Qozog‘istonda hashamat uchun soliq joriy etish taklif qilindi
Gap qimmatbaho tovarlarga, masalan, yaxta, samolyot, hashamatli ko‘chmas mulk, qimmatbaho mashina va zargarlik buyumlariga soliq solish to‘g‘risida ketmoqda.
Qozog‘iston Senati deputati Marat Baxtiyoro‘g‘li yalpi majlisda hashamat uchun soliq joriy etish taklifi bilan chiqdi, deb xabar bermoqda Zakon.kz.
Senatorning fikriga ko‘ra, boy qozog‘istonliklar xalq oldida ijtimoiy mas'uliyatni o‘z zimmalariga olishlari va o‘zlarining boyliklarini mamlakat rivojiga yo‘naltirishlari kerak.
«Bugungi kunda hashamat uchun maxsus soliqni joriy etish juda dolzarb masaladir. 30 yillik mustaqillik davrida biz mamlakatda boy va kambag‘al aholi guruhlari o‘rtasidagi farq sezilarli darajada oshganiga guvoh bo‘ldik. Bu yerda gap qimmatbaho tovarlarga, masalan, yaxta, samolyot, hashamatli ko‘chmas mulk, qimmatbaho mashina va zargarlik buyumlariga soliq solish to‘g‘risida ketmoqda. Menimcha, hashamat uchun soliq joriy etish Qozog‘istonda adolatli soliq solish tizimini yaratishi mumkin. Shu munosabat bilan savol tug‘iladi: bu masala bo‘yicha sizning pozitsiyangizni bilmoqchiman, kelajakda hashamat uchun soliq miqdorini oshirishni rejalashtiryapsizmi?» – deya Milliy iqtisodiyot vaziriga savol bilan murojaat qilgan senator.
Savolga javob berar ekan, Milliy iqtisodiyot vaziri Ruslan Dalenov idora hashamat uchun soliq masalasini ko‘rib chiqqani, uni joriy etish rejalari mavjudligini ta'kidladi.
«Soliq solishda hozir adolatli prinsiplar ko‘zda tutilgan va hashamat uchun soliq eng samarali usullardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda shaxsiy daromad solig‘i stavkasi 10 foizni tashkil etadi. Ya'ni, kam daromadli kishilar uchun past soliq stavkalari qo‘llaniladi. Bu yerda transport, mol-mulk solig‘i uchun differensial usul qo‘llaniladi, katta farq mavjud. Agar mulkning qiymati yuqori bo‘lsa, unda tabiiy ravishda (soliq) katta bo‘ladi. Transport uchun soliqda ham shunday farq bor, u 8000 ming tengedan 600 ming tengegacha. Shuningdek, alkogol, tamaki, aksizlardan qo‘shimcha soliqlar olinadi», – deya tushuntirdi vazir.
Mavzuga oid
09:40 / 12.11.2024
«Forish» poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston harbiy mashg‘ulotlari boshlandi
20:54 / 11.11.2024
Qozog‘iston bahorda Markaziy Osiyo davlatlaridan 11 milliard kub metr suv oladi
20:06 / 11.11.2024
Qozog‘istonda yana 1 mlrd dollar noqonuniy aktivlar davlatga qaytarildi
17:25 / 11.11.2024