Jahon | 15:05 / 25.11.2025
2811
3 daqiqa o‘qiladi

NATO aviabazasi yaqinida teraktga urinish: Litvada 18 yoshli ukrain fuqarosi qamaldi

18 yoshli Ukraina fuqarosi Daniil Bardadim Vilnyusdagi IKEA do‘konini yoqib yuborgani va NATO aviabazasi joylashgan Shyaulyay shahrida terakt uyushtirishga uringani tergov davomida aniqlandi.

Foto: P. Adamovič / BNS nuotr

Vilnyus okrug sudi 18 yoshli Ukraina fuqarosi Daniil Bardadimni Litva poytaxtidagi IKEA mebel do‘konini yoqib yuborgani, shuningdek NATO aviabazasi joylashgan Shyaulyay shahrida terakt sodir etishga uringani bo‘yicha aybdor deb topib, uni 3 yil-u 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etdi.

2024 yil may oyida Polshada doimiy yashab kelgan Bardadim Vilnyusdagi IKEA do‘koniga taymerli portlovchi qurilma o‘rnatgan. Qurilma tungi payt ishga tushgan va yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in o‘z vaqtida aniqlangani uchun hech kim jabrlanmagan. Ushbu ish doirasida do‘konga yetkazilgan zarar uchun 485 ming yevro miqdorida fuqaroviy da’vo arizasi ham sudga taqdim etilgan.

IKEA do‘konini yoqib yuborgandan keyin Bardadim yana bir hamrohi — Ukraina fuqarosi bilan Varshavaga yo‘l olgan, bir necha kundan so‘ng esa Vilnyusga qaytib, Litva va Latviyadagi savdo markazlarida yangi teraktlar uyushtirish uchun u yerda qoldirib ketilgan portlovchi moddalar va detonatorlar solingan sumkani olib ketmoqchi bo‘lgan.

Litva huquqni muhofaza qilish organlari 13 may kuni Bardadimni Panevejis yaqinida qo‘lga oldi. Huquq-tartibot idoralari u Litvaga kelgani, u yerda saqlanayotgan yong‘in chiqarish vositalarini olgani va navbatdagi teraktni amalga oshirish uchun avtobusda Riga tomon ketayotgani haqida ma’lumot olgan.

Avvalroq Litva bosh prokuraturasi IKEA'dagi portlash «Rossiya razvedkasi tomonidan berilgan topshiriq asosida amalga oshirilganini» bildirgan edi. «To‘plangan ma’lumotlar tashkilotchilar — Rossiya harbiy razvedkasi ekani haqida xulosa qilish imkonini berdi. Tergov shu yo‘nalishda davom etdi», — degan edi uyushgan jinoyatchilikni tergov qilish departamenti boshlig‘i Arturas Urbyalis. Uning aytishicha, IKEA kompaniyasi Rossiya bozoridan ketgani uchun ham nishon sifatida tanlangan.

Bardadim teraktni sodir etgan paytda 17 yoshda bo‘lgan va sud buni yengillashtiruvchi holat sifatida inobatga oldi. Prokuror Tomas Uldukis ukrainalikni 4 yilga ozodlikdan mahrum etishni so‘ragan. Sud qarorini izohlar ekan, Uldukis shunday dedi: «Hukm juda keng qamrovli. Bu ishning eng muhim jihati shundaki, sud shaxsni terroristik akt sodir etgan va Rossiya harbiy razvedkasi manfaatlarida harakat qilgan, deb baholadi».

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Litva, Latviya va Polsha hududidagi diversiyalar uchun Daniil Bardadim va uning hamrohiga BMW avtomobili va 10 ming yevro mukofot va’da qilingan, ammo ular bu pulni olmagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid