O‘zbekiston | 16:16 / 19.08.2020
27946
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusdan davolaydigan shifokorlar «vaxta» usulidan kunbay ish tartibiga o‘tkaziladi 

Koronavirus bemorlarini davolaydigan shifokorlar «vaxta» usulidan kunbay ish tartibiga o‘tkaziladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev ma'lum qildi.

Foto : KUN.UZ

«Mamlakatimizda besh oydan oshiq vaqt davomida tibbiyot muassasasida qolib ishlayotgan tibbiyot xodimlari 14 kunlik «vaxta» usulida emas, balki kunbay kelib-ketish tizimiga o‘tish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirishmoqda.

Rossiya, Turkiya, Germaniya, Xitoy, Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlar ekspertlari ham koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan, saralash va provizor shifoxonalari hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalari xodimlari ish rejimini, ularning sanitariya va gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda kunbay kelib-ketish tizimiga o‘tkazilishiga ijobiy munosabat bildirgan», deyiladi vazirlik xabarida
  
Yuqoridagi taklif va tavsiyalardan kelib chiqib, Respublika maxsus komissiyasining joriy yilning 17 avgustidagi tegishli yig‘ilish bayoniga ko‘ra, shu yilning 20 avgust sanasidan yangi tartib joriy etiladi.

Unga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga jalb qilingan hamda ushbu infeksiyani aniqlash laboratoriyasi xodimlari 14 kunlik «vaxta» usulidan, ularning sanitariya va gigiyena qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda kunbay kelib-ketish tizimiga o‘tiladi.

Ish hajmidan kelib chiqib, 6 kunlik kunbay ishlash mumkinligi belgilangan holda har 30 kun uchun bir oylik ish faoliyati yakuni bo‘yicha:

  • - shifokorlarga 25 mln so‘m; 
  • - o‘rta tibbiy xodimlarga 15 mln so‘m;
  • - kichik tibbiy xodimlarga 10 mln so‘m;
  • - boshqa xodimlarga 5 mln so‘m miqdorida maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari (daromad solig‘idan tashqari) to‘lanishi belgilandi.

«Kunlik qo‘shimcha to‘lovlardan tashqari, asosiy ish joyidagi oylik maoshi saqlab qolinishi hamda xodimlarning dam olish va bayram kunlaridagi ishlari uchun ularga belgilangan tartibda ikki hissa haq to‘lanadi.

Vazirlik bu masala yuzasidan qo‘shimcha ma'lumotlar berib boradi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligiJamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid