O‘zbekiston | 20:26 / 19.10.2020
22293
6 daqiqa o‘qiladi

2021 yilga mo‘ljallangan davlat budjeti parametrlari muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2021 yilga mo‘ljallangan davlat budjeti parametrlari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

«Koronavirus pandemiyasi ko‘pgina rejalarga jiddiy ta'sir ko‘rsatdi. Lekin qabul qilingan qarorlar va o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar natijasida joriy yilgi budjet parametlari ijrosi ta'minlanmoqda. Bu esa pandemiya oqibatlarini bartaraf etishga 13,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirishga imkon berdi.

Davlatimiz rahbari kelgusi yilgi budjetni rejalashtirishda pandemiyaning davom etishi, jahondagi iqtisodiy faollik pasayishini inobatga olish kerakligini ta'kidladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda makroiqtisodiy barqarorlik va belgilangan budjet tushumlarini to‘liq ta'minlash chora-tadbirlari muhokama qilingan. Buning uchun 2021 yili iqtisodiyotda kamida 5,1 foiz, jumladan, sanoatda 5,8 foiz, xizmatlar va qurilishda 6,5 foizdan o‘sishga erishish kerak bo‘ladi. Inflatsiya darajasi va budjet defitsitini prognoz ko‘rsatkichlaridan oshirmaslik ham muhim hisoblanadi.

Mutasaddilarga ushbu vazifalar bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda 600 ming ish o‘rnini legallashtirish, 53ta idoraning ma'lumotlar bazasini integratsiya qilish, markirovka qo‘llanadigan mahsulotlar turini kengaytirish hisobiga budjetga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish mumkinligi aytib o‘tildi.

Yirik korxonalarda ishlab chiqarishni ko‘paytirish ham rejalashtirilmoqda. Misol uchun, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojini to‘liq qoplash hamda hisob-kitobni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali aksiz solig‘idan qo‘shimcha 500 milliard so‘m mablag‘ tushirish imkoni mavjud. Shu bilan birga, elektr energiyasi bilan ichki bozordagi ehtiyojni uzluksiz ta'minlash hisobiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan qo‘shimcha 250 milliard so‘m budjetga daromad tushishi kutilmoqda.

Energetika vazirligiga shu bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Transport vazirligiga keyingi yili qatnovlarni tiklash, yangi marshrutlarni ochish hisobiga budjetga tushumlarni 2019 yildagi ko‘rsatkichlarga yetkazish vazifasi qo‘yilgan.

Pandemiya sharoitida ijtimoiy sohaga ajratiladigan xarajatlar joriy yilga nisbatan kamida 15 foizga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Jumladan, keyingi yilda maktabgacha ta'lim qamrovi darajasini 70 foizga, bunda xususiy sektor ulushini 25 foizga yetkazish maqsad qilingan. Xalq ta'lim vazirligiga budjetdan ajratmalar 16 foizga oshiriladi. Maktablarni tezkor internetga ulash bo‘yicha birinchi marta budjetdan 100 milliard so‘m, jihozlashga 200 milliard so‘m yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ilm-fanni rivojlantirish konsepsiyasi doirasida kelgusi yili innovatsion rivojlantirish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga budjetdan 2 baravar ko‘p mablag‘ yoki 100 milliard so‘m ajratiladi.

Sog‘liqni saqlash sohasiga qariyb 20 trillion so‘m, shundan koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun 3 trillion so‘m hamda dori-darmon xaridiga 1,8 trillion so‘m belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Ilk bora onkogematologiyaga qariyb 90 milliard so‘m ajratilmoqda. Shuningdek, tamaki savdosidan olingan aksiz solig‘ining 7 foizi Onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sog‘lomlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasiga o‘tkazib beriladi. Shu bilan birga, kelgusi yilda birinchi marta gemodializga muhtoj kasallarga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini 100 foizga yetkazish uchun 130 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda aholi bandligini ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Kambag‘allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy nafaqa oluvchi muhtoj oilalar soni joriy yil boshiga nisbatan 2 baravarga oshirilishi belgilandi. Kelgusi yil 1 yanvardan yagona ijtimoiy reyestrni barcha hududlarda ishga tushirib, ijtimoiy nafaqalar ajratish tizimini to‘liq avtomatlashtirish zarurligi qayd etildi.

Tadbirkorlik dasturlari doirasida 3 trillion so‘mdan ortiq subsidiyalar berilishi mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi hamda Jamoat ishlari jamg‘armasiga 250 milliard so‘mdan mablag‘ yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Yangi ish o‘rinlari ochish va aholini tadbirkorlikka jalb qilish hisobiga kam ta'minlanganlar sonini qisqartirish zarurligi ta'kidlandi.

Qayd etilishicha, kelgusi yili chin yetim bolalarni uy-joy bilan ta'minlash uchun budjetdan birinchi marta 30 milliard so‘m ajratilishi belgilangan. Mutasaddilarga bu borada yangi tartib va ro‘yxatlar ishlab chiqish topshirildi.

Budjetni shakllantirishda mahalliy kengashlar vakolatlarini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi. Hududlar o‘zi uchun qo‘shimcha rezervlarni aniqlashi, ularning hisobiga joylardagi muammolarni hal qilishga o‘rganishlari maqsadga muvofiqligi aytib o‘tildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev budjet xarajatlari ochiq-oshkora bo‘lishi, vazirlik va idoralar, hududlar uning har bir so‘mini oqilona sarflashi kerakligini ta'kidladi.

«Yana bir muhim masala – moliyaviy intizom va nazoratni kuchaytirish. Moliya vazirligiga tashkilotlarda ichki audit tizimini mustahkamlash, noqonuniy xarajatlar va kamomadlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bundan buyon xarajatlar tarkibi va natijadorligi davlat idoralarining rasmiy saytlarida e'lon qilish tartibi joriy qilinadi va bunga amal qilmagan rahbarlarga jarima qo‘llaniladi. Buni Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlar nazorat qiladi», deyiladi xabarda.

Bosh vazir o‘rinbosarlariga keyingi yil uchun markazlashgan, xorijiy va xususiy investitsiya dasturlarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda mutasaddilar joriy yil yakunigacha va kelgusi yilda budjet ko‘rsatkichlarini ta'minlash bo‘yicha mavjud xavf-xatarlar va ularni bartaraf etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Mavzuga oid