Jahon | 18:13 / 04.11.2020
4550
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada Facebook, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlar jarimaga tortildi

Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarni tartibga solish to‘g‘risidagi yangi qonun kuchga kirgach, Facebook, Twitter, Instagram, Periscope, Youtube va TikTok kabi kompaniyalarga yirik jarimalar solindi.

Foto: Shutterstock

Turkiya transport va infratuzilma vaziri o‘rinbosari O‘mer Fotih Sayanning ma'lum qilishicha, belgilangan muddatda o‘z mahalliy vakillarini ma'lum qilmaganligi uchun har bir ijtimoiy tarmoq 10 million liradan (1 mln yevro) jarimaga tortilgan.   

Turkiya parlamenti iyul oxirida ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazoratni kuchaytiradigan qonunni qabul qilgandi. Unga ko‘ra, Turkiyada kuniga 1 milliondan ortiq foydalanuvchi kiradigan ijtimoiy tarmoq mahalliy filialini ochishi va Turkiya fuqaroligiga ega vakilini tayinlashi kerak. Agarda ushbu talab bajarilmasa, ijtimoiy tarmoqlarning trafigi sud tomonidan 95 foizga cheklanishi mumkin.

Shuningdek, qonun kontentni o‘chirib tashlash yoki bloklash bo‘yicha so‘rovga 48 soat ichida javob qaytarish majburiyatini yuklaydi.

Ushbu qonun qabul qilinishiga Turkiya moliya vaziri hamda prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning kuyovi Berat Albayrak Twitter tarmog‘ida to‘rtinchi farzandi tug‘ilgani to‘g‘risidagi xabarni joylashtirgach, ushbu xabar ostida ko‘plab salbiy izohlar qoldirilgani sabab bo‘lgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiyada Facebook foydalanuvchilari soni 37 mln, Twitter foydalanuvchilari soni esa 16 mln kishidan ortiq.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid