Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«U g‘alaba qildi», «men hech narsani tan olmayman». Tramp o‘z mag‘lubiyatini tan olgan va darhol rad etgan ikki tvit
Donald Tramp tvitterda davomli tvitlar qoldirib, avvaliga kuzatuvchilarda saylovda Baydenga mag‘lub bo‘lganini ilk marta tan olgani to‘g‘risida xulosa hosil qildi. Lekin uning keyingi tvitlari prezidentning hamon o‘z g‘alabasiga va ovozlarni hisoblash vaqtida keng ko‘lamli soxtalashtirish bo‘lganiga ishonchi komil ekanini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birgalikda, Tramp bu natija «saylovlardagi soxtakorlik» evaziga bo‘lganini aytgan, lekin u bu gapi uchun biror dalil keltirmagan.
«U shuning uchun g‘alaba qozondiki, saylovlar qalbakilashtirilgandi. Kuzatuvchilar ovozlarni hisoblashda ishtirok etishga qo‘yilmadi. Yolg‘onchi matbuot esa sukut saqlamoqda!» deya yozgan Tramp tvitterida.
U ovoz berish uchun uskunalar va dasturiy ta'minot ishlab chiqaruvchi Dominion Voting Systems xususiy kompaniyasini «obro‘si tushgan» va yaroqsiz uskunalarga ega bo‘lgan kompaniya deb atagan. Tramp bu kompaniya so‘l demokratlarga tegishli ekanini ta'kidlagan va saylov kechasida yuz bergan barcha mexanik nosozliklarni demokratlarning ovozlarni o‘g‘irlashga urinishi deb baholagan.
Dominion Voting Systems kompaniyasi bir necha marta dasturiy ta'minot bilan bog‘liq muammolar haqidagi xabarlarni rad etib bayonot bergan, Amerika saylov komissiyasi vakillari ham tizim a'lo darajada ishlayotganini bildirishgan. Payshanba kuni saylovlar vaqtida kompyuter tizimlari xavfsizligi masalasiga javob beradigan agentlik ham bayonot berdi: «Biror ovoz berish tizimi ovozlarni olib tashlagani, yo‘qotgani yoki o‘zgartirgani bo‘yicha hech qanday dalil yo‘q. Uning ishonchliligini shubha ostida qoldiradigan qandaydir nosozlik ham bo‘lmagan».
Ommaviy axborot vositalarida Tramp amalda mag‘lubiyatini tan olgani to‘g‘risida sarlavhalar paydo bo‘la boshlagach, Tramp yana ikki tvit yozdi. Bu tvitlarida u prezident mag‘lub bo‘lganini tushuna boshladi, degan xulosaga kelgan demokratlar va Amerika nashrlarining umidlarini chippakka chiqardi.
«U faqat yolg‘onchi OAV ko‘z o‘ngida g‘olib. Men hech narsani tan olmayman! Hali barchasi oldinda. Bizni oldinda hali katta yo‘l kutmoqda. Bu soxtalashtirilgan saylovlar edi!» – deya yozdi Tramp.
Uning tvitterida yana bir yozuv paydo bo‘ldi: «Qalbaki saylovlar. Biz g‘alaba qilamiz».
Tramp va uning tarafdorlari saylov natijalari e'lon qilinishi boshlanganidan buyon keng ko‘lamli soxtaliklar haqida gapirib kelishmoqda, ammo bu ayblov uchun arzirli dalil keltirishmagan. Amerikalik sudyalar Tramp shtabining da'volarini rad etishmoqda.
Baydenning Oq uydagi bo‘lajak ma'muriyati rahbari etib tayinlangan Ron Klayn NBC telekanaliga bergan intervyusida Trampning so‘nggi tvitlari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan izoh berdi: «Donald Trampning tvitteri Jo Baydenni prezident qilib qo‘ymaydi va uni prezidentlikdan mahrum eta olmaydi ham. Bu ishni Amerika xalqi qiladi».
Donald Tramp juma kuni Oq uy bog‘ida o‘tkazilgan brifingda ilk bor prezident bo‘lmay qolishi ehtimoli haqida gapirgandi. Pandemiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirar ekan, u saylov yakunlari bo‘yicha shakllantiriladigan keyingi administratsiyaga o‘zi rahbarlik qilmasligi mumkinligini, keyingi administratsiya qanaqa bo‘lishini «vaqt ko‘rsatishi»ni aytgandi: «Ideal holatda biz izolyatsiyaga kirmaymiz. Men kirmayman, hozirgi administratsiya izolyatsiyaga kirmaydi. Kelajakda ham sodir bo‘lmasligiga umid qilaman – keyingi administratsiya qanaqa bo‘lishini kim biladi? O‘ylaymanki, vaqt ko‘rsatadi. Ammo men shuni ayta olaman, hozirgi administratsiya izolyatsiyaga kirmaydi», – degandi Tramp. Bu Donald Tramp prezident bo‘lmasligi ehtimolini tilga olgan birinchi holat edi.
Amaldagi prezident mag‘lubiyatini tan olmagan bo‘lsa-da, Baydenni jahon davlatlari yetakchilari tabriklashmoqda va uning o‘zi ham bo‘lajak ma'muriyati uchun tayinlovlarni amalga oshirmoqda.
Tramp 1992 yildan buyon ikkinchi muddatga saylana olmagan ilk prezident bo‘ldi (18 yil muqaddam prezident Jorj Bush demokrat Bill Klintonga yutqazgandi).
Mavzuga oid
18:49 / 05.01.2026
Bayden AQSh sobiq prezidentlari orasida eng yuqori pensiyani olishi aniqlandi
20:18 / 18.12.2025
Oq uyda Obama va Baydenni mazax qiluvchi lavhalar o‘rnatildi
16:40 / 18.12.2025
«Yevropalik cho‘chqachalar qulashimizdan umid qilgan» - Putin Bayden ma’muriyati va yevropaliklarni urushni boshlashda aybladi
18:10 / 29.11.2025