Rossiya koloniyalaridan ozod etilgan muxolifatçi siyosatçilar Vladimir Kara-Murza, Ilya Yaşin va Andrey Pivovarov 2 avgust, juma kuni Bonndagi Deutsche Welle tahririyatida jurnalistlar bilan uçraşdi. Uçraşuv «DW na russkom» YouTube-kanalida onlayn translatsiya qilindi.
Vladimir Kara-Murza Talmuddagi «Xalqlar orasida solihlar» medalida tasvirlangan iborani esladi: «Kimki bir kişining hayotini saqlab qolsa, butun dunyoni qutqaradi». Uning ta’kidlaşiça, Rossiya, Belarus va Ğarb davlatlari örtasidagi mahbuslar almaşinuvi natijasida Rossiya Federatsiyasi va Belarus qamoqxonalarida saqlanayotgan 16 kişining hayoti saqlab qolingan.
Kara-Murza Rossiyadan Turkiyaga uçayotgan samolyotda ozod etilgan siyosiy mahbuslarga hamrohlik qilgan fuqaro kiyimidagi «FSB» xodimining iborasini esladi: «Mana, qarang, siz öz vataningizni oxirgi marta köryapsiz». «Unga şunday dedim: men tarixçiman, nafaqat işonaman va öylayman, balki aniq bilamanki, men va barçamiz Rossiyaga albatta qaytamiz. Rossiya erkin, normal böladigan kun kelişini aniq bilaman, bu kun kelişiga mutlaqo şubham yöq», - dedi Kara-Murza.
Andrey Pivovarov: Rossiyaliklar uruşni qöllab-quvvatlamayapti
Andrey Pivovarov rossiyaliklarni Rossiya rahbariyati olib borayotgan siyosat bilan boğlamaslikka çaqirdi. «Fursatdan foydalanib, Ğarb davlatlariga Rossiyadagi oddiy odamlarga e’tibor qaratişlari uçun murojaat qilmoqçiman», dedi u. Pivovarovning sözlariga köra, oddiy ruslar, taşviqot uni qanday körsatişga harakat qilmasin, uruşni qöllab-quvvatlamaydi, lekin ular qöllab-quvvatlaşga muhtoj, çunki mamlakatdagi hozirgi şaroitda şunçaki omon qolişga harakat qilmoqdalar. U Ğarb davlatlarini, jumladan, Ukrainadagi uruşni qöllab-quvvatlamaydigan oddiy ruslarning viza olişini qiyinlaştirmaslikka çaqirdi.
Ilya Yaşin qamoqxonada bölgan birinçi kunidanoq u heç qanday almaşinuv röyxatiga kiritilmasligini söraganini aytdi. Yaşinning sözlariga köra, u Rossiyada qoliş huquqi uçun sönggi kungaça kuraşgan. Almaşişdan bir neça kun oldin «FSIN» xodimlari uning kamerasiga kelib, afv söraş töğrisidagi arizaga imzo çekişini talab qilişdi, ammo «men zolim deb bilganlardan heç qaçon keçirim söramasligim aniq ekanini aytdim». Yaşin jurnalistlarga Rossiya Federatsiyasida qolişni talab qilgan bayonotini öqib berdi, u almaşinuvdan oldin yozilgan. U özining mamlakatdan çiqarib yuborilişini noqonuniy deb bilişini ta’kidladi.
Rossiyadan kelgan siyosiy mahbuslarni aeroportda Şols kutib oldi

















