O‘zbekiston | 21:11 / 29.08.2020
6223
2 daqiqa o‘qiladi

Buloqboshida sessiya: “Temir daftar”ga kiritishning me'yori bormi?

Xalq deputatlari Buloqboshi tumani Kengashining navbatdagi o‘ninchi sessiyasida sektor rahbarlari deputatlar hamda tumandagi tashkilot, korxona rahbarlari  oldida hisobot berdilar.

Buloqboshi tumanidagi 37 ta mahallada istiqomat qiluvchi 142 ming 195 nafar aholining 8 ming 776 nafari ishsiz hisoblanib, ishsizlik darajasi 13,6 foizni tashkil etadi. Tuman hokimi O‘. Mamurov investitsiya loyihalarini amalga oshirish, fermer xo‘jaliklari, muzlatkich omborlari hamda ijtimoiy obektlarda xizmat ko‘rsatishni tashkil etish hisobiga yaratilayotgan 7ming 801 ta bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumot berdi.

Shuningdek, hududdagi 787 xonadon “temir daftar”ga kiritilgan. O‘tgan davrda shundan 118 oila a'zolarini tadbirkorlikka yo‘naltirish, ishlab chiqarish korxonalariga ishga joylashtirish evaziga oylik daromadlarini 3 million so‘mdan oshirishga erishildi.

Sessiya davomida Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Muborakxon Xolmirzayeva yig‘ilganlarga “Temir daftar”ga kiritishning me'yori bormi? degan savolni o‘rtaga tashladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ba'zi oilalarda nogiron fuqarolar bor. Turmush sharoiti esa boshqalarnikidan yaxshi. Oilaning boshqa a'zolari daromadi yetarli. Shunday bo‘lsa-da, ba'zilar ro‘yxatga kiritishni talab qilyapti.

Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati To‘lqin Karimov hozirda shunday holatlarning oldini olish maqsadida hisobotlarni elektron yuritish masalasida ish olib borilayotganligini ta'kidladi. Deputatning fikri taklif sifatida qayd etildi.

Shuningdek, sessiyada aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, budjet daromadlarini oshirish va xorijda mehnat qilib qaytgan ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish kabi masalalarda amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusidagi rejalar xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Sessiya yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Jahongir Sodiqjonov

Mavzuga oid