AQSh prokuraturasi Rossiyaning besh nafar fuqarosiga sanksiyalar rejimini buzish va boshqa jinoyatlar bo‘yicha ayblov e’lon qildi. Ulardan biri - Krasnoyarsk gubernatorining o‘g‘li Artyom Uss. U Italiyada qo‘lga olingan va hozirda AQSh uning ekstraditsiyasi ustida ishlamoqda. Gubernatorning o‘zi ayblovga «siyosiy tus berilgani» haqida aytdi.
Artyom Ussdan tashqari sud Yuriy Orexov, Svetlana Kuzurgasheva, Timofey Telegin va Sergey Tulyakov, shuningdek Venesueladan bo‘lgan ikki neft treyderini ayblagan. Prokuratura xabariga ko‘ra, Orexovni Germaniyada qo‘lga olishgan.
«Ayblanuvchilar oligarxlarga ularning jinoiy faoliyatida yordam berishgan, Amerika harbiy texnologiyalarini va Venesuelaning sanksiyalar ostidagi neftini katta miqdordagi tranzaksiyalar orqali noqonuniy qo‘lga kiritish uchun murakkab sxemalar tuzishgan, bunda soxta kompaniyalar va kriptovalutalardan foydalanilgan», degan Sharqiy okrug federal prokurori Breon Pis.
Sudlanuvchilar aybdor deb topilsa, 30 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Aleksandr Uss telegram-kanalida o‘zining o‘g‘liga nisbatan ilgari surilgan ayblovga «siyosiy tus berilgani» haqida aytdi. «Butun dunyo bo‘ylab erkin sotiladigan va sotib olinadigan neft mahsulotlari, umumfoydalanishdagi jihozlar va texnik vositalar birdaniga Amerika hukumati tomonidan noqonuniy deb e’lon qilindi. Nima uchun? Shunchaki bular Rossiya manfaati uchun qilingani tufayli. Bu ayblovlarga siyosiy tus berilayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi», degan u.
Bu bir kun ichida taniqli rossiyalik amaldorlar farzandi qo‘lga olinishi bilan bog‘liq ikkinchi xabar bo‘ldi - bungacha Rossiya temiryo‘llarining sobiq rahbarining o‘g‘li Norvegiyada ushlangandi.
Ular nimada ayblanmoqda?
Ayblov xulosasiga ko‘ra, Orexov ofisi Hamburgda joylashgan, sanoat uskunalari va xomashyo savdosi bilan shug‘ullanuvchi Nord-Deutsche Industrieanlagenbau GmbH (NDA GmbH) xususiy kompaniyasi ta’sischisi va direktorlaridan biri hisoblanadi.
Kompaniyaning yana bir hissadori Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatorining o‘g‘li Artyom Aleksandrovich Ussdir. «Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, u Sibir federal universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan, Rossiyada ham, xorijda ham bir qancha kompaniyalarga egalik qilgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, kichik Uss Sardiniyada ikkita mehmonxonaga egalik qiladi.
Kuzurgasheva esa jinoiy sxemalarda nomi ko‘rinib turadigan «bir kunlik kompaniya»lardan birini boshqargan, shuningdek Hamburgdagi kompaniyada Orexovning qo‘l ostida ishlagan.

















