Bundan 82 yil muqaddam o‘zbek millatiga qarshi ulkan jinoyat sodir etildi – 1938 yil 4 oktyabr kuni o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan ziyolilari – jadidlar sovet tuzumi qatag‘on mashinasining qurboni bo‘ldi. Ular hukmron tuzumga qarshilikda ayblanib, «xalq dushmani» sifatida otuvga hukm qilindi. Soxtalashtirilgan hujjatlar, zo‘rlik bilan erishilgan guvohliklar asosida. Sud hukmisiz.

Tarixchi Bahrom Irzayev jadidchilik harakati asoslari, ularning ta'qibga olinishi, qatag‘on mashinasining dahshati haqida gapirib berdi.

Jadidchilik maqsadlari va peshvolari

– Jadidchilik harakatining Turkistonda keng yoyilishida qrim-tatar farzandi Ismoil G‘aspiralining xizmatlari katta. Bu harakatni dastlab Turkistonda boshlaganlar juda sanoqli – Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy, Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov, Buxoroda Abdurauf Fitrat bo‘lsa, 1918 yilga kelib bunday fikrli insonlar mamlakatning barcha shahar-qishloqlarida minglab paydo bo‘ldi.

1920 yilning boshlarida Turkiston o‘lkasining ijtimoiy hayotida bo‘lgan barcha yangiliklar jadidlar ta'sirida yuzaga keldi. Matbuot, maktab, maorif, teatr kabilar orqali ular yangi to‘lqinni vujudga keltira oldi. Jadidlar o‘z harakatlarining poydevori bo‘lgan maktabda din bilan birga dunyoviy ilmlarni ham o‘rgatishni maqsad qilib qo‘yishgandi. Bir qator yoshlarni o‘qitib, xayriya jamiyatlari tashkil etilib, Orenburg, Ufa, Turkiya, Germaniya, Misr, Yaponiyadagi ta'lim maskanlariga yuborishga rahbarlik qilishdi.

Orenburgga tahsil uchun yuborilgan turkistonlik yoshlar

Jadidlarning asosiy maqsadi o‘rta asr jaholatidan qutulish va jahonning taraqqiyot namunalarini Turkistonda joriy etish bo‘lgan.

Mutaxassislar Turkiston istiqboli uchun kurashgan shaxslarni uch guruhga bo‘lishadi.

Birinchi guruhga chor ma'murlariga qarshi qurolli harakat olib borganlar, sho‘rolarga qarshi milliy ozodlik harakatlari rahbarlari kiradi.

Ikkinchi guruhga murosa yo‘lini tutganlar kiradi. Ismoil G‘aspirali, Mahmudxo‘ja Behbudiylar vaziyatda o‘z shartlarini qo‘yish evaziga Turkiston uchun ma'lum bir erkinliklarni talab qilishdi.