Manba: «Bunyodkor» Jaloliddinov transferi uchun 350 ming yevroni to‘liq olgan
Toshkentning «Bunyodkor» klubi 18 yoshli yarimhimoyachi Jasur Jaloliddinovning transferi uchun Moskvaning «Lokomotiv» klubidan 350 ming yevro olgan. Bu haqda Tribuna.uz manbasi xabar qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, kecha O‘FAda Jasur Jaloliddinov transferi borasida yig‘ilish o‘tkazilgan. Unda PFL, O‘FA va «Bunyodkor» vakillari qatnashgan. Yig‘ilishda «Bunyodkor» klubi bosh direktori Ayniddin G‘iyosov Jaloliddinov transferi uchun so‘ralgan pul «Lokomotiv» tomonidan to‘liq «Bunyodkor» hisob raqamiga o‘tkazib berilganini aytgan.
Tribuna.uz manbasining ma'lum qilishicha, «Bunyodkor» vakillari Jaloliddinovning transferi qonunga muvofiq o‘tgani haqida bayonot berishgan. Tribuna.uz muxbiri bu borada ma'lumot olish uchun «Lokomotiv» klubi matbuot xizmatiga murojaat qildi, ammo Moskva klubi vakillari hozircha transfer to‘g‘risida ma'lumotni taqdim etishmadi.
Transfer qonuniy amalga oshgani haqida Jaloliddinovning agenti Yuriy Belous ham ta'kidlagandi: «Ushbu transfer tarixi tiniq suvdek top-toza, turli gumonlarga o‘rin yo‘q. Bilishimcha, «Bunyodkor»da rahbariyat o‘zgargan, bosh direktor o‘rniga boshqasi kelgan. Ularga transfer bo‘yicha hujjatlar kerak bo‘lsa, o‘zlari izlayverishsin. Agarda ularga nimanidir berish lozim bo‘lsa, buni «Lokomotiv»dan so‘rashlari mumkin bo‘ladi.
Jasur «Lokomotiv»ga erkin agent sifatida o‘tgandi. Uni erkin agent sifatida qo‘yib yuborishga qaror qilingan, shunga qaramay, «Bunyodkor» uni qo‘yib yuborish uchun ma'lum summa belgilab qo‘ygandi. Transfer uchun to‘lovni Jasurning o‘zi yoki uchinchi tomon amalga oshirishi mumkin edi va shunday ham qilindi. «Bunyodkor» mablag‘ni to‘lig‘ligicha oldi, shuningdek, klub FIFA qoidasiga binoan futbolchini tarbiyalagani uchun yaxshigina miqdordagi mablag‘ga ham ega bo‘ldi», dedi agent «RIA Novosti» muxbiriga.
«Bunyodkor»ning transfer summasi haqida ilk marta klubning endilikda sobiq bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev Tribuna.uz bilan suhbatda aytgandi. Keyinchalik ma'lum bo‘ldiki, «Bunyodkor» Jaloliddinovning transferi uchun Ulug‘bek Mirzayev aytganidek 350 ming yevro qo‘lga kiritgan.
PFL direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jayev esa tashkilot Jaloliddinov transferi bo‘yicha ish ochishni so‘rab O‘FAga murojaat qilganini aytgandi. «Jaloliddinovga Turkiyadan 400 ming yevrolik taklif turganda, nega u erkin agentga aylantirilib, keyin «Lokomotiv»ga yo‘naltirilgan?», deb savol qo‘ygandi bu borada Diyor Imomxo‘jayev.
Mavzuga oid
08:00 / 09.09.2024
Bunyodkor shohko‘chasida 27 yoshli haydovchi urib yuborgan piyoda vafot etdi
13:11 / 02.04.2024
«Bunyodkor» Rivaldo va Denilson ishida bir necha yillik kelishuvga erishilganini e’lon qildi
21:00 / 02.03.2024
Yashirincha xususiylashtirish, metan-shoxobchadagi voqea va yoshlarga yangi imkoniyat - hafta dayjesti
14:37 / 27.02.2024