Sport | 20:29 / 20.08.2020
15502
15 daqiqa o‘qiladi

«Barsa» yana golland murabbiy qo‘lida. Total futbol qaytadimi?

«Barselona» Chempionlar Ligasidagi sharmandali mag‘lubiyatdan keyin bosh murabbiyni o‘zgartirdi. Aslida bu ishni oldinroq qilish va YeChLdan muvaffaqiyatliroq qatnashish mumkin edi. Ammo salkam butun Kataloniyaning nafratiga uchragan Bartomeu qaysarlarcha o‘z pozitsiyasida sobit qoldi va nega kelganini o‘zi ham tushunmagan Setenning iste'fosini paysalga solaverdi.

Foto: Getty Images

Setenning «qalami kelganidayoq singandi»

Bilasizmi, Kike Setenning «Barselona»da ishlari yurishmasligi u ish boshlashidan oldin ham deyarli aniq edi. Ernesto Valverde katta o‘yinlarda g‘alaba qozona olmagan bo‘lsa-da, jamoa boshqaruvini qo‘ldan chiqarmagan sinor edi. Uning ketishi futbolchilarni norozi qildi. Eng asosiysi, Messi bunga rozi bo‘lmadi. Valverde ketgach, Messi uning iste'fosidan afsuslanib post yozdi. Katta ehtimol o‘shandayoq Setenning «qalami singandi».

Albatta, u yomon murabbiy emas, o‘rtamiyona «Betis» bilan bir mavsumning o‘zida ham «Real»ni, ham «Barselona»ni yenggandi. «Nou Kamp»da «uyalmay» «Barselona»ni 4:3 hisobida mag‘lub etgan «Betis»ning murabbiyi aynan Seten edi. Biroq o‘rtamiyona jamoaning murabbiyi bo‘lish bilan «Barselona» murabbiyi bo‘lishning farqi katta. Seten «Betis» uchun qanchalik yaxshi murabbiy va yetakchi bo‘lsa, «Barselona» uchun shunchalik ko‘rimsiz va soyadagi insonga aylandi-qoldi.

Seten hozir «Barselona»dan ketib, istalgan jamoada yaxshi ishlab ketishi mumkin. Misol sifatida «Real»dan ketgan Xulen Lopetegini keltirish mumkin. Ramos yoki boshqa «Madrid egalari» bilan chiqisha olmagan Lopetegi bejiz avvaliga Ispaniya milliy jamoasiga, keyinchalik «Real»ga bosh murabbiy bo‘lmaganini isbotladi va «Sevilya» bilan Yevropa Ligasi finaliga chiqdi. Seten ham, aytaylik, «Valensiya»ga borib, jamoani o‘ziga keltirishi mumkin. Ammo «Barselona» va «Real»da ishlash uchun faqat yaxshi murabbiy bo‘lishning o‘zi yetarli emas. Bu lavozimda xarizma birlamchi omilga aylanadi. Aynan shu narsa «Barsa»ning yangi murabbiyida bor.

Kuman: jangchi va afsona

Foto: VI Images via Getty Images

Shaxsan mening fikrimcha, Kuman «Barselona»ga kelishi mumkin bo‘lgan eng yaxshi variant emasdi. Chunki Maurisio Pochettino hamda Massimiliano Allegri kabi juda kuchli murabbiylar turganda Kuman varianti har qanaqasiga kamida uchinchi bo‘lib qolaveradi. Chunki Kuman futbolchi sifatida ko‘p narsaga erishgan bo‘lsa-da, murabbiylikda u qadar ko‘p narsaga erishmagan. Allegri va Pochettino esa nafaqat top-klublarni boshqara olishini, balki uzoq muddatga jamoa tuza olishini ham isbotlashgan.

Kuman «Barselona» murabbiyligi uchun nomzodlar ro‘yxatida Pochettino va Allegridan keyingi o‘rinda turgan bo‘lsa-da, shubhasiz, Xavi va Anridan yaxshiroq nomzod edi. Anri «Monako»da qanday sharmandali natija ko‘rsatganini ko‘pchilik unutmagan. Xavi esa ko‘pchilik juda yuqori baho berayotgan bo‘lsa-da, hali faqat Qatar chempionatidagina murabbiy sifatida ishlashga ulgurdi. Shuningdek, u hali «Barselona» murabbiyi bo‘lib ulgurmay klubga shartlar qo‘ya boshladi. To‘g‘risini aytish kerak, hamma ham Zidan va Gvardiola kabi murabbiylikni boshlashi bilan muvaffaqiyat qozonishi kafolatlanmagan.

«Barselona» taxtiga yopishib olgan» Bartomeu Kumanni olib kelgach, Messining tinchlanishiga umid qiladi. Chunki oldingi safar murabbiylikka «Barselona»ning sobiq futbolchilaridan biri Luis Enrike kelganida, Messi juda xursand bo‘lgan va jamoa YeChLda g‘olib bo‘lgandi. Kuman biroz oldingi davrga aloqador futbolchi va Messi uning o‘yinlarini eslamasligi mumkin, ammo Kuman «Barselona» afsonasi ekanini jamoaning barcha futbolchilari biladi.

Oldingi sobiq futbolchilar uyaltirishmagandi

«Barselona» bungacha sobiq futbolchilarini bosh murabbiylikka olib kelib, adashmagandi. 2006 yil Frank Raykaard, 2009 va 2011 yil Xosep Gvardiola, 2015 yilda esa Luis Enrike «Barselona» bilan YeChLda g‘olib bo‘lgandi. Ko‘rib turganingizdek, sobiq «barsachilar» jamoadagi holatni yaxshi tomonga o‘zgartira olgan. YeChLdagi g‘oliblik buning isboti.

Kuman nomi ham bevosita Chempionlar Ligasi bilan bog‘liq. «Barselona» bu musobaqada ilk marta 1991/92 yilgi mavsumda g‘olib chiqqan. O‘shanda kataloniyaliklar finalda Italiyaning «Sampdoriya» klubini mag‘lub etib chempionlikni qo‘lga kiritishgandi. «Uembli»da o‘tgan finalning 112-daqiqasida aynan Kuman kiritgan gol «Barselona»ga g‘alaba keltirgandi. Shubhasiz, «Barselona» uchun asosiy maqsad Chempionlar Ligasi bo‘lgan va Kuman shuning uchun olib kelingani haqiqatga yaqin.

Keling, Raykaard, Gvardiola va Enrike «Barselona»da nimalarni o‘zgartirganiga e'tibor bersak. Raykaard jamoaga kelgach, «Barselona» akademiyasidan chiqqan yigitlarga katta e'tibor qaratdi. Aynan uning boshqaruvi vaqtida Xavi, Inesta va ayniqsa Messi yaqqol porlab chiqishdi. O‘sha vaqtda dunyoning eng zo‘r futbolchisi Ronaldino ham «Barselona»da o‘ynar va faoliyatidagi eng yaxshi davrlarni o‘tkazayotgandi. 2006 yilgi YeChL g‘olibligida aynan Ronaldino asosiy qahramon bo‘lgandi. Shuningdek, Samuel Eto’O ham u vaqtda jahonning top-hujumchilari sirasiga kirganini unutmaslik kerak. Keyinchalik Messining katta futbolchi sifatida porlay boshlashi ham bevosita Raykard nomi bilan bog‘lanadigan bo‘ldi.

Gvardiola kelgach, «Barselona»da kadrlar inqilobi sodir bo‘ldi. Pep birinchi bo‘lib quloqsiz Ronaldino bilan xayrlashdi va jamoaning asosiy futbolchisi Messi bo‘lishini ko‘rsatdi. Fabio Kapello ta'biri bilan aytganda, Gvardiola futbolda inqilob qildi. Yohan Kroyf nomi bilan bog‘lanadigan total futbolni Pepning «Barselona»si cho‘qqiga olib chiqdi. Ko‘pchilik Gvardiolaning «Barselona»sini hanuz futbol tarixidagi eng yaxshi jamoa deb ataydi. Xavi-Inesta-Messi triosi qanday aql bovar qilmas ishlarni amalga oshirgani ko‘pchilikning yodida. O‘sha «Barselona»da kuchsiz jihat deyarli yo‘q edi. Buskets uzoq vaqt dunyoning tengsiz tayanch yarimhimoyachisi deb qaraldi, Dani Alves «Barselona»dan ketib ham o‘ng qanotda qanchalik kuchli ekanini isbotlashdan charchamadi, «MYu»dan qaytgan Pike jamoa sardori Puyol bilan markazda juda ishonchli o‘yinlar ko‘rsatdi. Jamoa shunchalik kuchli ediki, hatto Valdesning xatolari sezilmay ham ketardi.

Xo‘sh, Gvardiola jamoasi nega bunchalar kuchli edi? Avvalo, u butun boshli yangicha uslub olib kirdi. Bundan tashqari, Pep futbolchilarning hurmatini va ishonchini qozona oldi. Ronaldino ketgan vaqtda jamoadagi asosiy yulduz Gvardiola edi. Messi hali unda klubdagi hamma hisoblashadigan shaxs emasdi.

Luis Enrikening vazifasi bir tomondan Gvardiolanikidan qiyinroq edi. Chunki Enrike kelganda Messi jamoaning birinchi raqamli odamiga aylangan, uning yonida esa Suares va Neymar kabi katta futbolchilar olib kelingandi. Luis Enrikeda shunchalik kuchli hujum uchligi bor ediki, YeChLda g‘olib bo‘lish uchun undan avvalo bir narsa – futbolchilarga xalaqit bermaslik talab qilinardi, xolos. Enrike buni uddaladi va qo‘shimchasiga jamoada doim ham to‘p nazoratiga asoslanmaydigan uslubini joriy eta oldi. Gvardiolaning «Barselona»si oxir-oqibat barcha raqiblar tomonidan o‘rganildi va uning erasi amalda «Bavariya»dan uchralgan yirik mag‘lubiyat bilan yakunlandi. Bu borada Enrikening «Barselona»si ishonchliroq edi.

Kuman esa uchala sobiq futbolchiga qaraganda murakkabroq davrda «Barselona»ga keldi. Klub faqat Messiga ishonib qolgan, rahbariyat sharmandali tarzda obro‘sizlangan va nihoyat «Barselona» bir o‘yinda sakkiztalab gol o‘tkazadigan davrda.

Hozir Kumanning asosiy vazifasi g‘azab otiga mingan Messini jamoada qolishga ko‘ndirish hisoblanadi. Chunki Messining ketishi «Barselona» uchun ko‘pchilik kutayotganidek yangi davr boshlanishiga emas, jamoaning butunlay halokatga uchrashiga sabab bo‘lishi mumkin.

Kumanning baxtiga mavsum tez orada boshlanadi va u o‘zini ko‘rsatishi uchun ko‘p kutib o‘tirmaydi. Zero, urushdan oldingi hayajon urush boshlangach yo‘qoladi...

Kuman qanday murabbiy?

Foto: Alexander Hassenstein/Bongars/Getty Images

Kuman murabbiylikni niderland klublarida boshlagan va ko‘plab sovrinlarni qo‘lga kiritgan. «Ayaks» va PSV bilan mamlakat chempioni bo‘lgan. Shuningdek, «Benfika» bilan Portugaliya Superkubogida, «Valensiya» bilan Ispaniya Kubogida zafar quchgan. Niderlandiya milliy jamoasi Kuman bilan Millatlar ligasi finaligacha yetib borgan. Murabbiylar uchun haqiqiy sinov bo‘lgan Angliyada ham Kuman yomon ishlamagan. U «Sauthempton»dagi ikki mavsumda ham jamoa bilan Yevropa Ligasiga yo‘llanma olgan va Pochettinodan keyin qator yulduzlarisiz qolgan «avliyolar» bilan yaxshi jamoa tuza olgandi.

Kumanning «Everton»dagi birinchi mavsumi ham yaxshi o‘tgandi. U har qanaqa jamoada ishlay olishini isbotlagan va «Barselona» murabbiyi bo‘lishi uchun yetarli darajada chig‘iriqlardan o‘tgan.

Total futbol qaytadimi?

Foto: VI Images via Getty Images

«Barselona» so‘nggi vaqtlarda shunchalik mantiqsiz futbol ko‘rsatayotgandiki, unda qandaydir uslub borligi ham dargumon edi. Klub xuddi JCh-2018 musobaqasidagi Argentinaning ahvoliga tushib qolgan: Messi ko‘rsatma beradi, Messi gol uradi, Messi to‘p uzatadi, faqat darvozada boshqa kishi turadi. Bunaqasi ketmaydi. Agar Messining o‘ziga ham bu narsa yoqadi deb o‘ylasangiz, adashasiz. Leo jamoa murabbiysiz hech kim ekanini tushunadigan darajada aqlli futbolchi. U ham murabbiy to‘g‘ri ko‘rsatmalar berib, o‘yinni o‘z qo‘liga olishini istaydi.

«Barselona» murabbiylari Messi uchun alohida uslub o‘ylab topishsa, ko‘pchilik hayron qoladi va ba'zilar bunga kuladi ham, biroq bir narsani unutmaslik kerak, siz ish beruvchi sifatida eng yaxshi ishchingizga eng yaxshi sharoitni yaratib berishingiz kerak. Aytaylik, siz biror katta korxonada ishlaysiz. Sizning korxonada ishlash uchun Ilon Mask keldi. Siz unga qora ishlarni qildirmaysiz-ku, to‘g‘rimi? Unga imkon qadar yaxshi sharoitlar qilib berasiz, Tesla, Space X qayd etgan muvaffaqiyatlar sizning rahbarligingizda takrorlanishini istaysiz. Chunki Mask nimlarga qodir ekanini isbotlab bo‘lgan. Messi ham shunday. U o‘ta og‘ir xarakterga egaligi bilan birga juda kuchli ijodkor, maydonda u qila olmaydigan ishining o‘zi yo‘q. Shu sababli, Kuman birinchi bo‘lib Messi bilan munosabatlarini yaxshilashi va unga jamoada qulay sharoit yaratib berishi kerak bo‘ladi.

Kuman Kroyfning shogirdi sifatida «Barselona»ga yana total va va tartibli futbolni qaytarishini kutish mumkin. U birinchi navbatda Jorjino Veynaldumni olib kelishni istamoqda. Bu «Barselona» muxlislari Busketsning davri o‘tayotganiga ko‘nikishlari kerak deganidir. Shuningdek, Lautaro Martines haqida gapirilmoqda. Bu esa Suares ham ketishi mumkinligini anglatadi. Pike birinchi bo‘lib ketish haqida gapirdi, «Fulhem» unga taklif bilan chiqishga ham ulgardi. Darvoqe, «Ayaks» Suaresni qaytarish haqida o‘ylamoqda. Qolaversa, «Ayaks»dan Donni van Bek, «Lion»dan Memfis Depay kelishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Xullas, «Barselona»da Messidan boshqa hamma o‘zgarsa ham, ajablanmang. Biroq Kuman yap-yangi jamoa tuzadimi yoki mavjudining «murvatlarini burab qo‘yish» bilan cheklanadimi – aniq emas.

Bartomeu va Messi

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Messi Bartomeu rahbarligidagi jamoada qolmasligi haqida aytgani OAVda e'lon qilindi. Bu vaqtda Messining otasi Milanda uy sotib olgan. Buyoqda «Siti» Messi uchun «Barselona»ga bo‘sh chek yuborishga tayyor. Shunday ekan, keyingi yil martgacha jamoada qolishini aytgan Bartomeuning o‘zi Messini jamoada olib qololmasligi aniq. Messini «Barselona»da Kuman, muxlislar, jamoadoshlari va avvalo o‘zi olib qolishi mumkin. Leo klub uchun har qanday Bartemoularning o‘ntasidan muhimroq ekanini tushunib turibdi. Xo‘sh, «Barselona»ni nima kutmoqda? Kuman uni botqoqdan olib chiqa oladimi? Messi qoladimi? Bu savollarga tez orada javob olamiz...

O‘tkir Jalolxonov

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid