Jahon | 20:11 / 16.09.2020
18539
3 daqiqa o‘qiladi

Barbados respublika bo‘lishga qaror qildi. Yelizaveta II endi bu orol qirolichasi bo‘lmaydi

Barbados orol davlati rasman respublikaga aylanishga qaror qildi, natijada qirolicha Yelizaveta II bu davlat rahbari hisoblanmaydi. «Kolonial o‘tmishdan butkul xalos bo‘lish vaqti keldi», deyiladi hukumat bayonotida.

1977 yil Yelizaveta II Barbadosga davlat rahbari sifatida tashrif buyurgan

Barbados general-gubernatori Sara Meyson mahalliy parlamentning kuzgi sessiyasi ochilishi vaqtida konstitutsiyaviy monarxiya bekor qilinishi haqida ma'lum qildi.

Hukumat zarur yuridik jarayonlarni 2021 yil noyabriga qadar yakunlashni rejalashtirmoqda, o‘shanda mamlakatda Britaniyadan mustaqillikning 55 yilligi nishonlanadi.

«Mustaqilligimizning 55 yilligiga Barbados to‘liq suverenitet tomon keyingi mantiqiy qadamni tashlaydi. Barbadosliklarga o‘z rahbari kerak. Barbadosning birinchi bosh vaziri, olijanob Errol Barrou «mustamlaka o‘tmishga ko‘milish» kerak emasligidan ogohlantirgan. Mustamlaka o‘tmishimizni ortda qoldirish vaqti keldi. Barbadosliklarga o‘z barbadoslik rahbari kerak. Bu kimligimiz va nimalarga erisha olishimizga ishonchning eng oliy ko‘rinishidir», deb aytgan Meyson.

Mamlakat bosh vaziri Mia Mottli ham barbadosliklar davlat rahbari barbadoslik bo‘lishini istashayotganini ma'lum qilgan.

Bukingem saroyidagilar respublika maqomiga o‘tish - hukumat va mamlakat aholisining alohida huquqi ekanini ma'lum qilgan. Saroydagi manbaning ma'lum qilishicha, bu g‘oya qirollik uchun kutilmagan yangilik bo‘lmagan - bu masala avval ham ko‘p marta muhokama qilingan.

Barbados 1966 yildan beri Britaniya boshchiligidagi Hamdo‘stlik tarkibidagi mustaqil davlat hisoblanib (Kanada va Avstraliya qatori), uning rahbari Britaniya qirolichasi hisoblanadi. Orol davlat Karib havzasining sharqiy qismida joylashgan.

Barbados haqidagi asosiy faktlar:

  • Karib dengizi havzasidagi aholisi eng ko‘p (287 ming kishi) va boy davlatlardan biri
  • Qirolicha Yelizaveta II konstitutsion monarx hisoblanadi
  • Muqaddam mamlakat iqtisodiyoti asosan shakarqamish eksportiga bog‘liq bo‘lgan, ammo endilikda xazinaga pullar turizm sohasi va moliyaviy xizmatlardan ham kelmoqda
  • Amaldagi bosh vazir Mia Mottli 2018 yilda saylangan va bu lavozimdagi ilk ayol rahbarga aylangan
  • Barbadosga materikdagi eng yaqin davlat Venesuela bo‘lib, ungacha masofa 500 kilometr
  • Orolning nomi ispancha “Los Barbados” so‘zidan olingan bo‘lib, u “Soqollilar” degan ma'noni anglatadi. Orolga bunday nom unda tanasi epifit o‘simligi bilan chirmab olingan anjir daraxtlarining ko‘pligi va bu epifitlar soqol kabi ko‘rinishi bois berilgan.
Mia Mottli mamlakat tarixidagi ilk ayol bosh vazir / GETTY IMAGES

Monarxiyadan voz kechish haqidagi munozaralar mamlakatning birinchi bosh vaziri Errola Berrou davridayoq boshlangandi. 1998 yilda Konstitutsiyaviy nazorat bo‘yicha komissiya Barbadosni respublika deb e'lon qilishni taklif qiladi.

Ushbu orol davlat - Karib dengizi havzasidagi respublikaga aylanishga qaror qilgan Britaniyaning yagona sobiq mustamlakasi emas. 1970 yilda Gayana (mustaqillikdan to‘rt yil o‘tib), 1976 yilda Trinidad va Tobago, 1978 yilda esa Dominika shunday qadam tashlagandi.
 

Mavzuga oid