O‘zbekiston | 19:00 / 14.10.2020
7210
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand davlat tibbiyot instituti va AQShning yetakchi universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Bugungi kunda Tibbiy ta'lim xalqaro federatsiyasi va dunyo mehnat bozori talablariga javob beradigan yuqori malakali tibbiyot xodimlarini tayyorlash tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Bu sohada malakali xodimlarni tayyorlash borasida AQSh, Yevropa davlatlari, Yaponiya, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan davlatlar tajribasi e'tiborga molik. 

Samarqand davlat tibbiyot institutida tibbiy ta'lim sifati va samarasini xalqaro standartlar talablari darajasiga olib chiqish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Kecha, 13 oktabr kuni Samarqand davlat tibbiyot institutida Pitsburg universiteti (AQSh) bilan o‘tkazilgan onlayn videokonferensiya ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Pitsburg universiteti AQShning fan va ta'lim yuqori darajada rivojlangan shtatlaridan biri – Pensilvaniyaning eng yirik universiteti hisoblanib, uning tarkibida tibbiyot va biologiya sohasida ta'lim va tadqiqot yurituvchi va bu sohada ulkan tajribalarga ega yirik maktablar mavjud.

O‘tkazilgan onlayn konferensiyaning asosiy maqsadi Pitsburg universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzolash hamda o‘rnatilgan hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishdan iborat.

Pitsburg universiteti tomonidan ishtirok etgan professor Margaret MakDonald, professor Maykl Elniki va professor Salim Xan Samarqand davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga katta qiziqish bildirdilar. Muzokaralar yakunida ikkala oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Shu bilan bir qatorda Samarqand davlat tibbiyot institutida Amerika qo‘shma shtatlarining vrachlar tayyorlash dasturlari Pitsburg universitetining yetakchi mutaxassislari yordamida o‘quv jarayoniga tatbiq etilishi kelishib olindi. Ushbu amaliyot joriy o‘quv yilida institutga qabul qilinayotgan 500 nafar xorijiy fuqarolarning ta'lim jarayonida ham qo‘llaniladi. Bu o‘z navbatida, kelgusida xorijiy fuqarolarni institutga yanada ko‘proq jalb etishga yordam beradi.

Ilmiy ishlar sohasida Samarqand davlat tibbiyot instituti va Pitsburg universiteti ilmiy xodimlari hamkorlikda mikrobiologiya va molekulyar genetika sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib borish va AQShning Milliy salomatlik instituti tomonidan moliyalashtiriladigan xalqaro qo‘shma loyihalar tanlovlarida ishtirok etishi belgilab olindi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

Mavzuga oid