Jahon | 19:24 / 02.09.2020
21304
10 daqiqa o‘qiladi

AQShning yangi prezidenti 3 noyabr kuni aniqlanmasligi mumkin: sabablar va ehtimollar

AQShda avvaldan mavjud bo‘lgan «pochta orqali ovoz berish» usuli Covid-19 tufayli saylovchilarning deyarli 70 foizigacha qamrab oladigan darajada kengaytirilishi Oq uy va demokratlarni bir-biriga qarama-qarshi qo‘ydi. Ya'ni «pochta orqali ovoz berish» munozarasi saylov natijalariga bevosita ta'sir qilishi mumkinligi sababli ham bu masala respublikachilar va demokratlar o‘rtasidagi muhim kurashga aylandi.

3 noyabr – seshanba kuni AQShda bo‘lib o‘tadigan 59-prezidentlik saylovi yaqin tarixdagi eng muhim saylovlardan biri bo‘lishga da'vogarlik qilmoqda.

Amaldagi prezident, respublikachi Donald Tramp demokratlarning 77 yoshli nomzodi Jo Bayden bilan to‘qnash keladigan mazkur saylov jarayoni butun dunyoni qamrab olgan yangi turdagi koronavirus epidemiyasi tufayli mutlaqo yangi darajaga ko‘tarildi.

180 mingdan ziyod odam vafot etgan va epidemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan AQShda millionlab odamlar virusdan himoyalanish uchun pochta orqali ovoz berish istagini bildirmoqda.

Tramp, ba'zi sabablarga ko‘ra, millionlab amerikaliklar pochta orqali ovoz bersa, qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilishi mumkinligini va demokratlar shu tarzda saylovlarda g‘alaba qozonishni istayotganini ta'kidlamoqda.

Demokratlar esa epidemiya sababli odamlar shu yo‘lni tanlayotgani va ovoz berish jarayonini osonlashtirish kerakligini ta'kidlashmoqda.

Pochta orqali ovoz berish nimani anglatadi?

AQSh saylov qonunchiligiga binoan, saylovchi ma'lum vaziyatlarda saylov uchastkasiga bormasdan – pochta orqali ovoz berishi mumkin.

Covid-19 epidemiyasiga qadar AQShning faqat bir necha shtatlaridagi saylovchilargina pochta orqali ovoz berishgan.

Mamlakatning aksariyat shtatlari esa, aksincha, uzrli sabab keltirgan saylovchilarga (chet elda bo‘lish, kasallik, majburiy xizmat, harbiy xizmat va h.k.) oldindan murojaat qilish sharti bilan pochta orqali ovoz berish imkoniyatini taklif qilgan. Boshqa ba'zi shtatlar esa hech qanday sabab-bahonasiz, agar ariza bilan murojaat qilinsa, saylovchiga pochta orqali ovoz berish imkonini yaratgan.

Ta'kidlash joizki, mamlakatni qamrab olgan Covid-19 epidemiyasi ushbu barcha o‘rnatilgan an'analarga sezilarli ta'sir ko‘rsatmoqda. Ko‘plab shtatlar epidemiyani «asosli sabab» sifatida ko‘rsatgan holda, hech qanday ariza bilan murojaat qilinmasa-da, o‘ziing barcha saylovchilariga pochta orqali ovoz berish taklifini ilgari surmoqda.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, byulletenlar AQShning 9 shtati va poytaxt Vashington shahrida ro‘yxatdan o‘tgan 44 million saylovchiga (21 foiz) «avtomatik ravishda» – hech qanday arizasiz yuboriladi.

Qayd etish joiz, ushbu shtatlarning aksariyat qismida demokrat saylovchilar yetakchi o‘rinni egallaydi.

34 shtatda esa ro‘yxatdan o‘tgan 118 million saylovchi (57 foiz) «ariza bilan murojaat qilsalar, uylariga yuboriladigan byulletenlar» orqali ovoz berishlari mumkin. Bu odamlar uzrli vaj keltirishlari shart emas, ya'ni ular koronavirus epidemiyasini sabab sifatida ko‘rsata oladi.

Qolgan 7 shtatda ro‘yxatdan o‘tgan 46 million saylovchi (22 foiz) esa pochta orqali ovoz berish uchun Covid-19’dan boshqa «uzrli sababni taqdim etishi» lozim. Ushbu shtatlarda respublikachilarning salmog‘i ko‘pchilikni tashkil qiladi va ularning 3 noyabr kuni saylov uchastkalarida ovoz berishi kutilmoqda.

Tramp nega qarshi chiqmoqda?

Prezident Tramp byulletenlarni avtomatik ravishda barcha saylovchilarga hech qanday arizasiz yuborilishiga yoki uzrsiz sabab keltirilmagan taqdirda pochta orqali ovoz berishga qarshi chiqmoqda.

Tramp an'anaviy ravishda sabab keltirganlarga saylov byulleteni yuborilishiga qarshi emasligini bildirmoqda. Ammo u biror sabab keltirilmagan holda pochta orqali ovoz berish tizimi demokratlarga foyda keltiradi va bunda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yiladi, deb da'vo qilmoqda.

Amaliyot demokratlar foydasiga ishlashi taxmin qilinmoqda

Pochta orqali ovoz berish munozarasi fonida bu amaliyot demokratik frontga foyda keltirishi taxmin qilinmoqda.

Saylovda ishtirok etish jarayonida o‘zlari ko‘zlagan darajaga yetishish uchun kurashayotgan demokratlar 2016 yilgi saylovlarda Viskonsin, Pensilvaniya va Michigan kabi shtatlarda juda kam farq bilan Trampga imkoniyatni boy bergandilar.

Ushbu saylovlarda ishtirokni kuchaytirish uchun bor kuchi bilan harakat qilayotgan demokratlar uchun «pochta orqali ovoz berish» usuli bamisoli sovg‘adek bir gap. Ta'kidlash joizki, pochta orqali ko‘proq odamlarning ovoz berishi kutilmoqda. Bu holda ayniqsa, «nozik» shtatlarda Baydenning Trampdan oshib ketish ehtimoli ortadi.

Yana bir omil shundaki, epidemiya jiddiy salbiy ta'sir ko‘rsatadigan ijtimoiy segment – qariyalarning bu usul yordamida ovoz berishi oson va qulayroq.

So‘nggi so‘rovnomalarga ko‘ra, 65 yoshdan oshgan, yuqori xavf guruhiga kiruvchi odamlarning aksariyat qismi Tramp AQShdagi epidemiya jarayonini noto‘g‘ri boshqarmoqda, degan fikrda. Bu esa tabiiy ravishda keksa yoshdagi saylovchilarning ovozi Baydenga sezilarli darajada ustunlik berishini anglatadi.

Ushbu ikki asosiy sababni hisobga olgan demokratlar birinchi kundan e'tiboran pochta orqali ovoz berish amaliyoti va pochta jo‘natmalarini olib boruvchi USPS (The United States Postal Service – AQSh pochta xizmati) bilan bog‘liq barcha ehtiyot choralarini ko‘rishni istashmoqda.

3 noyabr kuni yangi prezident aniqlanmasligi ham mumkin

AQSh Konstitutsiyasiga ko‘ra, 3 noyabrda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovlarini, 14 dekabr kunidagi saylov kollegiyasi (Electoral College) a'zolari rahbari va o‘rinbosarlarini saylash, yangi prezidentning 2021 yil 20 yanvardagi inauguratsiya marosimi bilan bog‘liq sanalarni o‘zgartirish mumkin emas.

Konstitutsiyaga muvofiq, 3 noyabrdan so‘ng ovoz berish ham mumkin emas. Shuning uchun pochta orqali beriladigan barcha ovozlar kechi bilan 3 noyabr – seshanba kuni tegishli saylov markaziga yetkazilishi kerak.

Ovozlar o‘z vaqtida topshirilgan taqdirda ham, pochta orqali olingan ovozlarni hisoblash saylov qutilaridagi ovozlarni hisoblashdan ko‘ra ko‘proq vaqt talab etadi. Shuning uchun tomonlar o‘rtasida janjal kelib chiqishi ehtimoli yuqori. Nizo yuzaga kelganda esa hisoblash jarayoni uzaytiriladi.

Bunday vaziyatda ikkinchi muhim sana 14 dekabr bo‘lib, unda barcha shtatlarning saylov qo‘mitasi a'zolari aniqlanadi. Agar ushbu kunga qadar biror shtatda saylov qo‘mitasi a'zolarini aniqlash imkoni bo‘lmasa, ushbu delegatlar prezident va vitse-prezident uchun ovoz bera olmaydi.

Shu sababli 3 noyabrdan 14 dekabrgacha bo‘lgan taxminan 6 haftalik davrda AQShning barcha shtatlarida tegishli delegatlar aniqlanishi va tasdiqlanishi kerak. Bu ham natijalari bir-biriga juda yaqin bo‘lgan shaharlarda yoki shtatlarda partiyalarning e'tirozlari tug‘ilishiga va ovozlarni qayta sanash kabi ehtimoliy ssenariylarni keltirib chiqarishi mumkin.

Agar natijalar yaqin bo‘lsa, pochta orqali yuborilgan yuz minglab, ehtimol, millionlab ovozlar bahsga sabab bo‘lishi, bu esa Konstitutsiyada belgilangan sanalarning qat'iyligini so‘roq ostiga olishi mumkin. Bunday vaziyatda 3 noyabr kuni AQShning yangi prezidenti aniqlanmasligi ham mumkin.

Ssenariy 2000 yildagidek sudda yakunlanishi mumkin

3 noyabr saylovlaridagi eng muhim masala millionlab ovozlarni pochta orqali saylov markazlariga o‘z vaqtida yetkazib berish va ovozlarni o‘z vaqtida hisoblash bo‘lib turibdi.

Ushbu jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan barcha muammolar va tomonlarning e'tirozlari taqvimdagi vaqtning yo‘qolishini anglatadi. 2000 yilda Florida shtatidagi mojaro tufayli cho‘zilgan saylov jarayoni nihoyat Oliy sudda yakunlangandi va o‘shanda respublikachilar g‘alaba qozongandi.

Ushbu saylovda aksariyat joylarda nomzodlar juda yaqin natijalarga erishishi mumkin. Shu sababli partiyalar o‘z e'tirozlarini rasmiy ravishda bildirishlari ehtimoldan xoli emas.

Trampning «pochta orqali ovoz berishda firibgarlik yuz berishi mumkin» degan da'vosidan tashqari, garchi ushbu jarayonda hech qanday qonun buzilish holati kuzatilmagan taqdirda ham, agar pochta ovozlarini qayta sanashga to‘g‘ri kelsa, 3 noyabr kuni yangi prezident nomi ma'lum bo‘lmasligi mumkin.

Amaldagi siyosiy qutblanish hisobga olinsa, 3 noyabr – seshanba kuni Amerika siyosiy tarixida ushbu noyob manzara paydo bo‘lishi hech gap emas.

Bunday vaziyat yuzaga kelmasligi uchun nomzodlardan biri hal qiluvchi «nozik» shtatlarda aniq va katta farq bilan g‘alaba qozonishi lozim. Garchi hozirgi so‘rov natijalarida Bayden oldinda borayotgan bo‘lsa-da, Tramp o‘z saylov ommasini yaxshiroq safarbar qila olishi mumkinligini ham inkor etib bo‘lmaydi.

Savollar esa oz emas: 2016 yildagi ssenariy kabi bu safar ham Bayden butun mamlakat bo‘ylab ko‘proq ovoz olsa-da, g‘alabani Trampga «ilib» ketadimi yoki Bayden so‘rovnomalar ko‘rsatganidek, AQShning yangi prezidenti etib saylanadimi? Yoki 2000 yilda bo‘lgani kabi Amerika xalqi o‘zining yangi prezidenti kim ekanligini Oliy sud sudyasidan bilib oladimi?

Bularning barchasiga esa vaqt javob beradi. 

Mavzuga oid