Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gretsiyaning Egey dengizidagi oroli yaqinida 15 nafar migrant halok bo‘ldi
Turkiyadan Gretsiyaning Xios oroliga olib o‘tish rejalashtirilgan rezina qayiqdagi migrantlar qirg‘oq qo‘riqlash kemasi bilan to‘qnashuvdan keyin dengizga cho‘kib ketgan. Qutqaruv operatsiyasi davom etmoqda.
Foto: Pantelis Fykaris/Politischios.gr/dpa
Egey dengizida Gretsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmati kemasi bilan migrantlar bo‘lgan qayiq to‘qnashishi oqibatida odamlar halok bo‘ldi. Xios oroli yaqinidagi suvdan qayiqda bo‘lgan 15 nafar insonning jasadi olib chiqilganini chorshanba kuni, 4 fevralda grek televideniyesida mintaqa vitse-gubernatori Pantelis Vrulis ma’lum qildi.
Kamida 25 kishi jabrlangan, ular orasida ikki qirg‘oq qo‘riqlash xodimi ham bor
ERTNews telekanali xabar berishicha, Xiosdagi kasalxonaga 25 nafar jabrlangan yetkazilgan, ular orasida 11 nafar bola va Gretsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining ikki xodimi ham bor. Reuters guvohlarga tayanib yozishicha, rezina qayiqda taxminan 30–35 kishi bo‘lgan.
Gretsiya qirg‘oq qo‘riqlash xizmatining patruli Turkiyadan Xios oroli tomon ketayotgan qayiqni payqab, undan yo‘nalishni o‘zgartirishni talab qilgan. Shundan keyin, hozircha aniqlanmagan sabablarga ko‘ra, ikki kema to‘qnashib ketgan va bir necha kishi dengizga cho‘kib ketgan, deb xabar berdi grekning Skai telekanali. Qirg‘oq qo‘riqlash xizmati Gretsiya harbiy-havo kuchlari bilan hamkorlikda qidiruv-qutqaruv operatsiyasini boshlagan.
Reuters Gretsiya hukumat vakiliga tayanib yozishicha, migrantlarni tashuvchilar o‘z qayig‘ini patrul kemasi tomon burgan, bu esa to‘qnashuvga olib kelgan.
Sharqiy Egey dengizidagi grek orollariga Turkiyadan noqonuniy migrantlarni kontrabandachilar olib o‘tadi. BMT Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (UNHCR) ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil boshidan beri ushbu yo‘nalish orqali Gretsiyaga taxminan 1000 migrant kelgan.
Gretsiya Yaqin Sharq, Afrika va Osiyo davlatlaridan kelganlar uchun YeIga kirishdagi eng muhim nuqtalardan biri hisoblanadi. 2019 yilda konservativ hukumat hokimiyatga kelganidan keyin Afina chegara nazoratini keskin kuchaytirgan va qochqinlarga munosabati uchun xalqaro tanqidlarga uchrab kelmoqda.
Mavzuga oid
10:49 / 04.02.2026
Eronda og‘ir vaziyatga tushgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi
13:42 / 02.02.2026
Mehnat migrantlari oilalariga sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi
14:26 / 31.01.2026
Sirdaryoda pul uchun Rossiya armiyasiga yollangan 60 yoshli shaxs 5 yilga qamaldi
16:21 / 29.01.2026