O‘zbekiston | 22:56 / 12.08.2020
9067
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston aholisining deyarli yarmi ijtimoiy himoya bilan ta'minlanmagan - xalqaro tashkilotlar hisoboti

Xalqaro mehnat tashkiloti, YUNISEF va Jahon bankining O‘zbekistondagi ijtimoiy himoya tizimini baholash bo‘yicha qo‘shma hisoboti e'lon qilindi.

149 sahifalik hisobotda aytilishicha, O‘zbekiston Sovet Ittifoqidan bandlikni ta'minlash, bolalar parvarishini qo‘llab-quvvatlash va qarilikda kafolatli daromadni ta'minlash tamoyillariga asoslangan keng qamrovli ijtimoiy himoya tizimini meros qilib olgan bo‘lsa-da, hozirgi kunga kelib, mamlakatda ijtimoiy himoyaning rasmiy ta'rifi qabul qilinmagan.

Shuningdek, ijtimoiy himoya dasturlarini ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va boshqarish bo‘yicha ixtisoslashgan muassasa mavjud emas.

«Ijtimoiy himoya funksiyalari turli vazirliklar va muassasalarga taqsimlangan va ushbu vazirliklar va muassasalarning hech biri butun tizimni to‘laqonli qamrab olmaydi va shuning uchun ijtimoiy himoya bo‘yicha turli dasturlarni o‘zaro muvofiqlashtirishga javobgar emas.

Misol uchun, Moliya vazirligi Pensiya jamg‘armasi pensiya taqsimoti uchun javobgar va ijtimoiy yordam dasturlari xarajatlarini nazorat qiladi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bandlik va mehnat bozorining faollashtirish dasturlari uchun javobgar bo‘lib, ijtimoiy himoya sohasida umumiy siyosatni belgilash vakolatiga ega. Sog‘liqni saqlash vazirligi sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq dasturlarni amalga oshiradi, keksalar va nogironlarga xizmat ko‘rsatadi. Xalq ta'limi vazirligi esa kam ta'minlangan oilalarning farzandlarini turli buyumlar bilan ta'minlash maqsadida bir necha kichik dasturlarni amalga oshiradi.

Har bir muassasada vertikal tashkiliy tuzilma mavjud bo‘lsa-da, ular orasidagi idoralararo hamkorlik sust va buning natijasida turli ijtimoiy himoya dasturlari orasida gorizontal aloqalar shakllanmagan. Bunday institutsional tarqoqlik natijasida O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini integratsiyalashga karatilgan harakatlarni amalga oshirish ancha mushkuldir.

Bunday holat jiddiy tashvish tug‘dirishi tabiiy, chunki xalqaro tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki alohida bir dasturni kuchaytirish butun tizim yoki ijtimoiy yordam oluvchilar nuqtayi nazaridan optimal bo‘lmasligi mumkin va bunda butun tizimni kompleks isloh etish talab etiladi», deyiladi hisobotda.

Hisobotda mamlakat ijtimoiy himoya tizimi bilan bog‘liq quyidagi muammolar sanab o‘tilgan:

– O‘zbekistonda ijtimoiy sug‘urta, ijtimoiy yordam va mehnat bozorini faollashtirish dasturlaridan iborat bo‘lgan, nisbatan aniq shakllantirilgan va keng qamrovli ijtimoiy himoya tizimi mavjud, ammo umumiy aholining deyarli yarmi va kam ta'minlangan oilalarning uchdan bir qismi ijtimoiy himoya dasturlari bilan ta'minlanmagan͘.

– 2018 yilda O‘zbekistonda ijtimoiy himoya xarajatlari yalpi ichki mahsulotning 6 foizini tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich Yevropa hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi ijtimoiy himoya sarmoyalarining o‘rtacha darajasidan ancha past.

– Aholining ko‘p qismi haligacha ijtimoiy ta'minotga erisha olgani yo‘q: band aholining qariyb 60 foizi norasmiy sektorda bo‘lib, badal to‘lashni nazarda tutuvchi ijtimoiy sug‘urta dasturlarida qatnashmaydi.

– Ijtimoiy yordam dasturlari yetarlicha qamrovga ega emas. Masalan, ilgari bolalar nafaqalari barcha bolali oilalarga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kunda ular faqat kam ta'minlangan oilalarga yo‘naltiriladi.

– Kam ta'minlangan oilalarning aksariyati nafaqalarni tayinlashning juda qat'iy talablariga javob bersalar ham, ko‘p holatlarda nafaqalarni turli sabablarga ko‘ra olish imkoniyatiga ega emas.

– Hozirgi kunda mehnat bozorini faollashtirish dasturlarining aholini qamrash darajasi cheklangan bo‘lib, ular asosan jamoatchilik ishlari, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘rgatish va o‘qitish dasturlaridan iborat. So‘nggi paytda bandlikni qo‘llab-quvvatlovchi faol va passiv dasturlar uchun davlat xarajatlari oshgan bo‘lsa-da, qamrov sezilarli darajada pastligicha qolmoqda.

Fuqarolar hisobot natijalari bilan tanishib, quyidagi havola orqali o‘z fikr-mulohazalarini qoldirishi mumkin. Fikr va takliflar tahlil qilinib, tegishli vazirlik, idoralar, xalqaro tashkilotlarga taqdim etilishi ma'lum qilingan.

Mavzuga oid