O‘zbekiston | 21:04 / 08.09.2020
56369
16 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekistonda ommalasha boshlagan ACCA dasturi: u nima, kimlar uchun va qanday foydasi bor?

Zamonaviy dunyoda kasblar turli-tuman bo‘lganidek, ularni baholash, mutaxassislar malakasini belgilash mezonlari ham xilma-xil. Xususan, ingliz tilini bilish mezoni sifatida IELTS, TOEFL, CEFR kabi imtihonlar mavjud. Til bilishdan tashqari, malaka sertifikati talab etiladigan muhim sohalardan biri – auditorlar, hisobchilar va moliya sohasi mutaxassislaridir. Bu sohaning xalqaro bilim darajasini belgilash mezoni sifatida ACCA dasturlari qabul qilingan.

Kun.uz muxbiri bugungi kunda ACCA dasturlari bo‘yicha O‘zbekistonda ta’lim olishni yo‘lga qo‘ygan mutaxassislar bilan suhbat uyushtirdi.

Suhbatdoshlarimiz Toshkentdagi Yodju texnika instituti rektori Jonpo‘lat Kudaybergenov; AFIM asoschisi va rahbari Ixtiyor Xudoyorov; «Express IELTS» NTM asoschisi Aziz Abdurazzoqov; ACCA a’zolari – Sherzod Inog‘omov, Shahzod Erkinov, Sanjar Jabbor; talabalar – Behzod Hayitov, ACCA-Simpson granti sovrindori Behzod Tojiboyevlar bo‘lishdi.

– Bugungi kunda O‘zbekistonda ACCA asosidagi ta’lim tizimi unchalik ham keng tarqalmagan. Shu sababli, dastavval ACCA nimaligini tushunib olsak.

Jonpo‘lat Kudaybergenov

– ACCA'ning kengaytmasi – The Association of Chartered Certified Accountans bo‘lib, bu atama inglizchada keng ma’noda qo‘llaniladi. So‘zma-so‘z tarjimasi «Diplomli va sertifikatlangan buxgalterlar uyushmasi» degan ma’noni anglatadi. Shu bilan birga, inglizchadagi accountant so‘zi keng ma’noda qo‘llanilishini inobatga olib, bu so‘zni buxgalter yo hisobchi deb tushunish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu so‘z turli kontekstda turlicha – auditor, soliqchi, moliya menejeri, hisobchi yoki moliya direktori degan ma’noni bildiradi. Ushbu o‘quv dasturida o‘qib, tugatgach, istalgan korxonada ishlab, moliya departamentini «A»dan «Z»gacha boshqara oladigan moliya menejeri bo‘lish mumkin.

ACCA’ni biznes boshqaruvini o‘rgatadigan assotsiatsiya deb ham tushunsa bo‘ladi. Bu assotsiatsiyaning 13ta fanni o‘qitadigan dasturi bo‘lib, uning ichida buxgalteriya asosiy soha hisoblanadi. Shuningdek, dastur ichida moliya boshqaruvi, soliq, tijorat huquqi, IT, biznes boshqaruvi kabi yo‘nalishlar ham bor. Ko‘pchilikda bu yo‘nalishda o‘qigandan keyin kim bo‘lish mumkinligi haqida savol tug‘iladi. ACCA sertifikatini olgan talaba yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlarda bemalol ishlay oladi.

– O‘zbekistonda ACCA dasturi bo‘yicha ta’lim beradigan ta’lim maskani bormi?

Aziz Abdurazzoqov

– ACCA tashkilotining Markaziy Osiyodagi bosh vakolatxonasi Qozog‘istonda joylashgan. Lekin ACCA imtihonlarini 192ta mamlakatda ham topshirish mumkin. Imtihonlarning barchasini Britaniya Kengashi (British Council) o‘tkazadi va boshqaradi. Imtihonlarni ham o‘zlari tuzishadi, talabgorlar faqat imtihon topshiradi.

Moliyaviy hisobot xalqaro standartlari O‘zbekistonda ham juda dolzarb mavzuga aylandi. Chunki O‘zbekiston korxonalari 2021 yilning 1 yanvaridan boshlab moliyaviy hisobot bo‘yicha xalqaro standartlarga o‘tyapti. Ya’ni aynan ACCA'da moliyaviy hisobot xalqaro standartlari yuritiladi.

– ACCA dasturlarini Toshkentdagi Yodju texnika institutida o‘rganishning afzalliklari bormi? Bu yo‘nalish biz uchun qanchalik muhim soha hisoblanadi?

– 2018 yilda O‘zbekistonda ilk bora xorijiy investorlar bilan birgalikda qo‘shma institut ochildi. Bu – Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti edi. Institut oldiga zamonaviy ta’lim yo‘nalishlari, dasturlari va boshqa kasbiy malaka kurslarini talabalarga taqdim qilishni maqsad qilib qo‘ygan. Institut Koreya Respublikasining oliy ta’lim muassasalari bilan double degree dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, 10 nafar talabamiz Koreya Respublikasining Hanyan universitetida 3 va 4-kurs o‘qishlarini davom ettiradi. Hanyan universiteti esa, bugungi kunda Koreyadagi 10ta kuchli universitetlardan biri hisoblanadi.

Ixtiyor Xudoyorov

ACCA dasturi – kasbiy-malakaviy dasturdir. Bizda talabalar 18ta ta’lim yo‘nalishida tahsil olyapti. Talabalar o‘qish davomida ushbu dasturga qo‘shilib, bakalavrga qo‘shimcha uni ham o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Dastur O‘zbekistonga endi kirib kelyapti, shuning uchun savollarning ko‘pligi tabiiy. Bu bo‘yicha bugun to‘liq ma’lumot berishga harakat qilamiz.

Ushbu dasturda tahsil olishni istagan talabalarimiz uchun 20 foizdan 50 foizgacha chegirmalarni nazarda tutyapmiz. Agar tashqaridan keladigan talabalar bo‘lsa, biz oktyabrdan ACCA Foundation kurslarini ochyapmiz. ACCA Foundation’da 7ta fan bor. Agar shu fanlarni muvaffaqiyatli tugatib, yuqori ballarni olsa, «ACCA Foundation in accounting and business» diplomini oladi. Bu diplomni olib, ular bizning buxgalteriya yoki moliya ta’lim yo‘nalishlariga topshirishlari mumkin. Buning uchun ular oldin fanlar farqini topshirib, keyin ikkinchi kursdan o‘qishni davom ettira olishadi. Mabodo 7ta fandan fanlar farqini tugatolmasa, «Intermediate» sertifikatini olishi kerak. Shundagina yuqorida aytilgan 2ta yo‘nalishda imtihonsiz 2-kursdan o‘qishni davom ettirishlari mumkin bo‘ladi.

ACCA kurslari oktyabrdan boshlanadi. Agar talaba o‘qimaydigan bo‘lsa, 1-2 hafta ichida sinab, uni o‘quv jarayonidan chetlashtiramiz.

– Masalan, 30 yoshdagi hisobchi, auditor, buxgalter ingliz tilini biladi va ACCAni olmoqchi. Bu dasturda yosh cheklovi bormi?

Sanjar Jabbor

– 18 yoshdan yuqorilar topshira oladi. Chunki bu yerda nafaqat o‘qish, balki kasbiy malaka, bilim va tajriba ham muhim. Ya’ni ACCA sertifikatini olish uchun 3 yillik tajriba bo‘lishi kerak. ACCA'ga sifat deb qarash to‘g‘ri bo‘ladi.

Diplom va ACCA sertifikati farqini tushuntiradigan bo‘lsam, oliygohlarni bitirgandan keyin talabada nazariy bilimlar bo‘ladi. ACCA talabgordan 3 yillik tajribani talab qilgani uchun, ACCA a’zosi bo‘lgandan keyin ishga joylashish ham osonlashadi. ACCA dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida tan olingan. Amerikaning CPA (Certificate of Public Accounting) degan sertifikati bor. Lekin shunda ham ACCA Amerikaning ko‘plab tashkilotlariga o‘tadi.

– ACCA dasturini o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda. Nima uchun NTMlar bilan hamkorlik qilinmoqda, buning ma’lum bir sababi bormi?

Shahzod Erkinov

– 2018 yili, Yodju texnika instituti ochilganda bu g‘oya paydo bo‘lgan. ACCA nodavlat ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilishining sabablaridan biri – davlat universitetlari dasturi o‘z yo‘nalishi bo‘yicha tuzilgan bo‘ladi. ACCA dasturi faqatgina diplom olish uchun emas, oxirida bilimli, malakali mutaxassis tayyorlash uchun tuzilgan. ACCA amaliy ko‘nikma va bilimni o‘rgatishga asoslanadi.

Ikkinchidan, ularning bosh ofisi faqat NTMlar bilan hamkorlik qiladi. Ofis universitetlarga litsenziya bermaydi. NTMlarning o‘zi litsenziya oladi va ular ACCA o‘quv dasturidan ta’lim beradi. Bunda ikki tomonlama samara bo‘ladi. Natijada ham chetdan kelganlarga, ham talabalarga o‘qish imkoniyati yaratiladi.

– Talabalarga kimlar ta’lim beradi?

– O‘qituvchi kamida ACCA a’zosi yoki o‘z fanining yetuk mutaxassisi bo‘lishi kerak. Misol uchun, tijoriy huquq fanidan dars berish uchun ACCA a’zosi bo‘lish shart emas, ammo o‘qituvchi huquqshunos bo‘lishi kerak. F1, F2, F3, FA1, FA2, MA1, MA2 fanlaridan dars beruvchilar esa ACCA a’zosi bo‘lishlari shart.

– Talabalarni baholash mezoni bormi va u qanday?

Sherzod Inog‘omov

– Hozir ACCA imtihonlarini yiliga 4 marta topshirish mumkin. Imtihonni British Council oladi. Shuningdek, imtihondan tashqari MOCK-imtihonlar ham mavjud. Bu orqali talabalar o‘z bilimlarini sinab ko‘rishlari mumkin.

– ACCA imtihoni IELTS'ga o‘xshaydimi?

– IELTSga o‘xshamaydi, biroq moliya sohasi mutaxassislarining bilimini baholash tizimi hisoblanadi. Uning 13ta fandan imtihoni bor. Shularni muvaffaqiyatli topshirib, 3 yillik tajribaga ega bo‘lib, ACCA a’zosiga aylanishingiz mumkin.

ACCA imtihonlarida o‘tish balli – maksimal ballning 50 foizi. Uning imtihonlari dunyo bo‘yicha bir xil vaqtda, birdaniga boshlanadi. Imtihonga berilgan 3 soat vaqt tugamaguncha hech kim hududdan chiqarib yuborilmaydi. Bu adolatni ta’minlash uchun bajariladi. Qiyinchilik darajasiga ko‘ra ham o‘rta darajadagi imtihonlar universitetlardagi sinovlardan 2-3 baravar qiyinroq.

Masalan, qo‘lida universitetning magistr diplomi bo‘lgan xodimdan ham kompaniya ACCA sertifikatini so‘rashi mumkin. Chunki ACCA dasturida beriladigan bilimlar shu sohadagi boshqa ta’limlardan ko‘ra muhimroq va dolzarb bo‘ladi. Bunday sertifikatni olgan xodimning kompaniya uchun foydasi katta bo‘ladi.

ACCA dasturida ta’lim olishni qancha vaqtli boshlasa, shuncha yaxshi. 1-kursda o‘qiyotgan paytingizdan bu dasturni o‘qib olsangiz, ishlash jarayonida qiynalmaysiz, osonroq bo‘ladi.

– O‘zbekistonda sizlarga raqobatchi, ya’ni ACCA bo‘yicha ta’lim beradigan yana boshqa tashkilotlar bormi?

– O‘zbekistonda 5ta NTM ushbu dastur bo‘yicha ta’lim berish litsenziyasini qo‘lga kiritgan.

– Nega bu narsa juda tor doirada ma’lum bo‘lgan?

– Bu dasturni bosqichma-bosqich o‘qish kerak. Ko‘pincha bunday bilimni faqat chet el kompaniyalari tan olib, talab qilishadi. 2021 yildan O‘zbekistondagi korxonalar ham bunday sertifikatni talab qilishni boshlaydi. Chunki prezident qarori bilan moliyaviy hisobot borasida xalqaro standartlarga o‘tishga doir muhlat belgilandi. Keyingi 1 yil ichida bundan juda ko‘pchilik xabardor bo‘ladi. Ammo ACCA ingliz tilida o‘qitilishi sabab biroz qiyinchilikka duch kelish mumkin. Chunki bizda ingliz tilini yaxshi biladigan abituriyentlar ulushi taxminan 10 foiz.

– Demak, ACCA dasturida o‘qish uchun ingliz tili darajasi ham yuqori bo‘lishi kerakmi?

– Dastur xalqaro bo‘lgani uchun uni ingliz tilida o‘rgangan afzal. Bizning «Express IELTS» o‘quv markazimizda Pre-ACCA English degan qism bor. Markazda 5-8 oyda o‘quvchi IELTS darajasi 5ga olib chiqiladi. Keyin u ACCA Foundation bosqichiga o‘tadi. Bundan keyin ham biz bolani ACCA dasturini boshlash uchun 6-6,5 darajaga yetishida ingliz tilini o‘rgatamiz.

Bu dastur talaba dunyoqarashiga ham ta’sir qiladi. U xodimga faqat moliyaviy bilimni emas, balki kompaniya foydasi yoki zarari haqida o‘ylashni ham o‘rgatadi. Yana bir narsani aytish kerak, o‘qishda siz qaysidir fanlardan ozod etilishingiz mumkin. Aytaylik, siz 6ta fandan ozod etildingiz, lekin siz uchun 7-8-fanlarni o‘qish qiyin bo‘ladi. Shuning uchun yaxshisi F1’dan boshlagan ma’qul. Ikkinchidan, ish beruvchilar xodimdan bu fanlarni o‘qigan yoki yo‘qligini ham so‘rashmoqda. Bu farmatsevtika, investitsiya fondlarida talab qilinadi.

Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, ACCA ham ta’lim, ham malaka beradi. ACCAning 13ta fanini o‘qib topshirish jarayonida sizning qo‘lingizda bakalavr va magistr diplomi ham bo‘ladi.

– Diplomni qanday qo‘lga kiritish mumkin?

– ACCAni o‘qiyotgan kishi 9ta fanni bitirib, Oxford Brooks universitetining diplomini olish huquqiga ega bo‘ladi. Ya’ni imtihonda universitet taqdim etgan mavzulardan biri tanlanib, dissertatsiya yoziladi. Shu bilan siz ushbu universitetning buxgalteriya va moliyaviy hisobot yo‘nalishi bo‘yicha Bakalavr diplomini olishingiz mumkin bo‘ladi.

– Demak, F9 imtihonni topshirib, Oksfordda o‘qimay turib u yerning diplomini olish mumkin bo‘ladi?

– Xuddi shunday.

– Masalan, ishlovchi kishi ishdan tashqari jarayonda ACCA dasturida o‘qishi mumkinmi?

– ACCA dasturini o‘qiyotganingizni bilgan korxona o‘zi sizga qiziqishni boshlaydi, hattoki imtihon pullarini ham to‘lab, vaqt ajratib berishga ham harakat qiladi. Chunki bundan kompaniya foyda ko‘radi.

Toshkentdagi Yodju texnika institutida ACCA dasturini o‘qitish kurslarining vaqtlari ham xar xil paytda bo‘ladi. Kurslar ertalab, tushdan so‘ng va kechki payt ham tashkil etiladi. Ya’ni ishlab turgan mutaxassislar uchun ham o‘rganish uchun imkoniyat taqdim etiladi.

Shu bilan birga, alohida ta’kidlash kerak, ACCA dasturi bo‘yicha tahsil olish uchun kursga borish shart emas. O‘rganuvchining o‘zi onlayn ro‘yxatdan o‘tib, kitoblarini xarid qilib, mustaqil tayyorlansa ham bo‘ladi.

Buning IELTS bilan o‘xshash tomoni ham mustaqil tayyorlanish imkoniyatining mavjudligida. Ammo bunda ham boshida F7 darajasigacha o‘qituvchi bilan ishlash kerak. Chunki o‘qituvchisiz o‘quvchi ko‘proq vaqt sarflashi mumkin.

– ACCA Simpson granti haqida ham ma’lumot bersangiz.

– ACCA Simpson granti tuzilishidan maqsad – ACCA iqtidorli talabalarini taqdirlashdir. Bunda nomzod dastlab fundamental fanlarni 80 foizdan yuqori balga topshirishi talab etiladi. So‘ngra grantni olgandan keyingi rejalari haqida mingta so‘zli insho yozishi kerak bo‘ladi. Unda grant sizning ish faoliyatingiz, siz yashab turgan jamiyat va undagi buxgalteriya sohasiga, ACCA a’zoligiga qanaqa ko‘mak berishi mumkinligi haqida yoziladi.

Grant ACCA dasturi to‘lovlarini va imtihon to‘lovlarini, a’zolik to‘lovlarini qoplaydi. Shuningdek, ACCA siz tanlagan kitob va darsliklarini O‘zbekistonga yetkazib beradi.

ACCA Simpson grantining asosiy talabi – F1, F2, F3 imtihonlaridan birinchi urinishda 80 balldan yuqori olish. Shuningdek, yillik to‘lovlarni to‘lagan bo‘lishingiz talab etiladi. Grant bir yilda dunyo bo‘yicha 5 kishiga beriladi.

– Bilishimcha, ushbu o‘quv dasturini muvaffaqiyatli yakunlagan talabalarga Toshkentdagi Yodju texnika instituti diplomi ham beriladi, shundaymi?

– ACCA dasturi bo‘yicha tahsil olib, uning 9ta imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda Oxford Brooks universitetining bakalavr darajasini olgan talabada Toshkentdagi Yodju texnika institutining o‘z yo‘nalishida bakalavr diplomini olishga ham imkoniyat bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida: Association of Chartered Certified Accountans (ACCA) — bu moliya va hisob-kitob sohasidagi professional mutaxassislarning global uyushmasi bo‘lib, 1904 yilda tashkil etilgan. U Qirollik xartiyasi bilan tartibga solinadi. Uyushma 208 000 a’zoga, 178 mamlakatda 503 000 talabasiga ega. ACCA bosh qarorgohi London shahrida, ma’muriy idorasi Glazgoda joylashgan.

ACCA 52ta mamlakatdagi 104dan ortiq hududiy idoralar faoliyatini muvofiqlashtiradi. Xalqaro buxgalterlar federatsiyasi a’zosi hisoblanadi.

Ushbu dastur asosida o‘qib, sertifikat olishni istovchilar quyidagi raqamlarga murojaat qilishlari mumkin:

93 573 12 08
90 988 41 11
99 393 41 11
99 392 41 11

Toshkentdagi Yoju texnika instituti: ytit.uz

Instagram, Telegram

Mavzuga oid