O‘zbekiston | 23:07 / 14.11.2020
16234
4 daqiqa o‘qiladi

«Maktablar ojiz bo‘lgani uchun repetitorlik biznesi gullab-yashnaydi» – Xalqaro press-klub raisi ta'limda inqilob qilish kerakligini aytdi

14 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatida Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda bir necha mavzular qatorida ta'limdagi muammo va kamchiliklar haqida ham so‘z bordi.

Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘jayev o‘qituvchilar bilan muloqot davomida bugungi ta'lim tizimida inqilob qilish payti kelganini aytdi.

«Rahmatli domlamiz Omonulla Madayev “testni farzandi yo‘q odam tuzgan shekilli” deb aytgandilar. Chunki DTM testini olib qarasangiz, maktab dasturiga umuman yaqinlashmaydi. Maqsad - bolani qiynash. Oldin korrupsiya bo‘lgan. Pulini olib o‘qishga kiritavergan.

Lekin bugun olib qaraydigan bo‘lsak, balki testdan voz kechish paytimiz keldi. Chunki u bolalarimizni shokka tushiradi. Bolalarimizdan test yodlovchi odamlar shakllanadi. Bolada bilim paydo bo‘lmaydi.

Yaqinda farzandim aytib beryapti. “Test yechib o‘tiribman, Fransiyaning falon prezidenti nechanchi yilda prezident bo‘lgan degan savol bo‘lyapti”, deydi. Buning O‘zbekistonga nima aloqasi bor? U fransuz tili bo‘yicha oliy o‘quv yurti bo‘lsa, boshqa gap edi. Fransiya xalqi ham bilmaydi, u odam nechanchi yil prezident bo‘lganini. Unday savollarning nima keragi bor?

Ko‘plab savollarda mantiq yo‘q. Bola emas, professor ham u savollarga ba'zida javob bera olmaydi. Keyin testlarimiz juda ko‘p. Qayerdan oladi ular? Yillar davomida maktab darsligi o‘zgarmagan-ku! Bu narsani menimcha, oliy ta'limda inqilob qilib o‘zgartirish kerak.

Bizda repetitorlik biznesi alohida gapiriladi. Maktablar ojiz bo‘lgani uchun repetitorlik biznesi gullab-yashnaydi. Agar maktab kuchli bo‘lganida repetitorga ehtiyoj qolmasdi. Ingliz tilini maktabda 11 yil o‘rganamiz, universitetda 4 yil o‘rganamiz. Ammo inglizcha gaplasha olmaymiz. Yoki boshqa tilda gaplasha olmaymiz. Nimaga? Xususiy kurslarga boring, 3-4 oyda bola ingliz tilida gapirib ketadi. Biz 11-12 yil o‘qitamiz bolani, u eski “Ekkersli” bilan “Bonk” tilida gapiradi. Amerikada ham, Angliyada ham bu tilda hech kim gapirmaydi. Bizda hamma dasturlar eskirgan. Maktabniki ham, oliy o‘quv yurtiniki ham eskirgan. Shuning uchun bularni yangilash kerak», – dedi Sherzodxon Qudratxo‘jayev.

Shuningdek, sessiya davomida Qarshi davlat 1-ixtisoslashtirilgan maktab o‘qituvchisi Nilufar Rahimova ta'lim tizimidagi ayrim kamchiliklar haqida gapirdi. Uning aytishicha, ko‘p o‘quvchilar maktabda olgan bilimini hayotda umuman qo‘llay olmaydi.

«Kecha prezidentimiz bilan uchrashuvdagi suhbatda ham aytildiki, Qashqadaryo viloyatida oliy ta'limga kirish ko‘rsatkichi respublikada 13-o‘rinda turadi. Men oliygohda ona tili va adabiyot sohasini tamomlaganman. Maktabda rusiyzabon o‘quvchilarga davlat tilidan dars beraman. Darsliklarga e'tibor qiladigan bo‘lsak, mavzular orasida uzviylik yo‘q. Abituriyentlardan OTMga kirish paytida mukammal bilimni talab qilishadi. Shunchalik qiyin savollarki, test jarayonidagi har bir savolga javob berish uchun 3 daqiqa vaqt ajratiladi. Lekin o‘sha savollarni hatto tajribali o‘qituvchilar ham buncha qisqa vaqt ichida ishlay olmaydi.

Ochig‘ini aytaman, ko‘p o‘quvchilar maktabda olgan bilimini katta hayotda qo‘llay olmaydi. Biz bundan keyin har bir o‘quvchimiz olgan bilimini hayotda qo‘llay olishiga harakat qilishimiz kerak. Darsliklarimiz o‘quvchini faqat oliy ta'limga kirishga emas, balki katta hayotga tayyorlasin», – dedi u.

Mavzuga oid