Jahon | 20:23 / 16.11.2020
9711
2 daqiqa o‘qiladi

Misr birinchi marta Qora dengizga harbiy kemalarini jo‘natdi

15 noyabrda Qora dengizga Misr harbiy-dengiz kuchlarining uchta kemasi Rossiyaning Qora dengiz floti bilan mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun kirdi.      

Foto: facebook.com/istanbulships

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qora dengizga Misrning Oliver Hazard Perry turidagi Alexandria F911 fregati, Gowind sinfidagi El Fateh 971 korveti va Ezzat sinfidagi Ambassador MK III M.FAHMY 686 raketa kateri kirgan. Kemalar ushbu hududda 17 noyabrdan 24 noyabrgacha qoladi. Ta'kidlanishicha, Misr birinchi marta harbiy kemalarini Qora dengizga jo‘natmoqda. 

Bu ikki davlat flotining ushbu hududdagi birinchi qo‘shma mashg‘ulotlari hisoblanadi. Rossiya mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, “Do‘stlik ko‘prigi – 2020” deb nomlangan mashg‘ulotlar xavfsizlik va barqarorlik manfaatlari yo‘lida o‘tkaziladi. Montryo konvensiyasiga ko‘ra, Misr kemalari Qora dengizda 21 kundan ko‘proq qola olmaydi va ularning harakatlari cheklangan ko‘rinishda bo‘ladi.

Mashg‘ulotlar davomida nafaqat Qora dengizda, balki O‘rta yer dengizida xavfsizlikni ta'minlash bo‘yicha manyovrlar mashq qilinadi. Bunda Liviyadagi vaziyat hisobga olinadi.

Rossiya va Misr bir necha yildan beri muntazam ravishda qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazib keladi. Ikki davlat flotlari tarixidagi birinchi qo‘shma mashg‘ulotlar “Do‘stlik ko‘prigi” 2015 yil iyunda O‘rta yer dengizida o‘tkazilgan. 2019 yil noyabrda esa ikki davlat havo hujumiga qarshi mudofaa qo‘shinlarining “Do‘stlik nayzasi – 2019” deb nomlangan mashg‘ulotlari, undan avvalroq esa desant qo‘shinlarining “Do‘stlik himoyachilari – 2019” mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tgan. 

Mavzuga oid