Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasida yangi ishlab chiqarish loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi
"Farg‘ona HETK" AJda temir-beton tayanch ishlab chiqarish sexining qo‘shimcha quvvatlari va SIP armatura ishlab chiqarish sexlarining ochilishi hamda anker tayanchlar va polimer izolyatorlar ishlab chiqarish loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilning 23 sentabr kuni "Farg‘ona HETK" AJda temir-beton tayanch ishlab chiqarish sexining qo‘shimcha quvvatlari va SIP armatura ishlab chiqarish sexlarining ochilishi hamda anker tayanchlar va polimer izolyatorlar ishlab chiqarish loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda, Farg‘ona viloyati hokimligi, sohaga aloqador korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Loyihaviy qiymati 620,0 mln so‘m bo‘lgan mazkur loyihaning ishga tushirilishi, jamiyatda temir–beton tayanch ishlab chiqarish quvvatlarini qariyb ikki barobarga oshirib, kunlik 60 dona, 1 oyda esa 1680 tayyor mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatini yaratdi. Jamiyatning temir–beton tayanchlarga bo‘lgan yillik ehtiyoji 20 000 donani tashkil etayotganligi inobatga olinsa, sexning hozirgi kundagi to‘la ishlab chiqarish quvvati yillik ehtiyojni to‘liq qoplaydi.
Shu o‘rinda, ikkinchi ishlab chiqarish tarmog‘ining ishga tushirilishi, qo‘shimcha yana 10 dona yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini berdi.
Davlat dasturlarida belgilangan elektr uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangi qurishda SIP (samonesushchiy izolirovannyy provod) – ya'ni, izolyatsiyalangan simlardan foydalanilayotganligi, mazkur simlarni temir–beton tayanchlarga mahkamlash uchun zarur bo‘ladigan turli xildagi armaturalarga ehtiyoj yaratayotganligini, jamiyatning ishlab chiqarish kompleksida SIP armaturalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘ldi.
Hozirda o‘z faoliyatini boshlagan mazkur sexning loyihaviy qiymati 1,6 mld so‘m bo‘lib, unda 6 xil turdagi, ya'ni R-70, R-645, ES-1500, DN-1, RA-1500, SA-2000 rusumli SIP armaturalar ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, sexning ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirish maqsadida, SIP armaturalarining qolgan turlarini ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Shuningdek, tadbir davomida elektr uzatish havo tarmoqlarini ekspluatatsiya qilish, modernizatsiya hamda yangi qurilish ishlarini amalga oshirishda 0,4–6–10 kVli tarmoq izolyatorlariga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida loyihalashtirilgan polimer izolyatorlar ishlab chiqarish hamda 35–110 kVli yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini tortish uchun mo‘ljallangan anker–tayanchlar ishlab chiqarish sexlarining loyihaviy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan mazkur sexlarda, hozirgi kunda tanqis hisoblangan 0,4–6–10 kVli elektr uzatish havo tarmoqlarida foydalaniladigan TP–20 va ShP–10, ShP–20 hamda transformator punktlarida foydalaniladigan IORP–10, IOEL 3–5–112UXL2 rusumli izolyatorlar hamda zamonaviy anker–tayanchlarni ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.
“Farg‘ona HETK” AJ
matbuot xizmati