Rotenberg ishi
2007-2016 yillarda Angliya Premer-ligasiga homiylik qilgan «Barclays» banki futbol muxlislari orasida ham mashhur. AQSh moliya razvedkasi hisoblangan FinCEN’ning OAVga sizdirilgan ma'lumotlarida mana shu obro‘li bank haqida ham gap ketgan.

Avvalo Arkadiy Rotenberg kimligi haqida ikki og‘iz. Rossiya sportida katta obro‘ga ega bo‘lgan bu shaxs Rossiya prezidenti Vladimir Putinning yaqin do‘sti ham. Peterburglik oligarx o‘z vaqtida murabbiylik bo‘yicha o‘nlab ilmiy qo‘llanmalar muallifi bo‘lgan. Tadbirkorlik sohasida ham omadi kelgan. Bir qator banklar va korxonalar egasi. 2012 yildan dollardagi milliarder sifatida Forbes ro‘yxatidan o‘rin olgan.

U 2014 yilda AQSh va Yevropa Ittifoqining «qora ro‘yxati»ga tushib qolgan. G‘arbdagi banklarga u bilan hamkorlik qilish taqiqlab qo‘yilgan. FinCEN’dan sizib chiqqan (aslida OAVga sizdirilgan deyish to‘g‘riroq) ma'lumotlarga ko‘ra, Rotenberg sanksiyalarni chetlab o‘tish uchun «Barclays»dagi yashirincha hisob-raqamlardan foydalangan.

AQSh va Yevropa Ittifoqi Arkadiy Rotenberg va akasi Borisga jiddiy ayblov bilan sanksiya qo‘llagan – Qrimni bosib olishda ishtirok etgani uchun. Razvedka ma'lumotlarida aka-uka Rotenberglar Rossiya prezidentining yaqinlari ekani ta'kidlangan. Ma'lumotlarda aytilishicha, ular Putinning shaxsiy loyihalarini moliyalashtirish evaziga «Gazprom» va Sochi olimpiadasi orqali milliardlab dollar ishlab olishgan.

Arkadiy Rotenberg va Vladimir Putin Sochidagi dzyudo bo‘yicha ochiq mashg‘ulotlarda. 2019 yil

2018 yilda sanksiyalarga Arkadiy Rotenbergning o‘g‘li Igor ham kiritiladi. FinCEN ma'lumotlariga ko‘ra, sanksiyalarga qaramay Rotenberglar AQSh va Britaniya orqali pullarini aylantirib yuraverishgan.

San'atga sarflangan pullar
OAVga chiqib ketgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2008 yilda «Barclays» bankida «Advantage Alliance» kompaniyasi uchun hisob-raqami ochiladi. Bu hisob-raqami orqali 2012-2016 yillar oralig‘ida 60 million funt miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshiriladi. Bu pulning aksar qismi Arkadiy Rotenbergga sanksiya qo‘llanganidan so‘ng tranzaksiya qilingan. Joriy yil iyul oyida AQSh Senati Rotenberglarni sanksiyalardan qochish uchun yashirincha yo‘l bilan san'at asarlarini sotib olganlikda aybladi. Bu savdolarda qatnashgan kompaniyalardan biri esa aynan «Advantage Alliance» bo‘lgan. Amerikalik tergovchilar bu - kompaniya Rotenberglarga tegishli ekanining yaqqol isboti degan xulosaga kelishgan.