O‘zbekiston | 16:00 / 16.10.2020
13099
8 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev yetti davlat elchilarini qabul qildi

Bugun «Ko‘ksaroy» qarorgohida xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari, Eron Islom Respublikasi, Ukraina, Italiya Respublikasi, Isroil Davlati, Pokiston Islom Respublikasi va Hindiston Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchilari Said al-Qamziy, Hamid Nayrobodiy, Nikolay Doroshenko, Agostino Pinna, Zexavit Ben Xillel, Said Ali Asad G‘iloniy va Manish Prabxatdan yorliqlarni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari elchilarni O‘zbekistondagi diplomatik faoliyatini boshlagani bilan samimiy tabriklab, ularga ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi sharafli va mas'uliyatli vazifada katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezidentimiz o‘z nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, shu jumladan, koronavirus infeksiyasi global miqyosda tarqalishining oqibatlarini yengib o‘tish bo‘yicha ko‘rilayotgan inqirozga qarshi choralar dasturiga alohida to‘xtaldi.

O‘zbekiston o‘zaro ishonch va hurmat, teng huquqlilik va manfaatlarni hisobga olish, ochiqlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillari asosida konstruktiv va pragmatik tashqi siyosatni olib borishda qat'iy ekani qayd etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Yevropa mamlakatlari, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlari bilan ko‘p qirrali aloqalar va sheriklikni mustahkamlash ustuvor yo‘nalish ekani ta'kidlandi.

Ayni paytda iqtisodiy diplomatiyani ilgari surish – savdo va investitsiyalar, yuqori texnologiyalar va innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, bank-moliya kabi muhim yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga katta e'tibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasidagi izchil va sermahsul hamkorlik mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi elchilar vakillik qilayotgan davlatlar rahbarlariga Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh organlaridan biri – Inson huquqlari bo‘yicha kengashda mamlakatimiz a'zoligini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tarixiy voqea yurtimizda huquqni himoya qilish sohasida erishilgan muvaffaqiyatlarning xalqaro miqyosdagi keng e'tirofidir.

Tadbirda davlatimiz rahbari diplomatlarga murojaat qilar ekan, tegishli xorijiy sheriklar bilan ikki tomonlama aloqalarning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollarini qayd etdi.

Xususan, mamlakatimizning Birlashgan Arab Amirliklari bilan an'anaviy do‘stona va yaqin munosabatlari oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli prinsipial jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilgani ta'kidlandi.

Bugungi kunda Masdar, Mubadala, DP World kompaniyalari, Abu-Dabi taraqqiyot fondi va boshqalar ishtirokida umumiy qiymati 4 milliard dollarlik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish faol pallaga kirdi. Ular muqobil energetika, infratuzilma, kimyo tarmog‘i, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika sohalarini qamrab olgan.

Davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish sohasida dasturlar hamda Orolbo‘yida ijtimoiy ahamiyatli loyihalar bajarilmoqda.

O‘zbekiston Eron bilan hamkorlikdagi katta salohiyatni ro‘yobga chiqarishdan manfaatdor ekani bildirildi.

Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni kengaytirishga katta e'tibor qaratayotgani ta'kidlandi.

Tovar ayirboshlashni oshirish uchun qulay sharoitlar yaratish, sanoat va qishloq xo‘jaligida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, Eron bandargohlari orqali yuk tashishlarni tashkil etish masalalari ayniqsa dolzarbdir. Bundan tashqari, xavfsizlik sohasida muntazam muloqot olib borilmoqda.

Ukraina mamlakatimizning an'anaviy hamkoridir. Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda ikki tomonlama munosabatlarda faollashuv kuzatilayotganini ta'kidladi. Tovar ayirboshlash hajmi ortmoqda, muhim iqtisodiy va gumanitar dasturlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, eksport-import, mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va agrar tarmoqlarda, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalarida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari mavjud.

Ulkan iqtisodiy va madaniy salohiyatga ega Italiya mamlakatimizning Yevropa Ittifoqidagi asosiy sheriklaridan biri.

Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, ikki tomonlama munosabatlar va ko‘p tomonlama hamkorlikni, shu jumladan “Italiya - Markaziy Osiyo” vazirlar uchrashuvlari formatida va xalqaro tashkilotlar doirasida mustahkamlab borish zarur.

Savdo-iqtisodiy yo‘nalishda Italiyaning yetakchi kompaniyalari bilan metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari tarmog‘i va boshqa sohalarda muhim kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, umumiy qiymati qariyb 5 milliard dollarlik istiqbolli qo‘shma loyihalar portfeli tayyorlanmoqda.

Gumanitar sohada oliy ta'lim va madaniy almashinuv borasida muhim dasturlar ilgari surilmoqda.

O‘zbekiston va Isroilni an'anaviy sheriklik munosabatlari yaqindan bog‘lab turadi. Konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va ilmiy-texnik aloqalarni faollashtirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Yuqori texnologiyalar, energiya va resurslarni tejovchi yechimlarni joriy etish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va tibbiyot, ta'lim, turizm sohalarida kooperatsiyani kuchaytirish taklif etildi.

Oliy darajadagi uchrashuvlar hamda siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam o‘tkazish, ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyatini boshlash ushbu maqsadlarga xizmat qiladi.

O‘zbekistonning Pokiston bilan ko‘p qirrali hamkorligi izchil rivojlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatlarimiz xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham faol hamkorlik qilmoqda.

O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi yaqinda Islomobod shahriga amalga oshirgan tashrifining samarali natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro kelishuvlarga muvofiq ikki tomonlama savdo hajmini oshirish borasida, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi, to‘qimachilik va charm sanoatida yangi imkoniyatlar o‘rganilmoqda.

Markaziy va Janubiy Osiyoni samarali bog‘laydigan transport va tranzit bo‘yicha muhim infratuzilma loyihalari tayyorlanmoqda.

Prezidentimiz oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli keyingi yillarda O‘zbekiston-Hindiston munosabatlarida erishilgan darajani mamnuniyat bilan qayd etdi.

O‘tgan yili Samarqandda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlarining birinchi uchrashuvi muvaffaqiyatli o‘tdi.

Pandemiyaga qaramay, tovar ayirboshlash ko‘paymoqda, hududlar va tadbirkorlar darajasidagi jadal almashinuvlar davom etyapti, birgalikdagi sa'y-harakatlar bilan, Hindiston investitsiyalarini jalb etgan holda, ta'lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot va farmatsevtika sohalaridagi ustuvor loyihalar ilgari surilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z nutqini yakunlar ekan, yangi tayinlangan elchilar o‘zlarining faol va sermahsul faoliyati bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishlariga ishonch bildirdi.

Suhbat chog‘ida elchilar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etib, O‘zbekiston bilan sheriklikda sifatli yangilanishga erishish hamda munosabatlar kun tartibini yangi va aniq mazmun bilan boyitishga bor kuch-g‘ayratini safarbar qilishini qayd etdilar.

 

Mavzuga oid