Jamiyat | 13:38 / 19.10.2020
5273
3 daqiqa o‘qiladi

Jahon tib olimlari Samarqand konferensiyasida: zamonaviy tibbiyot masalalari muhokama etildi

Foto: Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati

16 oktabr kuni Samarqand davlat tibbiyot institutida «Zamonaviy tibbiyotda fundamental fan» mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya Samarqand davlat tibbiyot institutining 90 yilligiga bag‘ishlandi.

Xalqaro konferensiyada tibbiyot fanining ustuvor yo‘nalishlari, fundamental tibbiyot, innovatsiya va turli ishlanmalarning amaliy sog‘liqni saqlash tizimiga joriy qilinishi muhokama etildi. Shuningdek, tibbiyot oliygohlarida o‘quv jarayoni tashkil qilinishi va ta'lim sifatini ko‘tarish, tibbiyot sohasi mutaxassislarini tayyorlashda SamDTIning hissasi va tutgan o‘rni haqida so‘z yuritildi.

Anjumanni o‘tkazishda O‘zbekiston, AQSh, Rossiya Federatsiyasi, Turkiya, Ukraina, Polsha, Tojikiston va boshqa davlatlarning yetakchi oliy tibbiy ta'lim muassasalari tashkilotchilik qildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilishida Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor J.Rizayev, Rossiya akusher-ginekologlar uyushmasi vitse-prezidenti, RFA akademigi G.Saveleva, Saratov davlat tibbiyot universiteti rektori, professor A.Yeremin, Turkiyaning Sog‘liq bilimlari universiteti rektori, professor J.Erdol, Ijyevsk davlat tibbiyot akademiyasi rektori, professor A.Shklyayev (RF), Oliy biznes maktabi – Lyuis Milliy universiteti rektori, professor Darius Voznyak (Polsha), shuningdek, Ukraina, Tojikiston va mamlakatimizning boshqa tibbiyot oliygohlarining rektorlari so‘zga chiqdi.

Konferensiyaning yalpi majlisida 8 dan ortiq nufuzli oliy o‘quv yurtlarining olimlari ma'ruza qildi. 500 ga yaqin tinglovchilar qatnashdi. Aytish mumkinki, Samarqand davlat tibbiyot institutining Markaziy Osiyo mintaqasining yetakchi tibbiyot oliygohi sifatida shakllanishi hamda zamonaviy tibbiyot yo‘nalishlarining dolzarb masalalari haqida ma'ruzalar eshitildi.

Xalqaro ilmiy-amaliy onlayn konferensiyaning asosiy ishi 4 ta sho‘'ba yig‘ilishlarida davom etdi. Unda respublikamiz va MDH davlatlari tibbiyot sohasining yetakchi olimlari ma'ruza qildi. Zamonaviy xirurgiya, pediatriya, akusherlik va ginekologiya, ichki tibbiyot, nevrologiya, psixiatriya hamda tibbiyotda fundamental fan va tibbiy ta'limning dolzarb masalalari muhokama etildi.

Samarqand davlat tibbiyot institutining yubiley konferensiyasi respublikamizda tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, amaliy sog‘liqni saqlash turli yo‘nalishlariga fundamental ilmu-fan yangiliklarini joriy qilishga bag‘ishlandi. Ishonamizki, bu kabi konferensiyalar mamlakatimiz tibbiyot oliygohlarini dunyoning yetakchi tibbiyot universitetlari va ilmiy markazlari bilan aloqalari mustahkamlanishiga munosib hissa qo‘shadi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti matbuot xizmati

Mavzuga oid