O‘zbekiston | 08:18 / 11.09.2020
18314
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning eng qurg‘oqchil hududlaridan biridagi Yomonjar kanali qayta tiklandi

Yomonjar O‘zbekistonning eng qurg‘oqchil hududlaridan biri bo‘lib, u O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasida joylashgan sug‘orish kanalidir. 

Foto: AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev bilan birgalikda Buxoro viloyatidagi Yomonjar irrigatsiya tizimini yangilashga bag‘ishlangan virtual tadbirni Toshkentda ochishdi

AQSh elchixonasi xabariga ko‘ra, qayta tiklash ishlari Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologiya markazi (MOMEM) amalga oshirayotgan “Suv, ta'lim va hamkorlik”(Smart Waters) loyihasi doirasida AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirildi.

Yomonjar O‘zbekistonning eng qurg‘oqchil hududlaridan biri bo‘lib, u O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasida joylashgan sug‘orish kanalidir. Gidropostlar va o‘lchash uskunalarining mavjud emasligi sababli fermerlar o‘rtasida suv taqsimotining muvofiqlashtirilmaganligi hududdagi asosiy muammo edi. 

1978 yilda qurilgan kanal O‘zbekistonning Buxoro viloyati Qorako‘l va Olot tumanlaridagi 8000 gektar yerni sug‘orish uchun asosiy kanal – Amu-Buxorodagi suvni yo‘naltiradi, uning umumiy uzunligi 32,5 km bo‘lib, qariyb 34 ming kishiga xizmat qiladi. Ushbu kanalda suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan qayta tiklash ishlari to‘siq inshooti, gidropostni qurish, suv chiqarish joylarini rekonstruksiya qilish hamda kanal o‘zanini betonlashtirishni o‘z ichiga oldi.

Elchi Rozenblyum o‘z nutqida shunday dedi: «Suv – bu hayot: u har qanday iqtisodiyotning o‘sishi, mintaqaviy tinchlik va barqarorlik hamda jamoaviy farovonligimiz uchun juda muhimdir. Qayta tiklangan Yomonjar kanali suvni tejash va uni mahalliy fermerlarga sug‘orish uchun taqdim etish bo‘yicha mahalliy hamjamiyatlar tomonidan olib borilayotgan sa'y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaydi, bu ham o‘z navbatida iqtisodiy rivojlanish uchun ahamiyatlidir. Ushbu kanalni qurish va tiklash ishlarini qo‘llab-quvvatlaganimizdan juda mamnunmiz».

Bundan tashqari, qayta tiklangan kanal ikki tuman o‘rtasida suv iste'molini hisobga olish va bu boradagi hisobotni takomillashtirishga, suv resurslarini boshqarishda shaffoflikni ta'minlashga hamda samaradorlikni oshirish va kanal o‘zanining infiltratsiyasini qisqartirish orqali suv yo‘qotishlarini kamaytirishga imkon beradi.

USAID tomonidan moliyalashtirilayotgan “Suv, ta'lim va hamkorlik” (Smart Waters) dasturi Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afg‘onistonga suvni boshqarish bo‘yicha texnik ko‘nikmalarni chuqurlashtirishga yordam beradi va transchegaraviy masalalar bo‘yicha jamoalar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yishga hamda umumiy suv resurslarini boshqarish qobiliyatiga ega bo‘lgan professional kadrlarni o‘qitishga yordam beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid