Qarshida iqtisodiy-moliyaviy va yuridik maslahatlar berish klinikasi ochildi
Qarshi shahrida Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikasi ochildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni ushbu muassasani borib ko‘rdi.
Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va raqobatni rivojlantirish – sifat, unumdorlik va taraqqiyotning muhim omili. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 27 oktyabr kuni qabul qilingan «Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni shu maqsadga qaratilgan.
Ushbu masala bo‘yicha 28 oktyabr kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari bu borada aholiga batafsil ma'lumot beradigan maslahat klinikalari hamda koll-markaz tashkil etish zarurligini ta'kidlagan edi. Shunga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarda Korxonalarni sog‘lomlashtirish va xususiylashtirish klinikalari ochildi. Shuningdek, kunu tun ishlaydigan 1082 raqamli koll-markaz yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur klinikalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va uning hududiy organlari tomonidan boshqariladi. Ularning faoliyatida Savdo-sanoat palatasi, Bosh vazir qabulxonasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining hududiy boshqarmalari va hokimlik vakillari doimiy ishtirok etadi. Bundan tashqari, so‘rovga asosan boshqa vazirlik va idoralar, tijorat banklari xodimlari ham jalb etilishi mumkin.
Qarshi shahridagi bunday klinikada iqtisodiy-moliyaviy va yuridik maslahatlar berish, informatsion xizmatlar ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Malakali mutaxassislar biriktirilib, infokiosklar o‘rnatilgan. Bu yerda xususiylashtirishga qo‘yilgan obektlar, ularning manzili, holati, sohadagi tartib-qoidalar haqida batafsil ma'lumot olish mumkin. Hamma xizmatlar bepul.
Klinika binosida Qashqadaryodagi yirik korxonalar va tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning doimiy ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan. Majlislar zali, muzokara xonalari, eksportchilar uyushmasi va o‘quv markazlari joylashtirilgan.
- Xususiylashtirish - qo‘shimcha qiymat va ishchi joylar yaratadigan muhim masala. Har bir obektning egasini topib, ishni yo‘lga qo‘yib yuborish kerak. Bu esa tadbirkorga imkoniyat, mahalliy budjetga tushum, - dedi davlat rahbari.
Shu yerda tumanlarni rivojlantirishning «o‘sish nuqtalari» bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Masalan, 2015 yilda Nishon tumani mahalliy budjetida umuman mablag‘ qolmas edi. Hokimlarga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish va ishlatish imkoniyati berilgach, ushbu hudud iqtisodiyoti ham rivojlana boshladi. Joriy yilning 9 oyida Nishon tumani budjetiga 6 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushdi. To‘rtinchi chorakda yana 4 milliard bo‘lishi kutilmoqda.
Prezidentimiz shu tizimda ishlarni davom ettirib, har bir hududning «o‘sish nuqtalari»ni ishga solib, qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan ijtimoiy muammolarni hal qilish, uylar, yo‘llar qurish, kam ta'minlangan oilalarga ko‘maklashish zarurligini ta'kidladi.
Mavzuga oid
20:11 / 20.07.2024
Qarshi aeroporti yaqinida yong‘in sodir bo‘ldi
07:43 / 27.04.2024
O‘zganing sir saqlanishi lozim bo‘lgan videolarini tarqatmaslik evaziga pul talab qilgan ayol ushlandi
22:32 / 20.04.2024
Qarshida DAMAS avtomobilida 25 nafar bolani tashigan haydovchi aniqlandi
23:02 / 16.04.2024