O‘zbekiston | 10:46 / 17.11.2020
3292
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda maktab bitiruvchilari davlat granti uchun ajratilgan kvotaning 50 foizini egalladi - XTV

Umumta'lim maktab bitiruvchilarining OTMga o‘qishga kirish ko‘rsatkichini avvalgi yillar bilan taqqoslaganda yaxshilanib borayotganiga guvoh bo‘lish mumkin, deb yozadi Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, joriy yilda davlat oliy ta'lim muassasalariga qariyb 1,5 mln abituriyent hujjat topshirgan bo‘lsa, shundan 23 foizini (347 ming nafar) maktab bitiruvchilari tashkil qilgan. 

Bildirilishicha, qolganlari akademik litsey va kollej bitiruvchilari hamda eng katta qismi avvalgi yillarning bitiruvchilari bo‘lgan. Ularning ham ko‘pchiligi bir yil davomida repetitorlarga va tayyorlov kurslariga borishgan bo‘lsa-da, maktabning bu yilgi bitiruvchilari natijasi yuqoriroq bo‘ldi.

11-sinf bitiruvchilarining 77 foizi talaba bo‘lish istagini bildirgani ularning o‘tgan yilga nisbatan o‘qishga kirish ishtiyoqi ikki baravarga oshganini ko‘rsatmoqda, bu ko‘rsatkich avvalgi yilga nisbatan 174 ming nafarga yoki 16 foizga ko‘p, deyiladi ma'lumotda.

Maktab bitiruvchilari abituriyentlarning atigi 23 foizini tashkil qilgan bo‘lsa-da, oliy ta'lim muassasalari uchun ajratilgan jami kvotaning 34 foizini (47,9 ming), davlat granti uchun ajratilgan kvotaning 50 foizini (11,8 ming), to‘lov-kontrakt uchun ajratilgan kvotaning 31 foizni (36,1 ming) egallagan. 

“Bu esa maktablarda ota-onalar bilan hamkorlikda o‘quvchilarni oliy ta'limga yo‘naltirish ishlarining samarasiga yaqqol misoldir. Variativ o‘quv rejalarini joriy etilgan sinflarda an'anaviy o‘quv rejada o‘qiydiganlarga qaraganda OTMga kirish ko‘rsatkichi yuqoriroq bo‘lgan”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid