Jamiyat | 17:24 / 11.10.2020
10408
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida eksport ko‘rsatkichlari yuksalmoqda

Murakkab pandemiya sharoitida ham Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnat jamoasi tomonidan ishlab chiqarish jarayoni to‘xtatilmagan holda, mahsulotlar xorijlik iste'molchilarga uzluksiz eksport qilinmoqda.

Jumladan, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Xitoy, Turkiya davlatlariga 74 ming 592 tonna mis katodi eksport qilinib, reja 113,3 foizga bajarilgan.

O‘tgan davrda Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Qozog‘iston, Bolgariya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston va ukrainalik iste'molchilar uchun 3021 tonna mis quvurlari yuborilib, eksport rejaviy vazifasi 126,9%ga bajarilgan.

Sir emaski, rux metalliga yildan yilga talab ortiq bormoqda. O‘tgan 9 oy davomida Rossiya, Turkiya va Ukraina davlatlariga 55819 tonna rux metalli yetkazib berilgan.

Kimyo sanoatida keng foydalaniladigan sulfat kislotasi eksport rejasi ham 121,6%ga bajarildi. Xususan, qozog‘istonlik hamkorlarimizga o‘tgan davr mobaynida 34052 tonna sulfat kislotasi eksport qilingan. Shuningdek, qo‘shni davlatga 79375 tonna qo‘rg‘oshin konsentrati jo‘natilib, reja 136,4%ga uddalangan.

Qishloq xo‘jaligi sohasida keng foydalaniladigan mis kuporosi eksporti borasida ham quvonarli natijalar qayd etilgan. Kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan ushbu mahsulotning asosiy xaridorlari bo‘lgan Polsha, Ukraina, Belarus, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Indoneziya davlatlariga 5539 tonna mis kuporosi yuborilgan holda reja 131,9%ga ado etildi.

Qattiq qotishmali materiallar tayyorlashda asqotuvchi molibden metalli eksporti bo‘yicha reja 106,4%ga bajarildi. Ushbu metallning asosiy xaridori Niderlandiya davlati bo‘lib, o‘tgan hisobot davrida gollandlarga 490 tonna molibden yetkazib berilgan.

Ma'lumki, hozirda kombinat mutaxassislari tomonidan noyob va nodir metallarni olish bo‘yicha samarali izlanishlar olib borilib, quvonarli yutuqlarga ham erishilmoqda. Olinayotgan noyob metallar eksportga yo‘naltirilib, xorijda e'tirof etilyapti. Jumladan, 2020 yil yanvar-sentabr holatiga ana shunday qimmatbaho metallar sirasiga kiruvchi reniy eksport rejasi 361,6%ga, shuningdek, tellur eksporti 176,7%ga, selen eksporti 320%ga bajarilganini alohida ta'kidlash joiz. 

Qurilish sohasida asosiy material hisoblangan sement va portlandsement eksporti bo‘yicha natijalar ham quvonarli. Jumladan, o‘tgan davrda 6064 tonna porlandsement Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlariga eksport qilingan. 116516 tonna sement mahsulotiga esa qo‘shni Afg‘oniston davlati xaridor bo‘lgan.

OKMK Axborot xizmati

Mavzuga oid