O‘zbekiston | 19:39 / 30.09.2020
3523
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi sohasidagi qayta ishlash korxonalarining quvvatidan foydalanish o‘rtachadan ham past - vazirlik

Foto: KUN.UZ

Bugun, 30 sentabr kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash tizimidagi muammolar haqida ma'lumot berildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Nigora Xo‘jayevaning aytishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va qayta ishlash korxonalari o‘rtasida samarali hamkorlik tashkil etilmagan, ayrim korxonalarning 60-70 foiz uskuna va jihozlari ma'nan eskirgan.

Berilgan ma'lumotga ko‘ra, 2019 yilda yalpi oziq-ovqat sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 35,3 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilning 6 oyida 21,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, sohaning sanoatdagi ulushi 16,7 foizni, yalpi milliy mahsulotdagi ulushi esa 4,6 foizni tashkil etgan. Lekin sohada hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar ham bor.

“Qayta ishlash korxonalarining ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish darajasi o‘rtachadan ham past darajada, xususan, meva va sabzavotlarni qayta ishlashda – 42 foiz, sutni qayta ishlashda – 45 foiz, go‘shtni qayta ishlashda – 55 foiz, un mahsulotlari ishlab chiqarishda – 55 foiz, yog‘ mahsulotlarida – 48 foiz quvvatlardan foydalanilmoqda, xolos.

Bunga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar bilan qayta ishlash korxonalari o‘rtasida samarali hamkorlik tashkil etilmaganligi, ayrim korxonalarning 60-70 foiz uskuna va jihozlari ma'nan eskirganligi sabab bo‘lmoqda”, - dedi u.

Xo‘jayevaning qayd etishicha, tahlillar respublikada oziq-ovqat sanoati sohasida mahsulotlarni qayta ishlash infratuzilmasi, qayta ishlash quvvatlari mavjud bo‘lishiga qaramay, bor imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganini va yechim topishi kerak bo‘lgan muammolar borligini ko‘rsatgan.

“Respublikada xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan zamonaviy ko‘p tarmoqli oziq-ovqat mahsulotlari sinov laboratoriyalarining yetishmasligi tashqi bozorda mahsulotlarni eksport qilishga salbiy ta'sir etmoqda.

Hozir hududlarda zamonaviy markazlashgan ko‘p ixtisosli oziq-ovqat laboratoriyalarini, xususiy sektorda akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalar sonini ko‘paytirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, ma'nan eskirgan qayta ishlash korxonalarini modernizatsiya qilish, import o‘rnini bosuvchi oziq-ovqat sanoati korxonalarni tashkil etish choralari ko‘rilmoqda”, - dedi Nigora Xo‘jayeva.

Зилола Ғайбуллаева
Tayyorlagan Зилола Ғайбуллаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid