O‘zbekistonda endi yo‘l harakati bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklar uchun dastlab ogohlantirish beriladi. 4 fevralda imzolangan qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Unga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanishi belgilandi.
Ma’muriy ogohlantirish – huquqbuzarlik sodir etgan shaxsni qonunga xilof xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ogohlantirgan holda unga rasmiy tanbeh berishdir.
Ma’muriy ogohlantirish yozma (elektron) shaklda qo‘llanadi.
Ushbu jazo chorasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning quyidagi moddalarida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarga nisbatan qo‘llanadi:
125-moddaning 1 va 2- qismlari:
- haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga, xuddi shuningdek, mototsikl va mopedlar haydovchilarining motoshlemlardan foydalanish qoidalariga rioya etmasligi,
- haydovchilarning belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan yoki majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazilmagan yoxud foydalanish man etiladigan darajada nosozligi bo‘lgan yoki qonunchilikda belgilangan tartibda favqulodda vaziyatda oynani sindirish uchun foydalaniladigan bolg‘acha bilan jihozlanmagan, o‘t o‘chirgich, tibbiyot qutichasi, avariya holatida to‘xtaganini bildiruvchi belgi va nur qaytargichli kamzul bilan butlanmagan, xuddi shuningdek, ishlayotganida tashqariga chiqarayotgan ifloslantiruvchi moddalarning miqdori, shuningdek, shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarishi;
128-1-modda – transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarning telefondan foydalanishi (bundan telefondan quloqchinlar orqali va qo‘llarni ishlatmasdan turib so‘zlashuvlar olib borish imkoniyatini beradigan boshqa uskunalar orqali foydalanish mustasno);
128-2-modda – transport vositasini boshqarish vaqtida tele-, videodasturlarni tomosha qilish maqsadida transport vositasi salonining old qismiga o‘rnatilgan monitordan (displeydan) foydalanish;















