O‘zbekiston | 07:33 / 14.08.2020
19264
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda bosh vazir rahbarligi ostida yangi kengash tashkil etiladi

2020-2035 yillarda yagona suv balansini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlanadi.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasining 2020-2035 yillarda yagona suv balansini rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida suv siyosati, suv bilan bog‘liq qonunchilik qarorlarini belgilash va suv resurslarini boshqarishda vazirlik va idoralar tomonidan muvofiqlashtiruvchi davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining bevosita rahbarligi ostida Milliy suv kengashi tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy suv kengash tarkibida tegishli institutlar bilan birga quyidagi beshta darajani o‘z ichiga olgan yagona suv balansini boshqarish tizimini ko‘zda tutiladi:

Davlatlararo - Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi, davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv komissiyasi va h.k;

Mintaqaviy - “Sirdaryo” va “Amudaryo” basseyn suv xo‘jalik tashkilotlari va h.k;

Milliy – davlatning asosiy suv idoralari;

Milliy basseyn - davlatning basseyn suv xo‘jalik boshqarmalari (sug‘orish va h.k);

Hududiy – viloyat (tuman) suv xo‘jaliklari, suv iste'molchilari, suvdan foydalanuvchilari.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy suv kengashning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • yagona davlat suv siyosati bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etish;
  • suv qonunchiligini tayyorlash va amalga oshirish, suv resurslari va daryolar havzalarini boshqarish, suvni muhofaza qilish va suvdan barqaror foydalanish bo‘yicha Milliy rejani ishlab chiqish;
  • suv resurslarini boshqarish sohasida davlat siyosatini amalga oshirilishini ta'minlash;
  • suv resurslari va oqava suv infratuzilmasini rekonstruksiya qilish, qurish va rivojlantirish bo‘yicha davlat loyihalarini kelishish va tasdiqlash;
  • suv ta'minoti va suv chiqarish sohasida davlat dasturlarining (strategiyalar, konsepsiyalar va h.k) amalga oshirilishini ta'minlash, ularni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini nazorat qilish va boshqarish;
  • davlatning suv resurslarini boshqarishga mas'ul vazirlik va idoralar tomonidan me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini sifatli va o‘z vaqtida tayyorlanishi, shuningdek, ularning to‘liq ijro etilishi ustidan nazoratni ta'minlash;
  • toza ichimlik suvining strategik zaxiralarini, shu jumladan katta hajmdagi zaxira suv manbalarini barpo etishni tashkil qilish;
  • suv ta'minoti va suv chiqarish sohasida zamonaviy innovatsion texnologiyalarni, jumladan, suvning miqdori va sifatini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni muvofiqlashtirish, ularning suv balansini shakllantirish, respublikaning yagona davlat suv fondi suvlari sifati va xavfsizligini monitoring qilish yagona suv ta'minoti tizimiga integratsiyalashuvini ta'minlash;

O‘zbekistonning suv manfaatlarini barcha xalqaro tashkilotlar va jamoaviy organlarida taqdim etish.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy suv kengashi hukumat tomonidan qo‘yilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish uchun davlat suv resurslarini boshqarish, sifati va xavfsizligini monitoring qilish uchun mas'ul vazirlik va idoralar mutaxassislari orasidan ishchi guruhlarini tuzish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy suv kengashining Kotibiyatini vakolatli davlat organi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi etib belgilanadi va unga quyidagi vazifalar yuklatiladi:

suv balansining yagona axborot tizimini yaratgan holda Yagona davlat suv fondi suvlarining miqdoriy va sifat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida vakolatli organlar va tashkilotlarning ma'lumotlarini to‘plash, umumlashtirish va tizimlashtirish orqali respublikaning yagona suv balansini shakllantirishni tashkil etish;

suvni hisobga olishning holati, uning xavfsizligi va sifatini ta'minlash to‘g‘risida vakolatli organlar va tashkilotlar tomonidan taqdim etilayotgan ma'lumotlarning ishonchliligi monitoringini o‘tkazish, zarur bo‘lganda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ishlab chiqish;

Strategiyaning to‘liq, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish hamda belgilangan indikatorlarga erishish ustidan doimiy monitoring olib borish;

zaruriyatga ko‘ra yoki Milliy suv kengashi ko‘rsatmasiga binoan xalqaro moliyaviy tashkilotlarning, chet el davlatlarining va boshqa donorlarning grant mablag‘lari, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ish haqi to‘lashni belgilagan holda strategiyaning har bir asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha malakali mutaxassislar, jumladan, xorijiy ekspertlardan iborat doimiy ishlovchi ishchi guruhlarini tashkil etish;

Strategiyani amalga oshirish bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot taqdim etib borish.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va Qishloq xo‘jaligi vazirliklariga strategiyada belgilangan vazifa va tadbirlarni amalga oshirish orqali 2035 yilga qadar quyidagi ko‘rsatkichlarga erishishni ta'minlaydi:

  • kanalizatsiya bilan ta'minlanganlik darajasini 90 foizgacha yetkazish;
  • sifatli ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasini 100 gacha yetkazish;
  • 60 foiz tarmoqlarni (sohalarni) oqava suvni zamonaviy tozalash texnologiyalaridan foydalanishga o‘tkazish;
  • qishloq xo‘jaligini suv tejovchi texnologiyalar bilan qamrab olishni oshirish, maqsadli ko‘rsatkich jami qishloq xo‘jaligidagi 30 foiz maydonlar.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid