Jamiyat | 21:31 / 12.08.2020
4362
4 daqiqa o‘qiladi

Qizlarning ta'lim olishi, favqulodda vaziyatlarda himoya. O‘zbek yoshlari xalqaro konvensiya uchun takliflar berishdi

Bugun, 12 avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusidagi Samarqand forumida Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya loyihasi ekspertlar va yoshlar vakillarining muhokama markazida bo‘ldi.

O‘zbek yoshlari vakillari ham mazkur konvensiyani takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirishdi.

Jamshid Boboyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi:

– Barcha davlatlar yoshlarga ko‘proq e'tibor berishi, ayniqsa, pandemiya davrida ularni qo‘llab-quvvatlashi zarur. Yoshlar orasida o‘lim darajasini qisqartirish, homiladorlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga jiddiy e'tibor qaratish lozim. Yoshlarning salomatligini, jumladan, ularning to‘g‘ri oziqlanishi, sport inshootlaridan samarali foydalana olishini ta'minlash majburiyatlarini davlatlar o‘z zimmasiga olsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Sevara Mahmudova, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar parlamenti a'zosi:

– Yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiya loyihasiga yoshlarning ta'lim olish huquqi to‘g‘risida yangi moddani qo‘shish kerak, deb hisoblayman. Xususan, qizlarning ta'lim olishi alohida e'tibor talab qiladi.

Zero, ta'lim olish huquqi butun dunyo yoshlari uchun eng ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan huquqlardan biridir.

A.Daniyarov, Yoshlar agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarma boshlig‘i:

– Yoshlarning uyushish va tinch namoyishlar o‘tkazish huquqini konvensiyaga alohida modda sifatida kiritish taklifini bermoqchimiz. Yoshlarning har bir vakili boshqalar bilan uyushish, shu jumladan, kasaba uyushmalarini tashkil etish, turli millat va etnik vakillar, migrantlar, aholining alohida qatlamlari huquqlarini himoya qilish maqsadida tashkilotlarga a'zo bo‘lish huquqiga ega bo‘lishi kerakligi mustahkamlab qo‘yilishi lozim.

Dilnoza Qosimova, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani kengashi deputati:

– Yoshlarni favqulodda holatlar sharoitlarida, qurolli mojarolar davrida himoya qilish huquqini ifodalovchi moddani konvensiyaga qo‘shishni taklif qilmoqchiman. Qurolli mojarolarda, harbiy operatsiyalarda ishtirok etayotgan davlatlar yoshlarni urushning vayronkor oqibatlaridan himoyalash, xavfsizligini ta'minlash uchun choralar ko‘rishi lozimligi, ularning qiynoqqa solinishi va ta'qib qilinishi kabilarga yo‘l qo‘ymasligi kerakligi, favqulodda vaziyatlar, qonli mojarolar sharoitida yoshlar qiyin vaziyatda qolmasligi, boshpana, tibbiy yordam, ovqat va boshqa ajralmas huquqlaridan mahrum bo‘lmasliklari kerakligi bu moddada o‘z aksini topishi kerak, degan fikrdaman.

Forum davomida Shotlandiya, Tojikiston, Armaniston, Hindiston va boshqa davlatlar vakillari ham konvensiya moddalari bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirishdi.

Eslatib o‘tamiz, 12-13 avgust kunlari inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi «Yoshlar-2020: global hamjihatlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari» mavzusida bo‘lib o‘tadi. Forumning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi loyihasini muhokama qilishdir.

Mavzuga oid