O‘zbekiston | 20:32 / 02.09.2020
24111
5 daqiqa o‘qiladi

Face-ID muammolari, osonlashgan testlar, kechikayotgan abituriyentlar - Toshkentdagi imtihonlardan videoreportaj

2 sentyabr kuni soat 8:00da respublika oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi. Imtihonlar stadion va xiyobonlarda, ikki smenada o‘tkazilib, har bir smenaga 3 soat vaqt ajratilmoqda. Ertalabki smena soat 8:00dan, kechki smena 17:00dan boshlanyapti.

Imtihon hududlarida bir necha bosqichli nazorat posti tashkil etilgan. Birinchi postda abituriyent harorati o‘lchanib, qo‘llari dezinfeksiya qilinadi. Keyingi post ichki ishlar nazorat posti bo‘lib, bunda abituriyentda imtihonga olib kirish taqiqlangan vositalar bor-yo‘qligi tekshiriladi. So‘ng abituriyentning shaxsi, DTM ruxsatnomasi tekshiriladi. Oxirgi postda imtihonga kiruvchilarga bir martalik qo‘lqop va yangi niqob beriladi.

Kun.uz muxbirlari Toshkent shahridagi imtihonlarni kuzatib, jarayon ishtirokchilari bilan suhbatlashdi.

Iroda Azamatova, «Ashxobod» sayilgohida tashkillashtirilgan imtihon hududi sektor rahbari:

– Bugun kelishi mo‘ljalangan 1590 abituriyentning 95 nafari testga kelmadi. Imtihonga kiruvchi abituriyentlar bir martalik tibbiy niqob, qo‘lqop, ichimlik suvi va ruchka bilan ta'minlanadi. Birinchi smena tugagandan so‘ng, 12:00dan 14:00gacha ikkinchi smena uchun dezinfeksiya ishlari olib boriladi. Ushbu hududda imtihonga kirish jarayonida taqiqlangan buyumlarni olib kirishga urinish holatlari kuzatilmadi.

Iroda Azamatova

Bobur Yusupov, Talabalar xiyoboni hududiga biriktiligan DTM xodimi:

― Talabalar xiyobonida umumiy 2ta sektor tashkil etilib, hudud 2280 o‘ringa mo‘ljallangan. Bugun imtihonga qatnashishi kerak bo‘lgan abituriyentlardan 128 nafari test sinovlariga kelmadi. Yana ikki nafar abituriyent esa imtihon hududiga taqiqlangan vositalarni olib kirishga uringani sababli test sinovlaridan chetlashtirildi.

Bobur Yusupov

Nizomiddin Ochilov, «Paxtakor» stadionidagi sektor rahbari:

― Imtihon jarayonlarida kuzatilgan asosiy kamchilik – abituriyentlarning o‘z vaqtida kelmaganligida bo‘ldi. Abituriyentlar kirish vaqtining oxiriga taqab, kechikib kelishyapti. Qayd varaqalarida ko‘rsatilgan vaqtdan kechikib, pasportini unutib qoldirib, abituriyent ruxsatnomasisiz kelish holatlari ham uchradi. Bunday holatlarda biz abituriyentlarga pasportlarini olib kelishlari uchun ruxsat berdik.

Shuningdek, bugun ayrim nozsozliklar sabab yuzni tanib olish tizimidan foydalana olmadik. Buni hal qilish uchun mutaxassislar jalb qilindi. Ikkinchi smenada abituriyentlarni yuzni tanib olish tizimi orqali imtihon hududlariga kiritishga harakat qilamiz.

Nizomiddin Ochilov

«Paxtakor» stadioni hududida tashkillashtirilgan imtihon davomida abituriyentlar orasida tanlangan mutaxassislik tili yuzasidan tushunmovchiliklar kelib chiqdi. Bu tushunmovchilik yuzasidan DTM Chet tillari boshqarmasi boshlig‘i Elvira Urayeva izoh berdi:

― Bizda abituriyent tilni tanlayotganda ingliz tilimi, xitoy tilimi – aniq ko‘rsatadi. Sharq tilidan variant savollari faqat o‘sha sharq tilida beriladi. Shuningdek, test ham o‘sha til alifbosida beriladi. Abituriyent fors tilini ko‘rsatgan bo‘lsa, savollar kitobining boshidan oxirigacha matn fors tilida berilgan bo‘ladi.

Elvira Urayeva

Muqaddas Qurbonaliyeva, abituriyent:

― Birinchi marta imtihon topshirayotganim sababli boshida hayajon bo‘ldi. Pandemiya bir tomondan bizga yordam berdi. Uyda o‘tirib, erkinroq tayyorlanish imkoni bo‘ldi.

Durdona Isajonova, abituriyent:

― Besh yildan buyon o‘qishga hujjat topshiraman. Bu yil testlar juda oson bo‘ldi. Ko‘rib hayron qoldim. Juda tez ishlab chiqdim, o‘qishga kiraman degan umiddaman.

Risolat Elmurodova, ona:

― O‘g‘lim O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetiga topshiryapti. Katta orzulari bor. Kirishiga umid qilaman. Ikki yildab buyon tayyorlanmoqda.

Abiturentlar orasida farzandi bilan birga imtihon topshirayotgan ota-onalarga ham duch keldik.

Shijoat Sharipova, ona:

― Qizim Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga topshirdi. O‘zim ham imtihondan chiqyapman. Farzandlarimiz qatori biz ham kuchimizni sinab ko‘raylik, degan maqsadda topshirdik...

Mavzuga oid