O‘zbekiston | 20:49 / 19.10.2020
49108
5 daqiqa o‘qiladi

Bozorda go‘sht narxi rasman - 60 ming so‘m, ammo rasta osti savdolar boshlangan

18 oktyabrdan boshlab, bozor va savdo rastalarida go‘sht narxi 60 ming so‘mgacha narxlanmoqda. Ammo lahm va sara go‘sht turlari savdoda yo‘q, shuningdek, ayrim nuqtalarda rasta ostidan savdo qilish boshlangan.

Ayni paytda prokuratura organlari xodimlari hamda tuman sektor rahbarlari bozordagi narx-navoni barqarorlashtirish maqsadida faol o‘rganishlar boshlangani xabar qilinmoqda.

16 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida narx-navo barqarorligini saqlash masalalari atroflicha muhokama qilingandi.

«Bugundan barcha choralarni ko‘rib, amaldagi tizimni o‘zgartirmasak, ertaga qish va bahor oylarida qiyin bo‘ladi. Oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirib, bozordagi narx-navoni arzon qilsak, odamlarni, ayniqsa, kam ta'minlanganlarni rozi qila olamiz», — degan Shavkat Mirziyoyev.

Toshkent shahar prokuraturasining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida shaharning turli nuqtalarida 11 turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosiga ixtisoslashgan 13ta yarmarka tashkil etildi. Shuningdek, aholi yashash joyiga yaqin hududlarda yarmarka filiallari tashkil etilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, yirik savdo tarmoqlari va markaziy dehqon bozor rastasida ham go‘sht narxi 60 ming so‘mgacha belgilangan. Ammo ularda sara va lahm go‘sht sotuvga qo‘yilmagan. Vaholanki, 17 oktyabrga qadar rastalarda 70-85 ming so‘m narx oralig‘ida sara va lahm go‘sht sotilgandi. Bozor va tarmoq ma'muriyatlari mazkur holat yuzasidan rasman izoh bermadi.

Kun.uz muxbirining 19 oktyabrdagi mustaqil kuzatuvi va o‘rganishidan ma'lum bo‘ldiki, yarmarkada xarid hajmi cheklangan. Masalan, bir nafar xaridorga yarmarka narxida ko‘p hajmda mahsulot sotilmayapti. Shuningdek, taklif etilayotgan o‘simlik yog‘i va go‘sht bo‘yicha keng tanlov imkoniyati mavjud emas.

Respublikaning ayrim tuman va shaharlarida go‘sht narxi 60 ming so‘mdan quyida bo‘lgan va ushbu narx hali o‘zgarmagani kuzatildi. Kun.uz muxbirining bildirishicha, Samarqand viloyati Urgut tumani markaziy dehqon bozoridagi savdo do‘konlarida go‘sht narxi o‘rtacha 55 ming so‘m etib belgilangan.

Fermer Izzat Mutalovning Kun.uz’ga bildirishicha, kuz mavsumi boshlanishi bilan Toshkent bozorlarida rasmiylarning narx-navoni o‘rganish vaji bilan o‘tkazgan tadbirlari go‘sht narxi oshishiga qisman ta'sir qildi.

«Bu psixologik effekt yoki bozorning munosabati deyiladi. Ma'lumki, mamlakatimizdagi mol-qo‘yning asosiy qismi aholi xonadonida boqiladi. Chekka hududlarda aholi bo‘sh mablag‘ini mol-qo‘yga tikib, hayvon boqadi va sotadi. Nazorat tadbirlari boshlanganini go‘sht yetkazib beruvchilar salbiy qabul qildi hamda vaziyat barqarorlashguncha mol-qo‘yni so‘ymadi. Oqibatda qisqa muddatda go‘sht taqchilligi kuzatildi va narx oshdi. Demak, davlatning iqtisodiyotga bu ko‘rinishda aralashuviga bozor o‘zicha javob qilishini inobatga olish kerak», — deydi u.

Moliyachi Otabek Bakirov garchi go‘sht narxini nazoratga olish chora-tadbirlari tez orada o‘tib ketishiga umid bog‘lasa-da, o‘tgan muddat o‘z ta'sirini o‘tkazmay qolmasligini aytib o‘tdi: fermerlar, ta'minotchilar, savdo tarmoqlari va qassoblar ayni yo‘qotishlar va kelajakda ham ehtimoliy risklarini go‘sht narxiga qo‘shadi.

Kun.uz bilan suhbatlashgan qassobning bildirishicha, chorva uchun yem narxi oshishi, yer yo‘qligi, naslchilik va bo‘rdoqichilikdagi muammolar, soliq va boshqa to‘lovlarning yuqori stavkada belgilangani go‘sht narxiga ta'sir qiladi.

«Masalan, import o‘simlik yog‘iga QQS bekor qilinishi bilan mahalliy ishlab chiqaruvchiga zarur xomashyodan qo‘shilgan qiymat solig‘i olinishi chorva va parrandachilikda ham aks-sado beryapti. Negaki, yog‘-moy ishlab chiqaruvchilar kungaboqar qoldiqlarini (shrot) chorva va parrandachilik fermalariga sotadi. Ayni paytda shrot narxi oshib ketishi mumkin, buni tovuq go‘shti, tuxum va chorva go‘shtiga bevosita ta'siri bor. Import qilinayotgan shrot narxi ham shunga monand o‘sadi», — deya vaziyatni izohladi qassob.

Go‘sht narxida tebranishlar paydo bo‘lganiga qaramay, tuxum va o‘simlik yog‘i narxi erkin bozorda o‘sib boryapti. Masalan, tuxumning bir donasi poytaxtdagi savdo do‘konlari tarmog‘ida 1650 so‘mgacha, Surxondaryo viloyati Denov tumanida 2 ming so‘mgacha baholangan. Bunga parrandachalik fermalari 1 oktyabrdan buyon QQS imtiyozidan mahrum bo‘lgani va shrot narxi o‘sib ketishi bilan izohlanyapti.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid