Jahon | 21:48 / 11.09.2020
31312
15 daqiqa o‘qiladi

9/11. Dunyoga xaos urug‘ini sepgan Nyu-York teraktiga 19 yil bo‘ldi

Dunyoning biznes markazi – Nyu York... Oddiy kunlardan biri. Ko‘p qavatli binoda odatdagiday ish qizg‘in. Shu payt bino juda qattiq silkinib ketadi. Odamlar nima bo‘lganini tushunishga ulgurmay, tepa qavatlardan beton bo‘laklari pastga uchib tusha boshlaydi. Ko‘p o‘tmay yong‘in kelib chiqadi va 100 qavatli bino batamom qulab tushadi. Uning yonidagi ikkinchi 100 qavatli bino ham shu tariqa qulaydi. Bu voqealarga 19 yil bo‘ldi.

2001 yil 11 sentabr kuni AQShda fuqaro aviatsiyasiga tegishli to‘rtta samolyot olib qochiladi. Birozdan keyin o‘sha samolyotlar bilan turli binolarga hujumlar amalga oshiriladi. Oqibatda AQShning eng yirik shahri Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi joylashgan ko‘p qavatli egizak binolar kunpayakun bo‘ladi.

Ko‘p o‘tmay AQSh Mudofaa vazirligining bosh idorasi – Pentagonda ham terakt uyushtiriladi. Ko‘plab odamlar halok bo‘ladi, tan jarohati oladi. Bugun o‘sha egizak binolar o‘rnida yodgorlik majmuasi barpo qilingan.

Albatta, qulab tushgan binolar o‘rni vayrona holida qolib ketmaydi. Oradan 1 yil o‘tib, Jahon savdo markazi binolari o‘rnida yangi binolar qurilishi boshlanadi. Yangi Jahon savdo markazi deb atalayotgan joyda jami turli balandlikdagi 7ta bino quriladi. Ularning eng balandi 2014 yilda qurib bitkazilgan 541 metrli bino hisoblanadi.

Hodisa tafsiloti

11 sentabr kuni ertalab bir guruh terrorchilar (keyinchalik AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi va Federal qidiruv byurosi ularni Usama bin Lodin boshchiligidagi «Al-Qoida» jangari guruhiga mansub deb e’lon qilgan) AQShning American Airlines va United Airlines avikompaniyalariga tegishli to‘rtta samolyotni garovga oladi.

  • Bular 11-reys bilan Bostondan Los-Anjyelesga qarab uchayotgan American Airlines avikompaniyasiga tegishli Boeing 767 samolyoti;
  • 175-reys bilan Logandan Los-Anjyelesga qarab uchayotgan, United Airlines avikompaniyasiga tegishli Boeing 767 samolyoti;
  • 77-reys bilan Vashingtondan Los-Anjyelesga qarab uchayotgan American Airlines avikompaniyasiga tegishli Boeing 757 samolyoti;
  • 93-reys bilan Nyu-Yorkdan San-Fransiskoga qarab uchayotgan United Airlines avikompaniyasiga tegishli Boeing 767 samolyoti.

Avvaliga 11-reys bilan Bostondan Los-Anjyelesga qarab uchayotgan Boeing 767 samolyoti terrorchilar tomonidan egallangach, Nyu-Yorkdagi egiz binolarning shimol tarafdagisiga borib uriladi. Oqibatda binoga jiddiy shikast yetadi. O‘shanda soat millari mahalliy vaqt bilan 08:46ni ko‘rsatayotgan edi. Samolyot binoning 94-98 qavatlari oralig‘iga uriladi.

Oradan 15 daqiqa o‘tib, 175-reys bilan Logandan Los-Anjyelesga qarab uchayotgan ikkinchi Boeing 767 samolyoti egiz binolarning janub tomondagisiga borib uriladi. Soat 09:02da sodir bo‘lgan bu hodisada samolyot binoning 78-85 qavatlari oralig‘iga uriladi.

Soat 9:37da 77-reys bilan Vashingtondan Los-Anjyelesga qarab uchayotgan Boeing 757 samolyoti Vashington yaqinidagi Pentagon binosiga borib uriladi.

93-reys bilan Nyu-Yorkdan San-Fransiskoga qarab uchayotgan to‘rtinchi Boeing 767 samolyoti soat 10:03da Pensilvaniya shtatida dalaga qulab tushadi.

Yetkazilgan zarar va yo‘qotishlar
Bu hujumlar oqibatida Jahon savdo markazi joylashgan ikkita egizak bino qulab tushadi va batamom vayron bo‘ladi. Pentagon binosining bir qismiga zarar yetadi. Egiz binolarning qulab tushishi atrofdagi bir qancha binolarga ham jiddiy zarar yetkazadi.

Ushbu terrorchilik hodisasi oqibatida jami 2977 kishi halok bo‘ladi:

  • Samolyot yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari bo‘lgan 246 kishi;
  • Nyu-Yorkdagi egizak binolar va ularning atrofida bo‘lgan 2 606 kishi;
  • Pentagon binosida bo‘lgan 125 kishi.
  • Bundan tashqari, 6 300 kishi turli tan jarohatlari oladi.

Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi joylashgan egizak binolarda dunyoning ko‘plab kompaniyalariga tegishli ofislar joylashgan edi. Shu sababli, bu yerda halok bo‘lganlarning aksariyati dunyoning turli mamlakatlaridan kelib ishlayotganlar edi. O‘shanda halok bo‘lganlar orasida 91 mamlakat fuqarolari bo‘lgan. Ular orasida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor edi.

Nyu-Yorkdagi egizak binolarda bo‘lganlarning 1 366 nafari samolyot binoga borib urilganda, qolganlar esa kelib chiqqan yong‘in tufayli va binolar qulab tushganda halok bo‘lgan.

Bundan tashqari, ushbu halokatda:

  • 341 nafar yong‘inga qarshi kurash bo‘limi xodimi;
  • 60 nafar politsiya xodimi;
  • 8 nafar tibbiyot xodimi halok bo‘lgan.

Nyu-Yorkda halok bo‘lganlardan 1 600 nafarining shaxsini aniqlashning imkoni bo‘lgan. 1 100 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblangan. Keyinchalik vayronalar ostidan o‘n mingdan ortiq turli inson suyaklari topilgan.

Foto: Reuters

Ko‘pchilik insonlarning halok bo‘lishidan tashqari bu hodisa AQShga juda katta moddiy va moliyaviy zarar yetkazdi. Birinchi navbatda Nyu-Yorkdagi egizak binolarni sug‘urta qilgan kompaniya bankrot bo‘ldi.

Har yili shu kuni voqea joyiga marhumlarning yaqinlari tashrif buyurishadi. Foto: Reuters

AQShdagi NASDAQ fond birjasi 11 sentabrdan 17 sentabrgacha ishlamadi. Ushbu fond birjasining bunchalik uzoq tanaffus qilishi hodisadan 70 yil avval - 1928-1932-yillarda AQShda yuz bergan iqtisodiy va moliyaviy inqiroz paytida sodir bo‘lgan. Fond bozorlari odatdagiday ishlay boshlaganda esa qimmatli bozorlar narxi keskin tushib ketadi va oqibatda AQSh kompaniyalari 1,2 trillion dollar mablag‘ yo‘qotadi.

Egizak binolar bo‘lgan hududda Tribute in Light installyatsiyasi o‘rnatilgan. Har yili 11 sentabr kuni projyektorlar yoqiladi. Foto: Reuters

Nyu-Yorkdagi egiz binolarning qulashi atrof-muhitga juda katta zarar yetkazadi. Binolar qulagandan so‘ng atrofga minglab tonna beton uyumlari, oyna siniqlari, metall parchalari, sellyuloza, asbest, qo‘rg‘oshin, simob kabi chiqindilar uyuladi. Ulardan havoga zaharli gazlar tarqay boshlaydi. Oqibatda Manhetten orolining havosi qattiq ifloslanadi va odamlar orasida kasallik ko‘payadi.

Terakt AQShda islomofobiya kuchayishiga sabab bo‘ldi
Ushbu terrorchilik hujumidan so‘ng amerikaliklarda musulmonlarga nisbatan nafrat uyg‘onadi va joylarda ularga qarshi hujumlar soni keskin ortib ketadi. O‘shanda AQShdagi juda ko‘p musulmonlar jabr chekadi. Odamlarda musulmonlarga qarshi noxush kayfiyat shakllanishida AQShdagi yetakchi nashrlar ham muhim rol o‘ynaydi. Ayrim nashrlar tinimsiz ravishda musulmonlarga qarshi targ‘ibot olib boradi. Ikkinchi tomondan esa o‘sha paytda AQSh Senatida, islom diniga e’tiqod qiladigan davlatlardan keladigan insonlarni mamlakatga kiritmaslik va bu yerda vaqtinchalik yashab yurgan musulmonlarni ham chiqarib yuborishni muhokama qila boshlashadi. Bunday radikal takliflar rad etiladi.

Yana bir qiziq jihati shundaki, aynan 11 sentabr hodisalaridan keyin musulmonlarga qarshi keng ko‘lamda targ‘ibot olib borilgani bilan aholi orasida islom diniga qiziqish ortib ketadi. Odamlar bu din haqidagi ma’lumotlarni ko‘proq izlay boshlaydi. Oddiy amerikaliklar orasida bu dinni qabul qiluvchilar soni ortadi.

Terrorchilik xuruji uchun javob
2001 yil dekabr oyida AQSh BMTning 1386-sonli rezolyutsiyasi qabul qilinishiga erishadi. Rezolyutsiyada dunyodagi terrorchilarni qo‘llab-quvvatlayotgan davlatlarga harbiy kuchlar yordamida zarba berish ko‘zda tutilgan edi. AQShning eng birinchi nishoni Afg‘oniston bo‘ladi. Ammo AQSh boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari terrorchilarga zarba berish uchun Afg‘onistonga avvalroq kirib bo‘lgandi. AQShning Afg‘onistondagi faol harbiy harakatlari 2001 yil 7 oktyabridan 2014 yil 28 dekabrigacha davom etadi.

O‘shanda AQSh birgina Afg‘onistonga qo‘shin kiritish bilan cheklanmaydi. Bill Klintondan so‘ng AQSh prezidenti bo‘lgan kichik Jorj Bush Iroq va uning rahbari Saddam Husaynning «dodini berish»ni xohlardi. 11 sentabr bahonasida bunga imkoniyat tug‘iladi. AQSh Iroq bilan 1990 yilda ham urushgan va qisqa muddatda Iroq yengilganiga qaramay, Saddam Husayn o‘z hokimiyatini saqlab qolgan edi. Qizig‘i shundaki, Iroq bilan birinchi urush bo‘lib o‘tganda AQShni Jorj Bushning otasi katta Jorj Bush boshqarayotgan edi. Shu tariqa ota-bola Bushlar o‘z hukmronligi davrida Iroqqa qarshi ikki marta urushgani bilan tarixda qoldi.

2003 yil 15 martda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Saddam Husaynni ag‘darish uchun Iroqqa bostirib kiradi. AQShning Afg‘onistonga bostirib kirishini 11 sentabr uchun qasos o‘laroq qabul qilganlar ham uning Iroqqa bostirib kirishini hazm qila olishmadi. O‘shanda AQSh harbiylarining Iroqqa bostirib kirishini ko‘pchilik qoralab chiqadi. Shunga qaramay, AQSh bu mamlakatni o‘z nazoratiga oldi.

AQSh armiyasi Iroqqa bostirib kirar ekan, ungacha kichik Bush OAV orqali «Iroqning xavfli kimyoviy qurollar ustida ish olib borayotgani, agar Saddam Husaynning tanobi tortib qo‘yilmasa, u atom bombasi yaratib olishdan ham qaytmasligi» haqida tinimsiz targ‘ibot olib boradi. Bunday targ‘ibotlar natijasida AQSh aholisi Iroqni o‘z davlati uchun eng asosiy dushman deb o‘ylay boshlaydi.

Xalqaro kuchlar Iroqqa bostirib kirgandan so‘ng bu yerda kimyoviy qurol yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

Iroqdan kimyoviy qurol topilmagach, kichik Bush boshchiligidagi AQSh rahbariyati qattiq tanqidlar ostida qolib ketadi. Ammo g‘isht qolipdan ko‘chgan, Iroq vayronaga aylanib bo‘lgan edi.

AQShning Iroqqa qarshi ikkinchi urushi Saddam Husayn uchun ayanchli tugaydi. U AQSh harbiylari tomonidan asir olinib, so‘ng sud qilinadi va 2006 yil 30 dekabr, Qurbon Hayiti kuni osib o‘ldiriladi. Keyinchalik AQSh Senati tayyorlagan hisobotda Saddam Husaynning xalqaro terrorchi guruhlar bilan aloqasi bo‘lmagani keltiriladi.

O‘shanda Iroq bosib olingach AQShning navbatdagi o‘ljasi kim bo‘lar ekan degan savol kun tartibiga chiqadi. Aksariyat siyosiy tahlilchilar AQSh–Eron urushi yuz berishini taxmin qila boshlaydi. Ammo Iroqdan kimyoviy qurol chiqmagani ortidan tanqidlar ostida qolib ketgan kichik Bush Eronga qarshi urush ochishga jur’at eta olmaydi.

AQShning Afg‘oniston va Iroqqa bostirib kirishi oqibatida bu ikki mamlakat batamom vayron bo‘ladi. Shu tariqa, AQSh 11 sentabr uchun oshig‘i bilan qasos olgandi desak bo‘ladi.

AQShning Afg‘oniston va Iroq urushiga sarflagan mablag‘lari
11 sentabr voqealari ortidan boshlangan harbiy kampaniyalarda AQSh hisobsiz mablag‘ ishlatadi.

O‘sha paytda AQSh Kongressi Afg‘onistondagi harbiy harakatlar uchun 815 milliard dollar, Iroqdagi urush uchun 686 milliard, boshqa xarajatlar uchun uchun 100 milliard dollardan oshiqroq mablag‘ ajratadi.

Shu tariqa, 2001 yildan 2014 yilgacha AQSh Afg‘oniston va Iroqda jami 1,6 trillion dollar mablag‘ sarflaydi. Yana bir ma’lumotga ko‘ra, AQSh 11 sentabr hodisasidan so‘ng harbiy xarajatlar uchun 6 trillion dollar mablag‘ sarflagan.

Agar AQSh Kongressi Afg‘oniston va Iroq urushi uchun ajratgan 1,6 trillion dollardan tashqari, bu mamlakat har yili 700 milliard dollar mablag‘ni o‘z harbiy xarajatlari uchun sarflab borishini inobatga olinsa, uning jami harbiy xarajatlar uchun 6 trillion sarflangani ham haqiqat bo‘lib chiqadi.

O‘shanda yillik harbiy xarajatlardan tashqari Afg‘oniston va Iroqda olib borilgan harbiy harakatlar uchun Qo‘shma Shtatlar har yili qo‘shimcha 100 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ sarflab boravergan.

11 senyabr hodisalari haqidagi shubhalar
11 sentabr xurujlari ro‘y berganda hammaning xayoli terrorchilarda va ularning hujumi tufayli kelib chiqqan yo‘qotishlarda bo‘ldi. Yuqorida yozilganday, bunga nafaqat AQShdagi balki dunyoning ko‘plab mamlakatlarida faoliyat olib borgan OAV ham yaxshigina hissa qo‘shdi. O‘shanda barcha bu teraktni qoralab chiqdi. Uning ijrochilarini jazolash talab qilindi. Ammo keyinchalik AQSh 11 sentabr hodisalariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan Iroqqa ham bostirib kirgandan so‘ng bu hodisa haqida turli shubha va gumonlar ham paydo bo‘la boshladi.

11 sentabr hodisalari sodir bo‘lgandan so‘ng ko‘plab olimlar bu hodisani sinchiklab o‘rgana boshlaydi. Ularning bir qismi 11 sentabr hodisalari haqidagi asl haqiqatlar AQSh hukumati, xususan kichik Bush ma’muriyati tomonidan yashirilgan deb xulosa beradi.

Bunday xulosaga kelgan olimlardan biri – Yuta universiteti fizika professori o‘sha paytda egiz binolar qoldiqlarini sinchiklab o‘rganadi va binoni qulatish uchun portlovchi moddalardan foydalanilgan degan xulosaga keladi. Uning fikricha, birgina samolyot borib urilishi sabab 100 qavatli binolarning qulab tushishi bu juda shubhali holat.

11 sentabr hodisalari haqida shubha bildiradigan boshqa bir guruh esa, o‘shanda haqiqatdan terrorchilik hodisasi sodir etilganiga shubha qilmasligini bildiradi, ammo «yerning tagida ilon qimirlasa biladigan» AQSh razvedka va xavfsizlik kuchlari terrorchilarning bu hujum haqidagi rejasidan xabardor bo‘lgan va ularni to‘xtatish uchun chora ko‘rmagan deb hisoblaydi. Ularning fikricha, bu terrorchilik xuruji o‘sha paytda dunyodagi geosiyosiy maydonda nazorat o‘rnatish va energo resurslarga boy hududlarni bosib olish niyatida bo‘lgan AQSh rahbarlariga kerak bo‘lgan. Ammo bu qarashlar va taxminlar jahon miqyosida tan olinmagan.

Xulosa
11 sentabr hodisalari nafaqat amerikaliklar balki jahon ahli uchun katta musibatlarni keltirib chiqardi. Shu hodisa va u sababli boshlangan harbiy harakatlar oqibatida bir qancha davlatlar vayronaga aylandi, o‘n minglab insonlar halok bo‘ldi, millionlab insonlar uy-joyidan ayrilib qochoqqga aylandi. Eng yomoni dunyoning turli chekkalarida insonlar hanuz o‘sha hodisani deb jabr chekmoqda. Shunday ekan, bunday hodisalar boshqa takrorlanmasin. Yer yuzida aslo urush bo‘lmasin!

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid