O‘zbekiston | 17:44 / 19.09.2020
8006
4 daqiqa o‘qiladi

Dori, uy-joy va ishga qabul qilish. Toshkent shahar IIBB boshlig‘i sayyor qabulidan reportaj

Olmazor tumani 3-sektor hududida Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Aziz Toshpo‘latovning sayyor qabuli tashkil etildi. Unda aholi dori-darmon, moddiy yordam, boshpana va ishga joylashtirish kabi o‘nlab masalalar bilan shahar bosh posboniga murojaat etdi.

17 sentabr kuni o‘tkazilgan sayyor qabul davomida Aziz Toshpo‘latov bilan birgalikda Olmazor tuman IIB boshlig‘i polkovnik Abdumajid Mullajonov hamda tuman hokimi o‘rinbosari To‘lqin Teshayev ham ishtirok etishdi.

Sayyor qabulda murojaat etuvchi aholining ko‘pchiligi dori-darmon sotib olishda moliyaviy qiyinchilikka uchrayotganini bildirdi. Ularga tuman hokimligi va IIB mutasaddilari tomonidan homiylik asosida dori-darmonlar olib berilishi kafolatlandi.

Shuningdek, aholi ishsizlik va ichki ishlar organlariga ishga qabul qilish masalasida ham murojaat etdi. Aziz Toshpo‘latov tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi vakili bilan birgalikda ularning murojaatini o‘rganib chiqib, masalani ijobiy hal etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, boshliq o‘rinbosari — Kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Aliahmad Choriyevga IIOda ishlash niyatida bo‘lgan yigitlar masalasini shaxsan o‘rganish topshirig‘ini berdi.

Ko‘p farzandli, ijtimoiy himoyaga muhtoj ayol Toshpo‘latovdan uy-joy masalasida yordam so‘radi. 

«Ochig‘ini aytaman, davlat uy sotib olib bermaydi. Lekin uy-joy uchun boshlang‘ich to‘lovning yarmini qoplab berishi yoxud boshlang‘ich to‘lovga qurbingiz yetgan taqdirda, ma'lum muddat ipoteka kreditining yarmini beminnat qoplab berishi mumkin», — deya ayol murojaatiga javob qildi IIBB boshlig‘i.

Tuman hokimi o‘rinbosari To‘lqin Teshayev ayolning ayni paytda yashab turgan uyini ta'mirlash uchun qurilish materiallari yetkazib berilishi, ishchi kuchi esa mahalla ko‘magi bilan hal qilinishini ma'lum qildi. 

Oilada imkoniyati cheklangan shaxsni parvarish qilayotgan shaxsga nafaqa to‘lanadimi? Shu kabi savol bilan yuzlangan Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro murojaati o‘rganildi va ijobiy hal etildi. Shuningdek, yo‘l qurilishi, bolalar o‘yin maydonchasi qurilishi masalasi ham keyingi ikki oyda hal qilinishi va'da berildi.

«Bu kabi tadbirlar muntazam ravishda tashkil etiladi. Pandemiyada karantin talablari tufayli sayyor qabul o‘tkazish imkoniyati bo‘lmadi. Endilikda bu tarzda aholi murojaatini o‘rganish ko‘payadi. Bu nima uchun kerak? Avvalo, aholining manzilli muammolarini aniqlab, ularga yechim izlash orqali sodir etilishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatchilik barvaqt aniqlanadi. Bundan tashqari, aholi murojaatini bevosita rahbar tomonidan o‘rganilishi quyi mansabdor shaxslar mas'uliyatini oshirib, sidqidildan ishlashga undaydi», — deydi Toshkent shahari IIBB matbuot kotibi Irina Sayfutdinova. 

Ma'lumot uchun, prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 8 avgustdagi «Hududlarning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlashga doir ustuvor chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori asosida barcha hududlarda sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Unga ko‘ra, to‘rtta sektor (hokimiyat, prokuratura, ichki ishlar organlari va soliq) davlat organlarini aholi bilan yanada yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘lishi belgilangan.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi. 
Tasvirchi va montaj ustasi — Otaxon Yusupov

Mavzuga oid