Chiqindi qayta ishlab chiqarish klasterlari monopoliyaga aylanishi mumkin
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi maishiy chiqindilarni qayta ishlovchi klasterlarni tashkil etib, ularga monopol huquq berishni taklif etmoqda. Ushbu taklif tasdiq uchun kiritilgan O‘zbekiston prezidenti qarori loyihasida aks etgan.
Monopol klasterlarning eksklyuziv huquqlari
Hujjat bilan Tuman (shahar) hududlarini xususiy sherik sifatida klasterlar bilan davlat-xususiy sheriklik (DXSh) to‘g‘risidagi bitimlar o‘rnatilgan tartibda tuzilgan kundan boshlab 10 ish kunidan kechikmay, tanlov o‘tkazmasdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun biriktirish belgilanmoqda.
Loyihaga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab, maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni kompleks amalga oshirish klasterlariga xizmat ko‘rsatish uchun belgilangan tartibda biriktirib berilgan hududlarda ikkilamchi xomashyoni (metall parchalari va chiqindilarini sotib olishdan tashqari) qabul qilish shoxobchalari orqali tayyorlash (sotib olish, qabul qilish) va tashish faqat mazkur klasterlar tomonidan amalga oshiriladi. Ya'ni hujjat bilan qog‘oz, plastik, shisha kabi ikkilamchi xomashyoni qabul qilish eksklyuziv huquqi klasterlarga berilishi mumkin.
Ta'kidlanishicha, maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatish faoliyati natijasida hosil bo‘luvchi ikkalamchi xomashyo ushbu xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilot, ya'ni klaster mulki hisoblanadi. Maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish jarayonida, shuningdek ularni to‘plash shoxobchalaridan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni uning mulkdori ruxsatisiz ajratib olish va o‘zlashtirish taqiqlanadi.
Klasterlarga imtiyozlar
2023 yil 1 sentyabrgacha muddatga foyda solig‘i stavkasini bo‘shayotgan mablag‘larini klasterlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga maqsadli yo‘naltirish sharti bilan 50 foizga kamaytirish ko‘rinishidagi soliq imtiyozi berilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, respublikada ishlab chiqariladigan maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan maxsus texnika va texnologik uskunalarni xarid qilishda QQSni 120 kun muddatda bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda.
Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan miqdordagi foiz stavkasi bilan milliy valutada beriladigan kreditlar bo‘yicha 5 foizli punkt miqdoridagi foiz xarajatlari Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilinishi belgilangan.
Avvalroq, jamoatchilik muhokamasi uchun taqdim etilgan mazkur qaror loyihasida esa tijorat banklari tomonidan (milliy valutada) ajratiladigan kreditlar Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdoridagi imtiyozli foiz stavkalarida berilishi taklif etilgandi.
DXSh loyihalari doirasida chiqindi poligonida saralash va qayta ishlash uskunalarini o‘rnatish hamda texnologiyalarni sotib olish uchun 1 milliard so‘mgacha mablag‘larni qaytarish sharti bilan xususiy sherikchilikka 3 yil muddatga foizsiz ssuda ajratilishi mumkin.
Ekologiya qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan, ammo yuqorida nazarda tutilgan bandlar loyihaning tasdiq uchun kiritilgan so‘nggi ko‘rinishida paydo bo‘lgan.
Alisher Ro‘zioxunov
Mavzuga oid
14:38 / 30.10.2024
Italiyada farrosh ayol 50 ming yevrolik pul va taqinchoqlar solingan eski to‘shakni chiqindiga tashlab yubordi
11:46 / 30.10.2024
1 noyabrdan boshlab chiqindidan qarzi borlarga elektr uchun to‘lov qilish cheklab qo‘yiladimi?
12:10 / 29.10.2024
Toshkent viloyatida fuqaro o‘zi tashlagan chiqindini o‘zi tozaladi
14:50 / 25.10.2024