Sport | 21:00 / 15.11.2020
3471
3 daqiqa o‘qiladi

Formula-1: Lyuis Hemilton 2020 yilgi mavsumning muddatdan oldin chempioni bo‘ldi

“Mersedes” a'zosi Lyuis Hemilton “Formula-1”ning 2020 yilgi chempioni bo‘ldi va chempionlik unvonlari soni bo‘yicha afsonaviy Mixael Shumaxer rekordini takrorladi. Endilikda britaniyalik poygachi hisobida ham 7 ta chempionlik unvoni bor.

Foto: © REUTERS / Jerome Miron-USA TODAY Spors

Hemilton muddatdan oldin chempion bo‘lishga Turkiya bosqichida erishdi. Unga buning uchun jamoadoshi Valtteri Bottasdan 8 ochko yutishi kerak edi. Poygachi  Istanbulda o‘tgan poygani 6-o‘rindan boshladi, biroq uning davomida yetakchilikni qo‘lga olib, marrani birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Bottas esa jamoadoshidan deyarli bir aylana orqada qolib ketib, 14-o‘rinni egalladi. 

Poygada 2-o‘rinni “Reysing Poynt” poygachisi Serxio Peres, 3-o‘rinni “Ferrari” a'zosi Sebastyan Fettel egalladi.

Shu tariqa Lyuis muddatdan oldin chempion bo‘lish uchun zarur shartni bajarishga muvaffaq bo‘ldi. Ushbu chempionlik britaniyalik sportchi uchun faoliyatidagi yettinchisi bo‘ldi. Bungacha Hemilton 2008, 2014, 2015, 2017, 2018 va 2019 yillarda chempion bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan. Lyuis bu natija evaziga afsonaviy nemis poygachisi, 7 karra jahon chempioni Mixael Shumaxerning rekordini takrorlay oldi. 

“Gapirishga ojizman. Jamoamga katta rahmat. Barcha muxlislarimga shuncha yillar davomida men bilan birga bo‘lganlari uchun rahmat. Va oilamga ham. Bu siz orzu qilgandan ancha, ancha yuqoridir. Sizga biror narsaga erisha olmasligingizni aytadiganlarga quloq solmang. Imkoni yo‘q narsa haqida orzu qiling. Buni ro‘yobga chiqaring. Siz buning uchun astoydil mehnat qilishingiz, o‘z maqsadingiz ortidan borishingiz va hech qachon taslim bo‘lmasligingiz kerak!”, deb aytgan Hemilton.  

“Men bolaligimda Mixaelning g‘alabalarini ko‘rib, bitta, ikkita yoki hattoki uchta unvonni yutish qiyinligini tushunardim. Biroq yettita unvon – bu aql bovar qilmas natijadir va biz, men va jamoam birgalikda erishishimiz mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatlarning cheki yo‘q!” deb qo‘shimcha qilgan chempion.

Avvalroq Hemilton gran-prilardagi g‘alabalar soni bo‘yicha Shumining rekordini yangilagandi. 

Mavzuga oid