Jahon | 09:08 / 04.11.2020
8800
2 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi saylovlarga rekord miqdorda mablag‘ sarflandi

Foto: East News

AQShda 2020 yilgi prezident saylovlari AQSh tarixidagi eng qimmatbaho saylovlarga aylandi. Baholashlarga ko‘ra, respublikachilar va demokratlar joriy saylovlar uchun 14 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ sarflashgan. Bu ko‘rsatkich 2016 yildagi saylovlarga nisbatan 2 marta, 2008 yildagi nisbatan 3 marta ko‘proqni tashkil qiladi.

Federal saylov komissiyasi rahbari Ellen Vayntraubning ta'kidlashicha, bu summaga prezident lavozimiga ilgari surilgan barcha nomzodlar sarflagan mablag‘lar kiradi. 

Komissiya ma'lumotlariga ko‘ra, Oq uy rahbari lavozimiga nomzodlar 3,7 mlrd dollar miqdorida rekord mablag‘ yig‘a olishgan va undan 3,5 mlrd dollarini sarflashgan.

29 oktabr holatiga ko‘ra, demokratlar nomzodi Jo Bayden 952 mln dollar, respublikachilar nomzodi - amaldagi prezident Donald Tramp esa 601 mln dollar jalb qila olgan. Taqqoslash uchun shuni aytish mumkinki, 2016 yilgi prezident saylovlarida demokratlar nomzodi bo‘lgan Xillari Klinton 586 mln dollargina yig‘a olgandi.

Joriy saylov kampaniyasida barcha nomzodlar uchun kichik xayriyalar muhim ahamiyat kasb etgan. AQShda jismoniy shaxs prezident lavozimiga nomzod qo‘llab-quvvatloviga yubora oladigan maksimal summa 2800 dollarni tashkil qiladi. Nomzodlarga xorijiy manbalardan mablag‘lar olish taqiqlangan. Saylovoldi kampaniyasi vaqtida barcha nomzodlar yig‘gan 3,7 mlrd dollardan uchdan bir qismini 200 dollargacha qiymatdagi xayriyalar tashkil qilgan. 

“Bu haqiqatan noodatiy holatdir: shunchalik ko‘p odam unga o‘z nomzodi yoqqani yoki boshqa nomzod yoqmagani sababli kichik summalar xayriya qilgan va buni aksariyat holatlarda bir necha marta amalga oshirgan”, deb ta'kidlab o‘tgan Federal saylov komissiyasi rahbari.

Mavzuga oid