Jahon | 20:34 / 02.11.2020
19748
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada zilziladan uch kun o‘tib xarobalar ostidan ikki bola tirik chiqdi

Turkiyaning Izmir shahrida ro‘y bergan zilziladan qariyb uch kun o‘tganida qutqaruvchilar xarobalar ostidan ikki bolani chiqarib olishdi.

IMM FIRE DEPARTMENT

Dushanba kuni tongda qutqaruvchilar uch yoshli Elif Perinchekni tirik holda topishgan, u uy xarobalari ostida 65 soat davomida qolib ketgan. Rasmiylarning ma'lumotiga ko‘ra, u xarobalar ostidan chiqarib olingan 106-kishi bo‘ldi.

Bundan avvalroq, zilziladan 58 soat vaqt o‘tganida 14 yoshli Idil Sirin tirik holda topilgandi.

Juma kuni Izmirda 6,7 balli zilzila sodir bo‘lgandi. Yer silkinishi kuchi Gretsiyada ham sezilgan, Samos orolida ham vayrongarchiliklar kuzatilgan.

Dushanba kuni tabiiy ofat qurbonlari soni 91 nafarga yetdi.

Turkiya sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Kovja tvitterdagi sahifasida Elif Perinchekning hushi o‘zida ekani, tibbiyot xodimlari unda jiddiy jarohat aniqlashmaganini yozgan. U ko‘p vaqt davomida xarobalar ostida harakatsiz qolgani tufayli ayni vaqtda reanimatsiya xonasiga joylashtirilgan.

Vazir Elifning onasi va uning ikki opasi, 10 yoshli egizaklar sog‘ ekanini qo‘shimcha qilgan. Elifning 7 yoshli akasi esa zilzila vaqtida uy bosib qolishi oqibatida vafot etgan.

Vazir Elifdan bir necha soat oldin topilgan Idil Sirinning hayoti ham xavf ostida emasligini aytib o‘tgan.

Uch yoshli Elif Perinchekni istanbullik o‘t o‘chiruvchi Muammer Chelik topgan. U matbuotga bergan intervyusida aytishicha, qutqaruvchilarni qizning otasi yuborgan.

«Men u karavot va shkaf o‘rtasida qolganini taxmin qildim. U chalqancha yotardi. Men uni quchoqladim va yuzini tozaladim. U qo‘limga yopishib oldi. Yana bir qutqaruvchi bilan birga uni shifokorlarga olib bordik. U yo‘l davomida qo‘llarimni qo‘yib yubormadi. Endi istanbullik o‘t o‘chiruvchilar orasida Elifning akasi bor. U istalgan vaqtida mehmonga borishi mumkin. U bizning mo‘jizamiz», degan qutqaruvchi.

Elifning qutqarilishi aks etgan kadrlar BBC turk xizmatining tvitterdagi sahifasiga joylashtirilgan.

Juma kuni Egey dengizi qirg‘oqlari yaqinida kuchli zilzila ro‘y berdi. Yer silkinishi ortidan mini-sunami yuzaga keldi, natijada Gretsiyaning Samos hamda Turkiyaning Izmir shahrida suv toshdi.

AQSh Geologiya xizmati zilzila magnitudasi 7 ballga teng bo‘lganini ma'lum qilgan, Turkiya hukumati esa uning kuchini 6,7 ballga baholagan.
 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid