashkil etiladi.

Quyidagilar Ekspert kengashining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligi bo‘yicha idoralararo samarali hamkorlikni ta'minlash;
  • suv xo‘jaligi obektlaridan xavfsiz foydalanish va ularning ishonchli ishlashi bo‘yicha ustuvor masalalarni ko‘rib chiqish;
  • suv xo‘jaligi obektlarining barqaror va bexatar ishlashi uchun ularni rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni amalga oshirish yuzasidan tavsiya berish;
  • suv xo‘jaligi obektlarining xavfsizlik deklaratsiyasi ekspertizasi natijalari bo‘yicha qarorlar qabul qilish.

Ekspert kengashining o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha qarorlari barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, jamoat birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ijro etilishi majburiyligi belgilab qo‘yiladi.

Belgilab qo‘yilishicha, suv xo‘jaligi obektlarining xavfsizligini ta'minlash orqali aholining hayoti, sog‘ligi va qonuniy manfaatlarini, atrof tabiiy muhit va xo‘jalik obektlarini ishonchli muhofaza qilish maqsadida Inspeksiya xodimlari quyidagi huquqlarga ega:

  • Inspeksiya tomonidan nazorat qilinadigan suv xo‘jaligi obektlarida inspektorlik tekshiruvlarini o‘tkazish;
  • Inspeksiya tomonidan nazorat qilinadigan suv omborlari va sel-suv omborlari, shuningdek, xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan obektlar jumlasiga kiruvchi gidrotexnika inshootlariga moneliksiz kirish, mazkur suv xo‘jaligi obektlarining bexatarligi va texnik nazoratini tashkil etish masalalariga hamda ularga suv muhofaza zonasi va sohilbo‘yi mintaqasi o‘rnatilganligiga doir materiallar bilan tanishish;
  • Inspeksiya tomonidan nazorat qilinadigan suv xo‘jaligi obektlari texnik holatining ishonchliligi, ulardan foydalanish va bexatarligini ta'minlash ishlarida hamda suvdan foydalanish va suv iste'molida aniqlangan qoida buzishlarni, shuningdek, ularning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida tegishli vazirliklar, idoralar, tashkilotlar va korxonalarga bajarilishi shart bo‘lgan taqdimnoma hamda ko‘rsatmalar kiritish;
  • Inspeksiya tomonidan nazorat qilinadigan suv xo‘jaligi obektlaridan foydalanuvchi tashkilotlar rahbarlari va xavfsizlik talablari uchun mas'ul bo‘lgan rahbar-mutaxassislarning malakalari nazoratini olib borish, ularni yaxshilash bo‘yicha tegishli ravishda yuqori turuvchi idoralarga takliflar kiritish.

Inspeksiya Toshkent shahri Shayxontohur tumani Turkqo‘rg‘on ko‘chasi 26-uy manzilida, Inspeksiyaning hududiy boshqarmalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar boshqarmalari binolariga bepul foydalanish huquqi bilan joylashtiriladi.

Mavzuga oid