Gretsiya va Turkiya munosabatlari yaxshi bo‘lmasa-da, bu davlatlar Shimoliy-Atlantik alyans tarkibidagi ittifoqchilar hisoblanadi.

Turkiya va Gretsiya qarama-qarshiligi shu haftada O‘rta yer dengizi hududida ikki davlat harbiy kemalari to‘qnashgach, yanada keskinlashdi. Gretsiya bu hodisani tasodif deb atamoqda, Turkiya - esa oldindan rejalashtirgan provokatsiya sifatida baholamoqda.

Yevropa yetakchilari tomonlarni vaziyatni keskinlashtirishdan tiyilishga chaqirmoqda.

Gretsiya Turkiyaga nisbatan sanksiya qo‘llanishini so‘ragan, YeIning boshqa davlatlari muzokaralarni afzal ko‘rmoqda. Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan yig‘ilish ishtirokchilari avgust oyi oxiridagi YeI sammitida Sharqiy O‘rta yer dengizi masalasiga qaytish bo‘yicha kelishib olishgan.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Shveytsariya bahsni hal qilishda vositachi bo‘lishga tayyorligini ma'lum qildi, bu Afinani ham, Anqarani ham qanoatlantiradi.

Turkiya va Gretsiya munosabatlaridagi bu keskinlik Yevropaning boshqa davlatlariga ham ta'sir qiladi.

Turkiya juma kuni bir necha marta Fransiyani harbiy kuch bilan bosim o‘tkazishga urinishda aybladi.

«Fransiya ziddiyatni kuchaytirishi mumkin bo‘lgan qadamlardan tiyilgani ma'qul. Muskullarni ko‘rsatish bilan ular hech narsaga erisha olishmaydi. Na Liviyada, na Suriyada, na Iroqda va na O‘rta yer dengizida», dedi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Shveytsariyaga tashrifi davomida.

Payshanba kuni Fransiya O‘rta yer dengizining sharqiy qismiga qo‘shimcha kuchlar tashlanishi haqida ma'lum qildi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ham Yevropaning ehtimoliy bosimi bo‘yicha fikrlarini bildirib, o‘z mamlakati arzimas hujumga ham javob qaytarishini bildirgan.

Bu hududda mojaro yuzaga kelishi birinchi marta emas. Aslida gap nimada?

Nima bo‘ldi?
Hozirgi qarama-qarshilik - O‘rta yer dengizidagi neft va gaz kimga tegishliligi bo‘yicha bahslarning davomidir. Turkiya Gretsiya o‘ziga tegishli deb hisoblaydigan shelf hududida shu vaqtgacha ham bir necha marta razvedka ishlarini o‘tkazgan.

Ziddiyaning navbatdagi bosqichi hafta boshida boshlangandi - dushanba kuni beshta harbiy kema hamrohligidagi «O‘ruch Rais» geoqidiruv kemasi bahsli hududga kirgandi. Gretsiya floti zudlik bilan o‘z kemalari guruhini yo‘lladi.