O‘zbekiston | 17:07 / 07.11.2020
6081
4 daqiqa o‘qiladi

«Isrofgarchilik juda katta bo‘lgan joylarda cheklov bo‘lyapti» – «Hududgazta'minot» mas'uli gaz yetkazib berishdagi cheklovlar haqida

Energetika tizimi va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari bo‘yicha tashkil etilgan matbuot anjumanida «Hududgazta'minot» AJ boshqaruv raisi Bahodir Eshmurodov kafolatlanmagan gaz ta'minoti haqidagi savolga javob qaytardi.

«Tabiiy gaz birinchi navbatda kimga yetkazib berilishi belgilab berilgan. Vazirlar Mahkamasining 22-qarorini ochib ko‘radigan bo‘lsak, birinchi navbatda bu aholi va ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan iste'molchilar, keyingisi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan iste'molchilar. Undan keyin turli ishlab chiqarish yoki boshqa ehtiyojlar uchun tabiiy gaz ishlatadigan iste'molchilar belgilangan.

Mazkur har bir iste'molchi bilan shartnoma qilish vaqtida gaz yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan mana shu shartlar aytiladi: ya'ni biz sizga sovuq tushgan vaqtda yoki aholi ehtiyoji oshgan mahalda, yoki avariyaviy ishlar amalga oshirilganida cheklash kiritamiz, rozimisiz? degan savol bor. Mazkur savolga iste'molchi tomonidan rozilik berilganidan keyingina shartnoma imzolanadi va shartnomaning har bir bandida bu narsa berilgan. Bu birinchi tomoni.

Ikkinchi tomondan, juda ko‘p munozaralarga sabab bo‘lgan savol. Dunyoning istalgan davlatiga borib ko‘radigan bo‘lsak, ovqat pishirilishi uchun ozroq vaqt kutish kerak. Buyurtma berilganidan keyin yengil ovqatlar olib kelib beriladi, ozroq kutish kerak bo‘ladi. Nima uchun? Borib, qaynatib, olib kelib beradi. Bizda aksariyat joylarda katta kastryulkalar, choynaklar, samovarlar qaynab yotadi. Bu narsa 18-20 soatlab qaynab yotibdiku. Tibbiyotda olib qaraydigan bo‘lsak, suvni qayta qaynatish ham ziyon. Ikki marta qaynatish ham ziyon.

Biz isitish tizimiga cheklov kiritayotganimiz yo‘q. Marhamat, isiting deyapmiz. Yoki bo‘lmasa, gaz plitasiga cheklov kiritayotganimiz yo‘q. Cheklov asosan o‘choq bilan bog‘liq narsalarga bo‘lyapti. Somsa yoki boshqa narsalar pishirishyapti. Oqilona foydalanish darajasi past bo‘lgan, isrofgarchilik juda katta bo‘lgan joylarda cheklov bo‘lyapti.

Yana bir narsa, umumiy ovqatlanish joylari ko‘p joyda suyultirilgan gazdan foydalanadi, ko‘p davlatlarda suyultirilgan gazdan foydalanadi. Bu holat ham bor. Shuning uchun kafolatlanganligi birinchi navbatda yuqorida aytib o‘tilganidek qaror bilan belgilanganligi. Ikkinchisi, shartnomada yozilgan va iste'molchi cheklovlar kiritilganida muqobil yoqilg‘i – o‘tin, ko‘mir, suyultirilgan gazdan foydalanadi», – deya Bahodir Eshmurodovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan avvalroq Kun.uz saytida Energetika vazirining buyrug‘i bilan bir necha turdagi tadbirkorlik faoliyatiga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi cheklanishi, ayrimlariga gaz yetkazib berish umuman to‘xtatilishi va ulgurji iste'molchilar «sanoat kollektori»ga o‘tkazilishi, cheklov bo‘yicha ogohlantirish xati restoran va kafe biznesi egalariga ham kelayotgani haqida xabar berilgandi.

Mavzuga oid