Jahon | 23:55 / 01.10.2020
9457
8 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus: Madrid shoshilinch karantinga qaytmoqda, Shveytsariyada esa ayrim cheklovlar yechilmoqda

Madridda koronavirus tarqalishi munosabati bilan yangi karantin cheklovlari joriy etilmoqda, ammo shahar hokimiyati bunga qarshi chiqyapti. Ayni paytda Shveytsariya ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ruxsat bermoqda, olimlar esa Buyuk Britaniyada Covid-19 tarqalishi darajasi sekinlashganini ta'kidlayapti. 

Foto: EPA/Vostock-photo

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda Covid-19 bilan kasallanganlarning umumiy soni 34 milliondan ortiqni tashkil etadi, 1 millionga yaqin kishi vafot etgan va pandemiya boshlanganidan buyon 23,6 million kishi kasallikdan tuzalgan. 

48 soat ichida karantinga olinadi
Ispaniya hukumati Madrid va uning atrofidagi to‘qqiz shaharning mahalliy hokimiyat organlariga karantin choralarini joriy etish uchun 48 soat muhlat berdi. 

Ispaniyada Covid-19 infeksiyasidan zararlanishning yangi holatlari ko‘paymoqda: so‘nggi ikki hafta ichida mamlakatda 133 mingdan ortiq kishiga tashxis qo‘yilgan, bu holatlarning uchdan bir qismidan ortig‘i poytaxtda aniqlangan. 

Ayusoning o‘zi niqob taqadi, ammo qat'iy karantinga qarshi / EUROPA PRESS NEWS

Ispaniya hukumati tomonidan e'lon qilingan yangi choralar shuni talab qiladiki, Madrid va qo‘shni shaharlar aholisi hududlar o‘rtasida zaruratsiz harakatlana olmaydi. Faqatgina ish joyiga, ta'lim muassasalariga borish, shuningdek, shifokorga yoki qarovga muhtoj qarindoshlarnikiga tashrif buyurishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, olti nafardan ortiq kishi guruh bo‘lib yig‘ilishi taqiqlanadi.

Biroq, muxolifatdagi konservativ partiyalar tomonidan nazorat qilinadigan mintaqa hukumati cheklovlar qo‘yilishiga qarshi. 

Madrid avtonom hamjamiyati raisi Isabel Dias Ayuso karantin uchun ovoz bergan Mintaqalararo sog‘liqni saqlash kengashi «hech narsani taqiqlash huquqiga ega emasligi»ni aytdi va ushbu qaror ustidan sudga shikoyat qilishga va'da berdi. Biroq, u hukumat qarori bekor qilinmaguncha bajarilishi kerakligini tan oldi.

Shveytsariya minglab odamlar yig‘ilishiga ruxsat berdi
Shveytsariyada 1 oktyabrdan boshlab  sport va madaniy tadbirlarda bir vaqtning o‘zida 1000dan ortiq odam qatnashishiga ruxsat berildi. Buning zaruriy sharti gigiyena qoidalari va ijtimoiy masofa saqlashga qat'iy rioya qilishdir.

Shu bilan birga, qoidalar qat'iy bo‘lib qolmoqda. Masalan, stadionlar tribunalarining faqat uchdan ikki qismi to‘lishi mumkin, tomoshabinlar niqobda bo‘lishlari shart va ularga tik turish taqiqlanadi.

Mahalliy hokimiyat organlari katta xavf tug‘dirishi mumkin deb topilgan har qanday tadbirni taqiqlash huquqiga ega. 

Shveytsariyada koronavirus bilan kasallanganlar soni o‘sishda davom etmoqda, shuning uchun ba'zi mahalliy mutaxassislar ommaviy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha cheklovlarning qisman olib tashlanishiga qarshi chiqishdi. 

Britaniyada Covid-19 tarqalishi sekinlashdi
London Imperial kollejining yangi tadqiqotlariga ko‘ra, Britaniyada Covid-19 tarqalishi sekinlashmoqda. Olimlarning xulosalariga ko‘ra, bitta virus tashuvchisi qancha odamga yuqtirishi mumkinligini aniqlovchi asosiy R indekslari pasaygan va bunga hukumat tomonidan yaqinda kiritilgan yangi cheklov choralari yordam bergan. 

Xususan, Angliya va Buyuk Britaniyaning boshqa qismlarida ham qovoqxona va restoranlar endilikda soat 22:00dan kechiktirmay yopiladi, odamlar olti kishidan ko‘p bo‘lib yig‘ilishi taqiqlanadi, do‘kon va restoranlar ishchilari niqob taqishi majburiy.

London Imperial kolleji professori Pol Elliot BBC'ga bergan intervyusida infeksiya tarqalish darajasi asta-sekin pasayishni boshlaganini aytdi: «Butun aholi va har bir inson barcha tavsiyalarga: ijtimoiy masofa saqlash, qo‘llarni yaxshilab yuvish, niqobdan foydalanish va o‘zini yakkalash tartiblariga yanada qattiqroq rioya qilishi zarur. Biz og‘ir davrni boshdan kechiryapmiz, chunki virus tarqalishi juda yuqori darajaga yetdi».

Biroq, Bristol universiteti professori Oliver Jonson hamkasbining fikriga qo‘shilmay, infeksiya darajasi pasaymoqda degan xulosani «noto‘g‘ri va xavfli» deb aytdi. 

Avvalroq hukumat Britaniyada virus tarqalish darajasi sentabr oyi boshidagi kabi saqlanib qolsa, bir necha hafta ichida mamlakatda har kuni Covid-19'ning 50 mingtagacha yangi holati qayd etilishidan xavotir bildirgan edi. 

Avstraliya: Viktoriya shtati bosh vaziri virussiz Rojdestvo va'da qilmoqda
Avstraliyaning Viktoriya shtati aholisi mamlakatdagi eng qattiq xavfsizlik choralariga rioya qilishlari kerak. Hozirda Avstraliyada ushbu kasallikka chalinganlarning umumiy soni 27 mingdan ortiqni tashkil etadi, 900ga yaqin bemor vafot etgan. 

Shtat bosh vaziri Deniyel Endryus jamoatchilikni qattiq choralar samara berayotganiga va «odatiy Rojdestvo va odatiy yozga» umid qilish mumkinligiga ishontirdi. Viktoriya shtatida 1 sentabr kuni 2352ta yangi kasallanish holati ro‘yxatga olingan bo‘lsa, 1 oktyabrda atigi 289ta holat qayd etildi. 

Viktoriya hisobiga, shuningdek, Covid-19'ning 20 mingdan ortiq holati to‘g‘ri keladi, bu Avstraliyada aniqlangan umumiy holatlar sonining uchdan ikki qismini tashkil etadi, shuningdek, mamlakatda qayd etilgan o‘lim holatlarining esa 90 foizi ushbu hudud hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Hindiston maktablari ochilmoqda, ammo bemorlar soni ortishi to‘xtagani yo‘q
Hindistonda 15 oktyabrdan boshlab kinoteatrlar, ko‘rgazma zallari va boshqa madaniyat markazlariga tashrif buyurishga ruxsat beriladi, ammo tashrif buyuruvchilar soni ikki barobar kamaytiriladi.

Shu kuni maktab va kollejlar ham ochiladi. Biroq, yakuniy qarorni qabul qilish mahalliy hokimiyat organlari ixtiyoriga qoldirilgan bo‘lib, ular cheklovlar yumshatilishi qanchalik xavfsiz bo‘lishini o‘zi belgilashi kerak. 

Hindistonda, shuningdek, diniy marosimlarga majburiy ravishda niqob kiyish va kirish joyida tibbiy nazorat qilish sharti bilan borishga ruxsat beriladi.

30 sentyabrda Hindistonda Covid-19'ga chalinish bilan bog‘liq 80 mingta yangi holat qayd etildi va epidemiya boshlanganidan beri aniqlangan umumiy holatlar soni 6 milliondan oshdi. Bu infeksiya tarqalishi bo‘yicha dunyoda AQShdan keyingi ikkinchi davlat.

Dunyoda yana nima sodir bo‘lyapti
Britaniya 1 oktabr kuni Mersisayd (Liverpul va uning atrofidagi shaharlarni o‘z ichiga olgan hudud) va Uorrington, Hartlepul va Midlsboro shaharlarida yanada qat'iyroq karantin choralarini joriy etdi. Ushbu hududlarda kasallanish sonining keskin o‘sishi davom etmoqda. Yangi cheklovlarga boshqa-boshqa uylarda istiqomat qiluvchi odamlar bilan har qanday yopiq binolarda, masalan, qovoqxona va restoranlarda aloqa qilishni taqiqlash kiradi. 

30 sentyabrda koronavirusdan 424ta yangi kasallanish holati qayd etilgan Shimoliy Irlandiyada ham yangi cheklov choralari qo‘llanishi mumkin. 

Covid-19'ga chalinish holatlari soni har 100 ming kishiga 263taga yetganidan keyin Parijda restoranlar va barlar yopilishi mumkin. Shu bilan birga, 1 oktabr kuni Parijning olti oy davomida yopiq bo‘lgan mashhur Crazy House kabaresi qayta ochildi. Tomoshabinlar soni 250 kishidan 150 kishiga kamayadi. 

Slovakiyada ijtimoiy masofani saqlashning iloji bo‘lmagan joylarda niqob taqish majburiyligi joriy etildi. 

BMTning Xalqaro mehnat tashkiloti Lotin Amerikasi davlatlari Covid-19 pandemiyasi tufayli 34 millionga yaqin ish joyini yo‘qotganini ma'lum qildi. 

Germaniya hukumati fuqarolarga Yevropaning 11 davlatiga faqat zarurat bo‘lganda sayohat qilishni maslahat berdi. Ushbu ro‘yxatga Belgiya, Islandiya, shuningdek Birlashgan Qirollikning ayrim hududlari, xususan, Uels va Shimoliy Irlandiya kiritilgan. 

Janubiy Afrika kasallanish holatlari ko‘p bo‘lgan mamlakatlar, jumladan Rossiya, Buyuk Britaniya, AQSh va Fransiyadan keluvchi sayyohlarning mamlakatga kirishiga hali ham ruxsat bermayapti.

Назокат Қаршиева
Tayyorlagan Назокат Қаршиева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid