O‘zbekiston | 12:25 / 18.09.2020
69056
12 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi

Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlari ko‘rsatish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Adliya vazirligining quyidagilar:

avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish bo‘yicha;

avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish bo‘yicha;

avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari va O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ko‘rsatish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 apreldan boshlab:

a) avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish uchun barcha tegishli hujjatlar Davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP orqali taqdim etiladi, ro‘yxatdan o‘tkazish harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) organlari tomonidan quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan elektron tizimdan foydalangan holda amalga oshiriladi:

avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish uchun taqdim etilgan hujjatlarni elektron qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish hamda elektron navbatga qo‘yish;

ro‘yxatdan o‘tkazish harakatlarini to‘liq elektron boshqarish va nazorat qilish;

avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish, shuningdek, majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatganlik uchun to‘lovlarni elektron tarzda amalga oshirish;

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan va ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari berilgan avtomototransport vositalari hamda majburiy texnik ko‘rik natijalari hisobini yuritish, monitoring va tahlil qilish, shuningdek, ushbu turdagi ma'lumotlarni saqlovchi axborot tizimlarini o‘zaro integratsiyasini amalga oshirish;

fuqarolar tomonidan DYHXX organlari tomonidan bu borada ko‘rsatilgan xizmatlar sifati va samaradorligini baholash hamda ularning reytingini yuritish;

b) o‘quv guruhlarini ro‘yxatga olish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun barcha tegishli hujjatlar Davlat xizmatlari markazlari va YaIDXP orqali taqdim etiladi, ushbu boradagi faoliyatni monitoring va nazorat qilish DYHXX organlari tomonidan quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘lgan avtomatlashtirilgan elektron tizimdan foydalangan holda amalga oshiriladi:

avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarni DYHXX organlarining avtomatlashtirilgan axborot tizimiga integratsiyasini amalga oshirish orqali o‘quv guruhlaridagi haydovchilikka nomzodlarning dastlabki va yakuniy elektron hisobini yuritish;

o‘quv guruhlaridagi haydovchilikka nomzodlarning ta'lim jarayonidagi ishtirokini va yakuniy imtihonlarni nazorat qilib, ta'lim sifatini baholab borish, shu jumladan, haydovchilikka nomzodlarni o‘qishga qabul qilish, guruhdan guruhga o‘tkazish, ro‘yxatdan chiqarish va o‘qishni tugatganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar (sertifikat, guvohnoma va boshqalar)ni elektron olish;

avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini berish uchun haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilishning elektron navbat tizimini yo‘lga qo‘yish, imtihon topshirayotgan haydovchilikka nomzodlarning shaxsini identifikatsiya qilish hamda ular to‘g‘risidagi elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish;

nazariy va amaliy imtihonlarni inson omili aralashmagan holda qabul qilish hamda natijalarini avtomatik tarzda baholash va rasmiylashtirish;

haydovchilikka nomzodlarga DYHXX organlari tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar, shu jumladan imtihonlarni qabul qilish jarayonlarining qonuniyligi, shaffofligi, sifati va samaradorligini baholash hamda ularning reytingini yuritish;

milliy haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirish, shu jumladan ularni almashtirish yoki yo‘qolgani o‘rniga yangisini olish uchun taqdim etilgan hujjatlarni elektron qabul qilish va ro‘yxatdan o‘tkazish hamda elektron navbatga qo‘yish;

fuqarolar tomonidan DYHXX organlari tomonidan bu borada ko‘rsatilgan xizmatlar sifati va samaradorligini baholash hamda ularning reytingini yuritish.

Belgilab qo‘yilishicha, 2021 yil 1 apreldan boshlab:

avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari (“O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi” AJ axborot tizimida auksion orqali beriladigan ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilari bundan mustasno) elektron tizim orqali inson omilining aralashuvisiz o‘sib borish tartibidagi qat'iy xronologik ketma-ketlik asosida avtomatik tarzda tanlash yo‘li orqali taqdim etiladi.

avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish, haydovchilikka nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish (shu jumladan, almashtirish yoki yo‘qolgani o‘rniga yangisini berish) fuqarolarning doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hududidan qat'i nazar, Respublikaning barcha hududlaridagi DYHXX organlari tomonidan amalga oshiriladi;

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 fevralga qadar:

DYHXX organlari bilan avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash hamda qayta tayyorlash bo‘yicha faoliyat yurituvchi o‘quv tashkilotlarining tegishli ma'lumotlar bazalarini elektron tizim orqali o‘zaro integratsiya qilinishini;

notariuslar tomonidan yuritiladigan “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi avtomototransport vositasini boshqa shaxsga o‘tkazilishi (oldi-sotdi, almashtirish, hadya etish, renta va boshqa bitimlar) to‘g‘risidagi shartnoma ma'lumotlaridan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va DYHXX organlarining real vaqt rejimida foydalanish imkoniyati yaratilishini;

O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga olib kirilayotgan avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ularni identifikatsiya qilish yuzasidan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimini avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning avtomatlashtirilgan tizimiga integratsiya qilinishini;

davlat xizmatlarini Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishini ta'minlash uchun zarur bo‘lgan axborot dasturlarining ishlab chiqilishini va ulardan erkin foydalanish orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonining to‘liq avtomatlashtirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimi orqali haydovchilikka nomzodlardan nazariy imtihonlarni inson omili aralashmagan holda olish tizimini joriy etishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan quyidagi masalalarda hamkorlik qilishni hisobga oladi:

nazariy imtihon savollarining animatsion yoki boshqa shakllarda sodda bo‘lishini hamda yo‘l harakati qoidalari va o‘quv dasturida nazarda tutilgan mavzular doirasida shakllantirilishini ta'minlash;

imtihon topshiruvchilarga har qanday usulda yordam berish yoki turli xil telekommunikatsiya vositalaridan foydalanish imkonini bermaydigan vaqtni belgilash hamda nazariy savollarning takrorlanishini oldini olish;

nazariy savollarni yangilab turish va saviyasini oshirib borish;

jismoniy shaxslar uchun yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilim darajasini (ixtiyoriy ravishda) sinovdan o‘tkazish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlarning o‘quv guruhlarida olgan bilimlarini tekshirish bo‘yicha Internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali servis xizmatini to‘lov asosida ko‘rsatish.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda 2021 yil 1 fevralga qadar:

davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalari ishlab chiqilishini hamda kelishilgan holda tasdiqlanishini;

DYHXX organlarida avtomatlashtirilgan elektron tizimlarning Davlat xizmatlari markazlari va YaIDXPga integratsiya qilingan holda to‘liq ishga tushirilishini;

Davlat xizmatlari markazlari va DYHXX organlarining xodimlari ishtirokida avtomatlashtirilgan elektron tizimlarining, shu jumladan ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma'muriy reglamentlarni amalda qo‘llashning samaradorligi va natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari tashkil etilishi hamda o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Belgilab qo‘yilishicha:

avtomatlashtirilgan elektron tizimlari bilan ishlash jarayonlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida barpo etiladigan Boshqaruv markazi orqali kuzatib muvofiqlashtirib boriladi;

avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlardan imtihon olish va milliy haydovchilik guvohnomalarini rasmiylashtirish jarayonlari video kuzatuv qurilmalari orqali hududiy DYHXX organlari va Boshqaruv markazi tomonidan nazorat qilib turiladi;

DYHXX organlarida avtomatlashtirilgan elektron tizimlarini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini rag‘batlantirish va mukofotlash jamg‘armasiga mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

jismoniy shaxslar uchun yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilim darajasini (ixtiyoriy ravishda) sinovdan o‘tkazish, shuningdek, haydovchilikka nomzodlarning o‘quv guruhlarida olgan bilimlarini tekshirish bo‘yicha Internet butunjahon axborot tarmog‘i orqali servis xizmati ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini rag‘batlantirish va mukofotlash jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va avtomatlashtirilgan elektron tizimlarini joriy etish xarajatlarini qoplash va xodimlarini rag‘batlantirish uchun maqsadli sarflanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga eng maqbul takliflarni tanlab olish yo‘li bilan tender savdolari o‘tkazmasdan haydovchilikka nomzodlardan amaliy imtihonlarni qabul qilish uchun avtomatlashtirilgan elektron tizimlariga integratsiya qilinadigan avtomatlashtirilgan maxsus avtomototransport vositalarini xarid qilish va zamonaviy avtodromlarni tashkil etishga ruxsat beriladi.

Bunda tegishli xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, xodimlarini rag‘batlantirish va mukofotlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilab qo‘yiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid