Jahon | 11:17 / 22.08.2020
32179
15 daqiqa o‘qiladi

Muxolifat va zaharlanish. «Navalniy ishi» yodga solgan uch taqdir hikoyasi

Foto: TASS

Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniy 20 avgust kuni zaharlanish alomatlari bilan Omskdagi kasalxonada yotqizildi. Uch kundan buyon koma holatida qolayotgan Navalniyga yordam ko‘rsatish uchun Germaniyadan mutaxassislar guruhi yetib keldi. Rossiyalik shifokorlar ushbu muxolifatchi zaharlanmagan deb hisoblashmoqda, uning safdoshlari esa kasalxona vakillarining rasmiy ma'lumotlarini rad etmoqda. Uni Germaniyaga olib ketib, o‘sha yerda davolashga qaror qilishdi. Avvaliga transportirovkaga qattiq qarshilik ko‘rsatgan rus shifokorlari nihoyat uni yuborishga rozi bo‘lishdi va Germaniyadan kelgan maxsus samolyot ortga u bilan qaytdi.

Navalniyning matbuot kotibi Kira Yarmish safar davomida unga hamkorlik qilgan va uning aytishicha, siyosatchini zaharlashgan bo‘lishlari mumkin.

«Interfaks»ning tibbiyot sohasidagi manbasi taxminiy tashxis haqida ma'lumot bergan: «Taxminiy tashxis quyidagicha: noma'lum psixodisleptik (gallyutsinatsiya keltirib chiqaruvchi modda) bilan o‘tkir zaharlanish».

So‘nggi 5 yilda Rossiyada muxolifatchilar va huquq faollarining zaharlanishi bilan bog‘liq bir necha holat sodir bo‘lgan. 2015 yilda siyosatchi va jurnalist Vladimir Kara-Murza o‘tkir zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilgandi. U 2017 yilda yana zaharlanadi. 2016 yil antropolog Sergey Moxov zaharlangan. U o‘sha vaqtda dafn marosimlarini o‘tkazadigan tashkilotlar faoliyatini surishtirayotgandi. 2018 yilda esa «Mediazona» ijodiy uyi aksioneri, rassom Pyotr Verzilov zaharlanadi. VVS Vladimir Kara-Murza va Pyotr Verzilovdan zaharlanishi tarixi haqida so‘radi.

Petr Verzilov: «Zaharlash bo‘yicha maxsus operatsiya»

Cinemaforpeace / Reuters / Scanpix / LETA

«Meni 2018 yil 11 sentabr kuni Moskvadagi Basman sudida zaharlashdi. Bu voqeadan oldin do‘stim Nika Nikulshina dugonasi bilan mashinada ketayotganda g‘alati tarzda qo‘lga olingan. Ular ketayotgan mashinani to‘xtatib, ulov o‘g‘irlangan bo‘lishi mumkinligini aytib, mahkamaga olib ketishadi. Ular qarshiliksiz mahkamaga borishsa-da, politsiyaga qarshilik ko‘rsatishda ayblab, ikki kun davomida mantiqsiz ushlab turishadi.

11 sentyabrda sud belgilandi. U ertalab bo‘lishi kerak edi, ammo kech soat 18:00larda boshlandi. Qizlarni sud zalidan ozod qilishdi. Suddan chiqqanimdan uch soat o‘tib o‘zimni yomon his qildim, boshim aylandi, ko‘z oldim  qorong‘ilashdi, tanam o‘zimga bo‘ysunmay qoldi. Oxir-oqibat isitmam ko‘tarilib, hushimni yo‘qotdim».

«G‘alati odamlar. Formada va formasiz»

«Shundan keyin meni kasalxonaga olib ketishdi. Birinchi kun meni ko‘rgani hech kimni qo‘yishmadi, hatto onamni ham. Vaholanki bu borada Sog‘liqni saqlash vazirligining topshirig‘i bor edi. Birinchi kun davomida jonlantirish bo‘limidagi men yotgan qavat butunlay yopib qo‘yildi. U yerda formadagi va formasiz g‘alati odamlar yurgandi. Ular yaqinlarim mening analiz natijalarimni bilmasliklari uchun shunday qilishgan. Keyingi kunlari natijalarda hech qanday zaharlash alomati ko‘rinmagan. Analiz natijalari mening juda yaxshi holatda ekanimni ko‘rsatgan, ammo men bir o‘limdan qolgandim».

«Aniqlanmagan modda»

«Dunyodagi yetakchi nevrologik markazlardan bo‘lgan Berlindagi «Sharite» klinikasida mening tanamda aniqlangan modda aql bovar qilmas darajada tez holatda tanadan chiqib ketishini aniqlagan. Chunki voqeadan bir kun o‘tib bu modda tanamni tark etgandi. Zaharlash uchun ishlatilgan moddani aniqlash murakkab bo‘lishi uchun bu juda muhim bo‘lgan. Meni olib borishgan kasalxonadagi shifokorlar nima bo‘lganini tushunmay qolganliklarini aytishdi.

Ular mana analiz natijalari, deb qog‘ozlarni ko‘rsatishdi, vaholanki hech qanday analiz qilishmagandi. Ular bir kun o‘tgach, analiz qilishdi, ammo tibbiyotda har kunlik analiz natijalarini solishtirib borish muhimligini hamma biladi. Meni psixotrop modda bilan zaharlashgandi. Germaniyalik shifokorlarning aytishicha, meni zaharlashgan kokteylda skopolamin degan modda ham bo‘lgan. Shuningdek, kokteylda odatda Janubiy Amerikada turli jinoiy maqsadlarda ishlatiladigan modda bo‘lishi mumkinligini ham aytishdi».

«O‘lim va hayot orasida» va uzoq vaqtli tiklanish

«Boshlanishiga Baxrushinlar nomidagi kasalxonada davolandim, keyin yana ikki kun Sklifosovskiy nomidagi kasalxonada. Shunda xuddi hozir Navalniy bilan bo‘lganidek sezdimki, Rossiyada hech qanaqasiga xolis analiz topshirib bo‘lmaydi. Maxsus xizmatlar tibbiy jarayonga ham aralashishadi. Shifokorlar ularning aytganini qilishga va ular nima desa, o‘shani yozishga majbur. Shu sababli, meni Berlindagi «Sharite» klinikasiga ko‘chirishadi.

Berlinda ham bir hafta davomida o‘lim bilan olishdim. Bir haftadan keyin o‘zimga kela boshladim va shunda ham shifokorlar mening ruhiy holatim tiklanishiga shubha bildirishdi. Chunki men yaqinlarimni tanimayotgandim. Men inglizchani yaxshi bilaman, ammo shifokorlarga ruscha gapirardim, chunki Berlinda ekanimni tushunmadim.

Bir oy davomida shunday og‘ir ahvolda bo‘ldim. Bir necha oy Berlinda davolanishga majbur bo‘ldim. Keyin shifokorlar tiklanish uchun biror issiq mamlakatga borishimni maslahat berishdi va men Isroilni tanladim.

Shuncha ish bo‘ldi, ammo hamon ish ochilgani yo‘q. Ishni mendan ham so‘ramay yopib yuborishgan. IIV va Tergov qo‘mitasini ham tushunish mumkin, axir ishni maxsus xizmat nazorat qiladigan sud binosidan boshlash kerak edi. Orada bir uchastkovoy meni so‘roq qilgandek bo‘ldi va u ham yo‘qolib ketdi. Mana, ikki yil o‘tdi, ammo bir ish qilingani yo‘q».

«Bu Putinning oldidagi aksiya uchun qasos edi»

Stanislav Krasilnikov / TASS / Scanpix / LETA

«Men boshlanishida buni Afrikada o‘lgan do‘stlarim borasidagi surishtiruvim uchun deb o‘yladim, ammo keyin bu JCh-2018 vaqtida o‘tkazilgan norozilik aksiyasi uchun qasos bo‘lganini tushunib yetdim. Chunki u aksiya Putin, Makron va boshqa rahbarlar oldida sodir bo‘lgan, Putin uni maxsus xizmatlar uchun uyatli holat deb atagandi».

Vladimir Kara-Murza: ikki yil ichida ikki marta zaharlash

Ilmar Saabas / Ekspress Meedia / Scanpix / LETA

Boris Nemsov nomidagi fond rahbari Vladimir Kara-Murza Nemsov Kreml yaqinida otib ketilganidan uch oy o‘tib, 2015 yil may oyida ilk marta zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushgan. 26 may kuni u «RIA Novosti» tahririyati binosida birdan o‘zini yomon his qiladi.

Vladimir Kara-Murzaning o‘zi bu holatni shunday eslaydi:

«Birdan nafasim qisdi, qattiq og‘riq boshlandi. Nafas olardim, lekin havo o‘pkamga yetib bormasdi. Bu dahshat. Meni divanga yotqizishdi, keyin nima bo‘lganini eslolmayman».

«Hech kim zaharlash haqida o‘ylamagandi»

«Boshida shifokorlar negadir yurakni operatsiya qilmoqchi bo‘lishdi. O‘shanda zaharlash haqidagi savolga tayyor emasdik. Men bu zaharlash bo‘lmaganmi, deb tushuntirishga harakat qildim. Biz operatsiyaga tayyorlanayotgan vaqtda baxtimizga ajoyib kardioxirurg Mixail Alshibaya keldi va «Do‘stlar, nima qilyapsizlar? Uning yuragi kosmonavtnikiday, bu zaharlash bo‘lgani ko‘rinib turibdi-ku?», degandi. Shundan keyingina uni zaharlash tashxisi bilan davolay boshlashdi, ammo Vladimir u vaqtda komada edi», deydi jurnalistning advokati Vadim Proxorov.

Vladimir Kara-Murzani Bakulev nomidagi kasalxonadan Pirogov nomidagi 1-klinik kasalxonaning jonlantirish bo‘limiga o‘tkazishadi. U yerda jurnalistni Denis Protsenko davolaydi. Bu shifokor keyinchalik Moskvadagi ilk koronavirus bemorlarini qabul qilgan Kommunarkadagi kasalxona bosh shifokori sifatida tanildi. Unda Putin bilan uchrashishidan avval koronavirus aniqlangandi.

«Buyrak, o‘pka, yurak ishlamay qoldi»

Vladimir Kara-Murzaning aytishicha, aynan Denis Protsenko uning yashab ketishiga yordam bergan. Komaga tushgan siyosatchining buyragi, o‘pkasi va yuragi ishlamay qolgan. U to‘liqligicha o‘lib qolmasligi uchun apparatlarga ulab qo‘yilgandi. Vladimirning xotini uni Rossiyadan olib ketmoqchi bo‘ladi, ammo unga eri apparatlarsiz o‘lib qolishini aytishadi.

«Bunday qiynoqdan keyin sen butunlay boshidan hammasini o‘rganishni boshlaysan, organizm boshqatdan yurishni o‘rganadi, bu juda qiyin», deb eslaydi jurnalist. Uning davolanishi va tiklanishiga bir necha oy vaqt ketadi. Zaharlanishdan bir yil o‘tib ham Vladimir Kara-Murza qo‘ltiqtayoqsiz yura olmaydi.

Kara-Murzaning analiz natijalari Fransiyada tekshirilganda uning organizmida og‘ir metallar haddan tashqari ko‘p bo‘lgani aniqlangan. Biroq zaharlashda qanday modda ishlatilganini aniqlashning imkoni bo‘lmaydi, faqat metallar uning zaharlanganidan dalolat beradi.

«Noma'lum modda»

Vladimir zaharlangani aniq bo‘ladi, ammo qanday modda bilan zaharlashganini aniqlay olishmaydi. Zaharlashdan uch kun o‘tgachgina undan analiz olishadi. Vladimir Kara-Murza 2015 yil dekabrda Tergov qo‘mitasiga ish ochishni so‘rab, murojaat qiladi, ammo advokatning aytishicha, arizadan keyin hech qanday harakat sezilmaydi.

Vladimir Kara-Murza ikkinchi marta 2017 yil 1 fevraldan 2 fevralga o‘tar kechasi zaharlanish tashxisi bilan kasalxonaga tushadi. U AQShga uchishidan bir necha soat oldin yana noma'lum modda bilan zaharlanib, og‘ir ahvolga tushib qoladi. Kara-Murzaning aytishicha, zaharlash tashkilotchilari bejizga parvoz oldidan bu ishni qilishmagan. Ular samolyotda kerakli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni bo‘lmasligini hisobga olishgan.

Vladimirning advokati u birinchi marta samolyotda zaharlanganini taxmin qilgan: «Tushunishimcha, samolyotda zaharlash oson, chunki u yerda hamma o‘zining ovqatini yeydi», degan advokat Proxorov.

Ikkinchi zaharlashda ham Vladimirning organlari ishlamay qolgan va nafas olishi qiyinlashgan. Ikkinchi marta uning oldida oilasi bo‘lgan va ular tez yordam chaqirishgan. Bu gal ham uni Denis Protsenko davolagan. Vladimir Kara-Murza birinchi zaharlashda uch hafta komada bo‘lgan, ikkinchi zaharlanishda esa bir hafta. Vladimirga qon quyilgach, uning holati yaxshilana boshlagan.

«Qon plazmasi yangilangach, Volodya tuzala boshladi va bu zaharlashning aniq alomati», deydi advokat Proxorov.

Ma'lum bo‘lishicha, Vladimir Kara-Murza yana o‘zini zaharlashgani bo‘yicha Tergov qo‘mitasiga ariza topshirgan va faqat 2018 yil aprelga borib uning arizasini ko‘rish boshlangan. Bu vaqtda Britaniyada Rossiya GRUning sobiq xodimi Sergey Skripal va uning qizi zaharlanishi bilan bog‘liq «Novichok» voqeasi bo‘lib o‘tadi.

Skayp orqali ko‘rsatma

«Tergovchi menga Vladimirdan ko‘rsatma olishi kerakligini aytdi. Ammo men u chet elda ekanini ma'lum qildim. Tergovchi skayp orqali ko‘rsatma olishni taklif qildi. Shu tariqa Tergov qo‘mitasi tarixida birinchi marta skayp orqali ko‘rsatma berildi. Tergovchi Moskvada, Volodya Vashingtonda edi», deydi advokat Vadim Proxorov.

Vladimir Kara-Murza tergovchi bilan suhbatda uning zaharlanishida Rossiya maxsus xizmatlarining aloqasi borligini aytadi.

FQB ma'lumotni saqlab qola olmaganmidi?

2017 yilda Vladimir Kara-Murza ikkinchi marta zaharlangach, tekshiruv natijalari AQSh Federal qidiruv byurosiga (FQB) ham yuboriladi. Advokatning aytishicha, FQB vakili Kara-Murzaga 2017 yil dekabr oyi oxirida, yangi yil arafasida aloqaga chiqib, analiz natijalarida «noodatiy narsa»ni payqashganini aytgan. Bundan ko‘p o‘tmay esa Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin, Rossiya Xavfsizlik xizmati rahbari (sobiq) Aleksandr Bortnikov, Rossiya harbiy kuchlari bosh shtabi rahbari Igor Korobov AQShga safar qilishadi. Bu safar yanvar-fevral oylarida ro‘y beradi. Shundan so‘ng, Vladimir FQBga boshqa hech qanday ma'lumot bermasligini ma'lum qiladi.

AQShda tarqalgan mish-mishlarga ko‘ra, Rossiya Xavfsizlik xizmati sobiq rahbarining tashrifidan so‘ng FQB Kara-Murzaga hech qanday ma'lumot bermaslik «topshirig‘ini olgan».

Jurnalist FQBni sudga bergan va analiz natijalarini taqdim etishlarini talab qilgan. Sud FQBga 2020 yil oktyabrga qadar Vladimir Kara-Murzaga natijalarni taqdim etish talabini qo‘ygan.

Sergey Moxov: aniqlanmagan modda va politsiyaning harakatsizligi

«Meduza»

2016 yil noyabrda antropolog Sergey Moxovga hujum bo‘ladi. Noma'lum shaxs unga musht tushiradi va soniga shprits bilan qandaydir suyuqlik yuboradi. Moxov bu haqda Aleksey Navalniy fondining yuristi bo‘lgan rafiqasi Lyubov Sobolga xabar berishga ulguradi. Moxov hujumdan biroz o‘tib qimirlolmay qoladi. Uni Sklifosovskiy nomidagi kasalxonaga olib borishadi. Shifokorlar u qandaydir preparatni keragidan ortiq iste'mol qilganini istisno qilishadi, chunki Moxovning tanasida topilgan modda dorixonalarda sotiladigan narsa bo‘lmaydi. Lyubov Sobolning fikricha, erini zaharlashgan va bunga sabab uning dafn marosimlaridagi korrupsiya mavzusidagi surishtiruvlari bo‘lgan. Shuningdek, u erining korrupsiyaga qarshi fonddagi faoliyati sabab zaharlanganini ham istisno qilmaydi.

Moxovning advokati Sergey Badamshin Xomich familiyali politsiya kapitani ustidan arz qiladi. U politsiyani ish ochishdan bo‘yin tovlashda ayblaydi. Bu arznomadan keyin sud politsiyachini harakatsizlikda aybdor deb topadi.

Mavzuga oid